Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2025   |   16 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:33
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
20:56
Bismillah
10 Avgust, 2025, 16 Safar, 1447
Maqolalar

Fitr sadaqasi: kimlar nima uchun va kimlarga, qachon va qancha miqdorda beradi?

01.04.2024   1966   4 min.
Fitr sadaqasi: kimlar nima uchun va kimlarga, qachon va qancha miqdorda beradi?

FITR SADAQASI NIMA UChUN BYeRILADI?

Fitr sadaqasi – ro'zadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqa. U Ramazon oyida behuda gap-so'zlar, qilingan xato va kamchiliklarni yuvish hamda kambag'al, miskinlar, etim va bechoralarning ochliklarini ketkazish maqsadida joriy qilingan.

Imom Vaki' ibn Jarroh rahimahulloh aytadilar: “Fitr sadaqasi – sahv sajdasiga o'xshaydi. Namozning vojib amali tark bo'lganda, sahv sajdasi bilan namoz to'g'rilangandek, fitr sadaqasi ham ro'zaning kamchiliklarini to'ldiradi”.

Hanafiy mazhabida fitr sadaqasi vojib amal hisoblanadi.

 

QAChON BYeRILIShI KYeRAK?

Fitr sadaqasini ramazon hayiti kuni tong otgandan ya'ni bomdod namozining vaqti kirgandan boshlab hayit namoziga chiqishdan oldingi vaqtga qadar berish vojib. Ramazon oyi boshlanishi bilan berilsa ham bo'ladi.

Ammo hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Agarda kishi fitr sadaqasini hayit namozigacha bera olmasa, namozdan keyin beradi, lekin savobi ramazon oyida berganchalik bo'lmaydi, ammo berishi shart. Ya'ni uni berolmay qolgan kishi zimmasida fitr sadaqasini berish vojib bo'lib qolaveradi.

 

KIMLAR BYeRIShI KYeRAK?

Hur, nisob miqdoridagi mulkka ega bo'lgan (fitr sadaqasining nisobida molning o'suvchi bo'lishi e'tiborga olinmaydi) musulmon erkak va ayolning zimmasiga fitr sadaqasini berish vojib bo'ladi. Nisob miqdoridagi mulkka ega kishi balog'atga etmagan bolalari nomidan fitr sadaqasini berishi vojib.

Kishi ayoli va balog'atga etgan farzandlari uchun fitr sadaqasini berishi vojib emas, balki ularning o'zlari berishi maqsadga muvofiq sanaladi. Ammo balog'atga etgan farzandlari va ayoli uchun ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo'ladi.

Hayit kechasi tug'ilgan chaqaloq uchun ham otasi fitr sadaqa berishi vojib bo'ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun esa vojib bo'lmaydi.

 

KIMLARGA BYeRILADI?

Fitr sadaqasi musulmon kambag'al-miskinlarga beriladi. “Fatavoi Hindiya” kitobida keltirilishicha, fitrni berishda eng afzali, avvalo, (kambag'al) aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So'ngra ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so'ngra ularning farzandlari. Tog'a-xolalar va ularning farzandlari so'ng yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo'shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqli hisoblanadi.

 

KIMLARGA BYeRILMAYDI?

Fitr sadaqasi nisob miqdoricha moli bo'lgan boy kishiga, o'zining ota-onasi, bobo-momosiga, o'zining o'g'il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas.

Shuningdek, g'ayridinga, fosiqqa, gunoh va ma'siyatga, shuningdek musulmonlarga zarar keltiradigan har qanday ishlarga sarflaydigan kimsalarga berilmaydi.

Fitr sadaqasini muhtojlarning qo'llariga qiymatini berish joiz. Bu pullar masjid qurilishi, umumiy xayriya ishlari uchun berilishi mumkin emas.

 

RO'ZA TUTMAGANLAR HAM FITR SADAQASINI BYeRADIMI?

Biror uzr sababli ro'za tuta olmaganlar ham o'zlari yoki ular nomidan nafaqa berishi kerak bo'lgan odam fitr sadaqasini berishi kerak.

 

FITR SADAQASI QANChA MIQDORDA BYeRILADI?

2024 yil uchun har bir jon boshiga fitr sadaqasining miqdori:

  • bug'doydan – 14 000 (o'n to'rt ming) so'm;
  • arpadan – 20 000 (yigirma ming) so'm;
  • mayizdan – 110 000 (bir yuz o'n ming) so'm;
  • xurmodan – 180 000 (bir yuz sakson ming) so'm deb belgilandi.

Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.

Eslatma! Fitr sadaqasi qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilangan bo'lib, har bir viloyat o'z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Banu Unayf masjidi — Madinadagi tomsiz tarixiy bino

08.08.2025   13721   1 min.
Banu Unayf masjidi — Madinadagi tomsiz tarixiy bino

   Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha o‘nta muqaddas joylar mavjud. Ulardan biri — Banu Unayf masjidi bo‘lib, u Kubo masjididan janubiy-g‘arbiy tomonga, al-U’sba mahallasiga 500 metrdan yaqinroq bo‘lgan masofada joylashgan. 
 

  IQNA axborot agentligi Saudiya Arabistonining “VAS” agentligiga tayanib xabar berishicha, ushbu tarixiy masjid o‘z nomini Kubo ahli bilan ittifoqchi bo‘lgan Bali qabilasining tarmog‘i — Banu Unayf qabilasi nomi bilan atagan.


   Ba’zi tarixchilar ushbu masjidni ”As-Subh” yoki “Al-Musabbah” nomlari bilan ham bilishadi. Masjid o‘zining asl va sodda me’morchiligi bilan tanilgan: u qora tusli vulqon toshlaridan qurilgan va uning tom qismi yo‘q. Masjid maydoni taxminan 37,5 kvadrat metrni tashkil qiladi.


Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq joylarni saqlash va Saudiya Arabistonidagi “Nigoh – 2030 dasturi” maqsadlariga muvofiq ravishda ushbu masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.


Banu Unayf masjidi madaniy va diniy turizm loyihalariga kiritilgan bo‘lib, Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi uni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Bu esa ziyoratchilarni Madinadagi tarixiy va diniy joylar bilan tanishtirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi sanaladi. 
 

Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov
tayyorladi