Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda ayrim payg‘ambarlarning oilaviy hayoti haqida ma’lumotlar keltirilgan. Ularning ba’zilarining hayoti ibratli saboqlar sifatida ta’kidlangan. Quyida ana shu payg‘ambarlarning oilaviy hayoti haqidagi asosiy ma’lumotlarni keltiramiz:
1. Odam alayhissalom.
Odam alayhissalom va uning jufti Havvo haqida ma’lumot keltirilgan. Ularning jannatda yaratilgani, keyinchalik shaytonning vasvasasi sababli yerga tushirilgani haqida Baqara surasi (35-39-oyatlar) va boshqa suralarda aytiladi.
2. Nuh alayhissalom.
Nuh alayhissalomning iymonsiz oila a’zolari haqida ma’lumotlar bor. Uning o‘g‘li va rafiqasi iymon keltirmagan va shu sababli to‘fonda halok bo‘lishgan. Bu voqea Hud surasi (42-43) va Tahrim surasi (10)da keltirilgan.
3. Ibrohim alayhissalom.
Ibrohim alayhissalomning oilasi, jumladan jufti Sora va Hojar, shuningdek, o‘g‘illari Ismoil va Is'hoq alayhissalomlar haqida ma’lumotlar bor. Alloh ularga o‘g‘il farzand ato qilgani va ularning iymonli oila sifatidagi ibratli hayoti Anbiyo, Sod, Hud va boshqa suralarda yoritilgan.
4. Lut alayhissalom.
Lut alayhissalomning rafiqasi iymon keltirmagan va zolimlar qatorida bo‘lgan. Uning ahvoli No‘h payg‘ambarning rafiqasi kabi Tahrim surasida (10-oyat) zikr qilingan. Qavmining buzuqliklari sababli u yerdan chiqib ketgani haqida Hud va Hijr suralarida kelgan.
5. Ya’qub alayhissalom.
Ya’qub alayhissalomning farzandlari haqida ma’lumot bor, jumladan Yusuf alayhissalom va uning aka-ukalari bilan bo‘lgan voqea. Yusuf surasida (4-18) Ya’qub alayhissalomning farzandlariga bo‘lgan mehr-muhabbati va ularning Yusuf alayhissalomga qilgan xiyonatlari haqida ma’lumotlar kelgan.
6. Yusuf alayhissalom.
Yusuf alayhissalomning yoshligidagi qiyinchiliklar, uning Usvon sultonligidagi holati, Zulayho bilan bog‘liq sinovlari va otasi Ya’qub alayhissalomga bo‘lgan muhabbati haqida ma’lumotlar Yusuf surasida (22-100) bayon etilgan.
7. Ayyub alayhissalom.
Ayyub alayhissalom ibodatli va sabrli payg‘ambar sifatida tanilgan. Ayyub alayhissalom og‘ir kasallikka chalinib, uzoq muddat davomida badanini dard egalladi, mol-mulkini yo‘qotdi va bolalari ham vafot etdi. Shunday bo‘lsa-da, u Allohga bo‘lgan iymoni va sabrini saqlab qoldi, Allohdan shikoyat qilmadi va doimo Uni yod etib, duo qildi.
Ayyub alayhissalomning jufti turmush o‘rtog‘ini og‘ir kunlarda tark etmay, barcha sinovlarga sabr bilan sabot qilib, unga yordam bergan. Bu juftlar o‘rtasidagi sadoqat va bir-biriga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashning ibratli namunasidir. Uning juftining bu sabri va muhabbati Alloh tomonidan marhamat bilan baholangan.
8. Shuayb alayhissalom.
Shuayb alayhissalomning qizi Muso alayhissalomga turmushga chiqqani haqida ma’lumot kelgan. Bu voqea Qasas surasida (27-28) zikr qilinadi.
9. Muso alayhissalom.
Muso alayhissalomning Shuayb alayhissalomning qizi bilan turmush qurgani va uning oilaviy hayoti haqida qisqacha ma’lumotlar bor. Qasas surasidagi ushbu ma’lumotlar oila qurishning ibratli misoli sifatida keltirilgan.
10. Dovud va Sulaymon alayhissalomlar.
Dovud va Sulaymon alayhissalomlarning oilasi haqida batafsil ma’lumot yo‘q, lekin ularning ota-bola ekanliklari va farzandlarga odillik, hukmdagi adolat haqida keltirilgan (Anbiyo, Nabiy suralari).
11. Zakaryo alayhissalom.
Zakaryo alayhissalom va uning jufti haqida ma’lumot keltirilgan. Ular qarilik chog‘ida farzand so‘rab duo qilishlari ortidan Yahyo alayhissalom ato qilingani bayon etilgan. Bu voqea Oli Imron (38-41) va Maryam (2-15) suralarida zikr qilingan.
12. Iso alayhissalom.
Iso alayhissalomning onasi Maryam haqida batafsil ma’lumotlar kelgan. Uning Allohning irodasi bilan otasiz tug‘ilgani, Maryamning iymoni va sabri haqida Oli Imron va Maryam suralarida aytilgan.
13. Muhammad sollallohu alayhi vasallam.
Muhammad alayhissalomning turmush o‘rtoqlari, bolalari va nabiralari haqida ma’lumotlar bor. Xadicha, Oisha, Fotima va Hasan, Husayn kabi oila a’zolari bilan bog‘liq hikmatli holatlar turli hadislarda va tarixiy manbalarda yoritilgan.
Bu payg‘ambarlarning oilaviy hayoti bizlarga turli ibrat va nasihatlar olishimiz uchun zikr etilgan va har bir hikoyaning asosiy maqsadi iymon, sabr va oilaviy qadriyatlarning ahamiyatini o‘rgatishdir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan