#xabar
2024 yil 5-6 noyabr kunlari Ozarbayjonda BMTning iqlim o‘zgarishi konferensiyasi (UNFCCC COP29) doirasida “Butunjahon diniy yetakchilar global sammiti” bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli tadbirda dunyoning 300 ga yaqin hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli diniy yetakchilar, olimlar va ekspertlar qatorida yurtimizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov ishtirok etadi.
Safar jarayonlari, sammitda muhokama etilgan mavzular haqidagi so‘nggi ma’lumotlar sayt va ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali yoritib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.
Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati