Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Men Ozarbayjonda sanatoriyada davolanayotgan edim. Juma kuni juma namozini o‘kish uchun masjidga borgan edim. Molikiy mazhabdagilar juma namozini o‘qiyotgan ekan. Shubhalanib qoldim. O‘qigan jumam to‘g‘ri bo‘lganmi?
Javob: Umuman olganda to‘rt mazhabga ergashuvchilar bir-birlariga iqtido qilishlari joizdir. Chunki bu to‘rt mazhab ham Ahli sunna val-jamoaning fiqhiy mazhablari bo‘lib, barchasi haq yo‘ldadir.
Shu sababli bir mazhabdagi kishi boshqa mazhabdagi imomga iqtido qilishi joiz. Lekin agar muqtadiy kishi imomda o‘z mazhabi bo‘yicha namoz va tahoratni buzadigan amalni ko‘rsa, iqtido qilmaydi. Masalan, badandan qon chiqishi hanafiy mazhabiga ko‘ra tahoratni buzadi. Molikiy mazhabida buzilmaydi. Hanafiy mazhabi vakili molikiy imomni qon chiqishiga qaramay namoz o‘qiyotganini aniq bilsa, iqtido qilmaydi. Bilmasa, iqtido qiladi.
Boshqa mazhabdagi imomga iqtido qilish borasidagi dalillarni keltirib, e’tirozlarga javob bergandan so‘ng Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday xulosa qiladilar:
خلاصة الرسالة وزبدة المقالة: يجوز الاقتداء بالشافعي إذا لم يعلم يقينا منه العمل المنافي للصلاة من غير كراهة
“Risolaning xulosasi va gapning qaymog‘i shuki, modomiki, namozga zid bo‘lgan amal imomdan sodir bo‘lgani aniq bilinmasa, shofeiy mazhabidagi kishiga iqtido qilish karohiyatsiz joizdir” (“Majmuatu rasoili Mulla Ali Qori” kitobi).
Shunga ko‘ra, masalan, hanafiy mazhabidagi kishi molikiy mazhabidagi imomning biror a’zosidan qon oqqanini aniq ko‘rmagan bo‘lsa, unga iqtido qilishi joiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Mulla Ali Qoriy:
“E’tiqod qilish lozim bo‘lgan narsalar haqida bahs qilinadi ilm”.
Ahmad ibn Muhammad Miknosiy:
“Yaqiniy – o‘ta ishonchli dalillardan aqiydalarni kasb qiladigan ilm”.
Abdurrohman Iyjiy:
“Hujjatlar keltirish, shubhalarni rad qilish yo‘li bilan aqiydalarni isbot qilishga qodir bo‘ladigan ilm”.
Imom Abu Homid G‘azzoliy:
“Tavhid idrok etiladigan, Alloh subhanahu va taoloning zoti va sifatlari bilinadigan ilm”.
Sharif Jurjoniy:
“Islom qonuni asosida Alloh taoloning zoti va sifatlari haqida hamda boshlanish va qaytarilish kabi mumkinotlar ahvoli haqida bahs qilinadi ilm”.
Ulashing: @AhliSunnaValJamoaUz