Cavol: Til va labni ishlatmasdan Qur’oni karimni o‘qib chiqsa, xatm qilgan hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karimni xatm qilgan bo‘lishi uchun harflarni til bilan talaffuz qilib, kamida o‘zi eshitadigan darajada o‘qigan bo‘lishi kerak. Chunki nutqqa tegishli hukmlarda eng kamida o‘zi eshitishi shartdir. Shunga ko‘ra biror shaxs sajda oyatini ichida, o‘zi eshitmaydigan darajada o‘qisa, tilovat sajdasini qilishi vojib bo‘lmaydi. “Sharhul viqoya” va uning sharhi “Umdatur rivoya” kitobida quyidagilar aytilgan:
وأَدْنَى المخافتةِ إسماعُ نفسِه، هو الصَّحيح وهذا قول أبي جعفر الهندواني - رضي الله عنه - إذ مجرد حركة اللسان لا تسمى قراءة بدون صوت عنده،
“Maxfiylikning eng kami o‘ziga eshittirishdir. Sahih gap ham shu. Bu Abu Ja’far Hinduvoniy roziyallohu anhuning so‘zidir. Chunki tilning o‘zini ovoz chiqarmasdan qimirlatish bu kishining nazdida qiroat hisoblanmaydi”.
Gapira olmaydigan odamlar, agar tilini qimirlata olsa, shunday o‘qiydi. Buni ham qila olmasa, ko‘zning o‘zi bilan, qalbi bilan o‘qiydi. Faqihlarimiz soqov insonning namozi, takbir aytishi, qiroat qilishini bayon qila turib, ularning til bilan takbiri tahrima aytishi shart emas deyishgan. Shunga ko‘ra gapira olmaydigan kimsalar Qur’oni karimni ko‘zi bilan o‘qib, xatm qilaveradilar.
ولا يلزم العاجز عن النطق بها كالأخرس تحريك لسانه وكذا في حق القراءة هو الصحيح لتعذر الواجب
“Soqov kabi gapira olmaydigan odamning tilini qimirlatishi vojib emas. Qiroat qilishidagi hukm ham mana shu va bu gap sahihdir. Chunki u vojib bo‘lgan amalni qila olmaydi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Abdulloh ibn Salomga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga kelganlari xabari yetdi. Shunda u dedi: «Men sendan uch narsa haqida so‘rayman. Ularni nabiydan boshqa bilmaydi. Qiyomatning avvalgi belgisi nima? Jannat ahli avval yeydigan taom nima? Nima sababidan bola otasiga o‘xshaydi? Nimadan bola tog‘alariga o‘xshaydi?» Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hozirgina Jabroil menga ularning xabarini berdi», dedilar. «O‘sha farishtalarning yahudiylarga dushmanidir», dedi Abdulloh. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomatning avvalgi belgisi olov odamlarni mashriqdan mag‘ribga to‘plashi. Jannat ahli yeydigan avvalgi taom baliq jigarining parchasi. Bolaning otasiga o‘xshashi: erkak ayolga yaqinlik qilganda uning suvi o‘zib ketsa, bola unga o‘xshash bo‘ladi. Qachon ayolning suvi o‘zib ketsa, unga o‘xshash bo‘ladi», dedilar. «Albatta, siz Allohning Rasulisiz, deb guvohlik beraman!» dedi. Keyin u: «Yo Allohning Rasuli, yahudiylar bo‘htonchi qavm. Agar ulardan so‘rashingizdan oldin mening Islom(ga kirgan)im haqida bilishsa, huzuringizda menga bo‘hton qilishadi», dedi.
Yahudiylar kelishdi. Abdulloh bir xonaga kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Abdulloh ibn Salom ichingizda qanday odam?» dedilar. «U eng ilmligimizdir, eng ilmligimizning o‘g‘lidir! U eng yaxshimizdir, eng yaxshimizning o‘g‘lidir!» deyishdi. «Aytinglar-chi, agar Abdulloh musulmon bo‘lsa-chi?» dedilar. «Alloh uni bundan saqlasin!» deyishdi. Abdulloh ularning oldiga chiqdi va: «Ashhadu allaa ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan Rasululloh!» dedi. Shunda ular: «U yomonimiz, yomonimizning o‘g‘lidir!» deyishdi va uning haqida yomon so‘zlar aytishdi» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).