Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim taomini yeb bo‘lgach:
الحمدُ للهِ الذي أطعَمَني هذا الطَّعامَ ورَزَقَنيه من غيرِ حولٍ مِنِّي ولا قوةٍ
“Alhamdu lillahillaziy at’amaniy hazat to’ama va rozaqoniyhi min g‘oyri havlin minniy va laa quvvatin” deb aytsa, uning avvalgi gunohlari mag‘firat qilinadi», dedilar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
Ma’nosi: “Bu taomni mening kuch-quvvatimsiz menga taomlantirib, u ila meni rizqlantirgan Allohga hamd bo‘lsin.
2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim yangi kiyim kiyganda
الحمدُ للهِ الَّذي كساني هذا ورزقنيه من غيرِ حوْلٍ منِّي ولا قوَّةٍ
“Alhamdu lillahillaziy kasaniy hazas savba va rozaqoniyhi min g‘oyri havlin minniy va laa quvvatin” desa Alloh uning oldingi gunohlarini kechiradi” (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
Ma’nosi: O‘zgartirmasdan, quvvatimni ketkazmasdan menga rizq bergan va meni kiyintirgan Allohga hamd bo‘lsin.
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki azonni eshitganida:
أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ وَ أَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَ رَسُولُهُ رَضِيتُ بِاللهِ رَبًّا وَ بِالْإِسْلَامِ دِينًا وَ بِمُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ رَسُولًا
“Ashhadu allaa ilaha illallohu vahdahu laa sharika lahu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu. Roziytu billahi Robban va bil Islami diynan va bi Muhammadin sollallohu alayhi vasallama Rasulan” desa gunohlari kechiriladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ma’nosi: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga guvohlik beraman. U yakka-yu yagonadir, uning sherigi yo‘qdir. Muhammad alayhissalom Uning bandasi va rasuli ekaniga ham guvohlik beraman. Allohni Robbim, Islomni esa dinim, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni rasul deb rozi bo‘ldim.
4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta “Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi, yuztaning tamom bo‘lishiga:
لا إلهَ إلاَّ اللَّه وحْدهُ لاَ شَرِيكَ لهُ لَهُ المُلْكُ ولَهُ الحمْدُ وَهُو عَلَى كُلِّ شَيءٍ قَدِيرٌ
“Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’alaa kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklari kabi bo‘lsa ham, mag‘firat qilinadi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
5. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki o‘rniga yotayotganida:
لا إله إلا اللهُ وحده لا شريك له له الملكُ وله الحمدُ وهو على كلِّ شيءٍ قديرٌ لاحولَ ولا قوةَ إلا بالله العليِّ العظيمِ سبحان اللهِ والحمدُ لله ولا إله إلا اللهُ واللهُ أكبرُ
“Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’alaa kulli shayin qodiyr. Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyyil ’aziym. Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar” desa gunohlari dengiz ko‘piklari kabi bo‘lsa ham kechiriladi”, dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).
6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yer yuzida kimda-kim:
لا إلهَ إلَّا اللهُ واللهُ أكبرُ ولا حولَ ولا قوَّةَ إلَّا باللهِ
“Laa ilaha illallohu vallohu akbar va laa havla va laa quvvata illa billah” der ekan, uning barcha gunohlariga kafforat bo‘ladi, garchi gunohlari dengiz ko‘pigidek ko‘p bo‘lsa ham», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
7. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir kunda yuz marta “Subhanallohi va bihamdihi” desa uning xatolari hatto dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham o‘chiriladi», dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
8. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki:
أسْتَغْفِرُ اللهَ العَظِيمَ الَّذِي لاَ إلَهَ إلاَّ هُوَ الحَيُّ القَيُّومُ وَأتُوبُ إلَيهِ
“Astag‘firullohal ’aziymillaziy laa ilaha illa huval hayyul qoyyumu va atubi ilayh” desa urushdan qochgan bo‘lsa ham gunohlari kechiriladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD