Bugun, 5 noyabr kuni Boku shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi konferensiyasi doirasida Butunjahon diniy yetakchilari global sammiti boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov ishtirok etmoqda.
Anjuman Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Dastlab, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning sammit ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrishning videomurojaati namoyish etildi.
“Jahon dinlari yashil sayyora uchun” shiori ostida o‘tkazilayotgan nufuzli tadbirda dunyoning 60 dan ziyod davlatidan 300 nafarga yaqin hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din va davlat arboblari, taniqli diniy yetakchilar, olimlar va ekspertlar qatnashmoqda.
Tadbirning birinchi kuni ishtirokchilar tomonidan global iqlim o‘zgarishining sabab va oqibatlari, tabiatni asrash, ekologik muammolarning oldini olish masalalarini muhokama qilinib, bu borada barcha diniy konfessiyalar vakillari oldida turgan vazifalar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari M.Komilov ma’ruza qilib, mintaqada, xususan mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va biologik xilma-xillikni yanada boyitish yuzasidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar, o‘ziga xos tajribalar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi, unda turli diniy konfessiya va milliy markazlar vakillarining faol ishtiroki, loyiha doirasida har yili yurtimizda 200 million tup daraxt ekilib, yangi yashil hududlar barpo etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Sammit ishtirokchilari tomonidan Yangi O‘zbekistondagi iqlim o‘zgarishining oldini olish borasidagi sa’y-harakatlar, yashil hududlarni ko‘paytirish borasidagi chora-tadbirlar va ilg‘or tashabbuslarni yuqori baholandi.
Konferensiya 6 noyabr kuni ishi o‘z ishini davom ettiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi