Shu yil 6 noyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida "Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mutasaddi vakillari, Fatvo markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy xodimlari, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlangan tadbirni Toshkent islom instituti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Jahongir Ro‘ziyev olib bordi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov tadbirni tabrik so‘zi bilan ochib, keyingi paytda dinimizga oid turli aqidaviy va fiqhiy ixtiloflar yuzaga chiqayotgani, yoshlarni yot g‘oyalardan asrash zarurati, olim va tadqiqotchilarning faoliyatini jadallashtirish anjumanning asosiy maqsadlaridan ekanini qayd etdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov e’tiborli olim va tadqiqotchilarni birlashtirgan anjuman bilan ishtirokchilarni qutlab, bugungi glaballashuv davrida qadriyat va madaniyatlar birlashib ketayotgani, shu bois ulamolar dinimiz sofligini asrashga jiddu jahd qilishlari lozimligini ta’kidlash barobarida zamonaviy dunyoda fatvo berish masalasida ilmiy ma’ruza qildi.
Shuningdek, so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un domla G‘afurov anjuman ishiga muvaffaqiyat tilash asnosida uning mavzusi naqadar dolzarbligi, xalqaro va respublika anjumanlarini faol o‘tkazib kelayotgan Toshkent islom institutining ilmiy salohiyati tobora ortib borayotganini bayon etishdi.
Ilmiy-amaliy anjuman davomida olim va tadqiqotchilar “Kalom ilmi va aqidaviy masalalarga oid zamonaviy ilmiy tadqiqotlardagi yondashuvlar”, “Sog‘lom e’tiqodning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni”, “Aqidaga oid oyat va hadislarni to‘g‘ri talqin qilishning ahamiyati”, “Ahli sunna val jamoa ulamolarining adashgan oqimlarga raddiyalari”, “Moturidiya ta’limotining asoslari va xususiyatlari”, Zamonaviy fiqhiy masalalar bo‘yicha fatvolar va ularning tahlili” kabi mavzular bo‘yicha ma’ruza qilish bilan birga ayni masalalarning yechimi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Anjuman yakunida bugungi kundagi dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalarga oid muammolarni tahlil etish barobarida ularning yechimi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’lim sohasini yanada yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, o‘quv-me’yoriy va uslubiy jihatdan takomillashtirish, mavjud fanlarni, xususan ijtimoiy-gumanitar va fanlarni o‘qitish sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, o‘qituvchilar metodologiyasini mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Majlis davomida ta’lim muassasalari misolida amalga oshirilish lozim bo‘lgan masalalar o‘rtaga tashlanib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.