Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Yo‘qotilgan bolta

07.11.2024   3989   1 min.
Yo‘qotilgan bolta

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir kishi aytadi: "Bir kuni men boltamni yo‘qotib qo‘ydim. Menga qo‘shnim boltani o‘g‘irlagandek tuyuldi. Gumonimni tasdiqlash uchun  uni diqqat bilan kuzatdim. Uning yurishi xuddi boltamni o‘g‘irlagan odamning yurishiday ko‘rindi. Gapirish tarzi ham, hamma harakatlari boltamni o‘g‘irlagan kishining harakatidek tuyulaverdi.

O‘sha kecha bolta qayg‘usida uyqum kelmadi, tuni bilan uyg‘oq qolib, qo‘shnimni o‘g‘ri ekanligini qanday qilib aniqlasam ekan, deb o‘ylanib chiqdim. Erta tongda tursam boltam topilib qoldi. Kichik o‘g‘lim boltani ustiga po‘stinni tashlab qo‘ygan ekan. Keyin qo‘shnimga qarasam, u boltamni o‘g‘irlagan odamga o‘xshamay qoldi. Na yurishi, na gapirishi, na boshqa hatti-harakatlari boltani o‘g‘irlagan kishinikiga o‘xshamaydi. U ko‘zimga butunlay beayb, begunoh odam bo‘lib ko‘rindi.

Shundagina tushundimki, aslida mening o‘zim o‘g‘ri ekanman. Qo‘shnimning beozorligi va ishonchini o‘g‘irlab, uning sha’niga dog‘ tushirdim. Qolaversa, o‘z hayotimdan bir kechani o‘g‘irladim, uni begunoh odamni ayblash yo‘lini axtarish bilan o‘tkazdim.

Ichidan bulg‘angan odam atrofida toza, begunoh insonlar borligini tushunib yetmas ekan...".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   4505   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi