41 - وَإِيْمَانُ الْمُقَلِّدِ ذُو اعْتِبَارٍ بِأَنْوَاعِ الدَّلاَئِلِ كَالنِّصَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Muqallidning iymoni qilichning temiridek (yorqin) dalillarning navlari bilan e’tiborlidir.
Nazmiy bayoni:
Muqallid iymoniga bordir e’tibor,
Qilich kabi yorqin dalillar bisyor.
Lug‘atlar izohi:
اِيْمَانُ – mubtado va muzof. Lug‘atda ikki xil ma’noni anglatadi:
1. Ishonch;
2. Omonlik berish.
الْمُقَلِّدِ – muqallid lug‘atda “taqib qo‘yuvchi”, “osib qo‘yuvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “Ma’sum zot sollallohu alayhi vasallamdan o‘zganing so‘zini dalilsiz qabul qilib oluvchi kishi muqallid deyiladi”.
ذُو – xabar bo‘lgani uchun و harfi bilan e’roblanib turibdi.
اعْتِبَار – muzofun ilayh.
بِ – “sababiya” ma’nosida kelgan jor harfi.
أَنْوَاعِ – bu kalima نَوْعِ ning ko‘plik shaklidir. Nav jinsdan xos bo‘lib haqiqati bir xil narsalarga nisbatan ishlatiladi. Jins esa haqiqati har xil narsalarga nisbatan ishlatiladi. Masalan, hayvon jins, inson navdir. Shunga ko‘ra, bu kalima “haqiqatlari bir xil bo‘lgan dalillar bilan” degan ma’noni anglatadi.
الدَّلاَئِلِ – muzofun ilayh. Dalil lug‘atda “belgi”, “isbot” ma’nolarini anglatadi. Istilohda: “Uni bilish sababli boshqa narsa haqida ilm hosil bo‘ladigan narsa dalil deyiladi”.
كَ – “tashbeh” (o‘xshatish) ma’nosidagi jor harfi.
النِّصَالِ – نَصْلٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, qilich, nayza va pichoq kabi narsalar yasaladigan mustahkam metallga nisbatan ishlatiladi. Ya’ni qilichning mustahkam temiri odatda yarqirab ko‘zga tashlanib turganidek muqallid iymonining mo‘tabarligi haqidagi dalil ham mustahkam va yorqindir.
Matn sharhi:
Kimgadir biror narsani taqish yoki nimagadir biror narsani osib qo‘yishga nisbatan قَلَّدَ fe’li ishlatiladi. Muqallid (taqlid qiluvchi) muqolladning taqlid qilinganning) so‘zini go‘yo o‘zining bo‘yniga taqib olayotgandek bo‘lgani uchun unga muqallid deyiladi. Shu ma’noda ma’sum zot sollallohu alayhi vasallamdan o‘zganing so‘zini dalilsiz qabul qilib olish taqlid, deyiladi. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aqidada, amalda va umuman barcha ishlarda ergashish taqlid bo‘lmaydi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlariga dalil so‘ralmaydi, balki u zotning so‘zlari, qilgan ishlari va “taqrir” (biror ishni qaror toptirish)larining o‘zi musulmon kishi qabul qilishi shart bo‘lgan dalil hujjat hisoblanadi. Zero, u zotga itoat qilish Allohga itoat qilish bo‘ladi.
Demak, umrida Islom haqida umuman eshitmagan kimsaning oldida Alloh taologa iymon keltirish lozimligi aytilib, shahodat kalimasi o‘rgatilsa, u ham aytuvchiga taqlid qilib bu kalimani qaytarsa, shu aytganlarining o‘zi bilan mo‘min hisoblanadimi yoki hisoblanmaydimi? Matnda mana shu savolga javob berildi.
Shunga ko‘ra muqallid deganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa kishining so‘zini dalilsiz qabul qiluvchi kishi tushunilishiga ittifoq qilingan. Ammo dalilsiz qabul qiluvchi deganda kim tushunilishi to‘g‘risida ikki xil qarash aytilgan:
1. Odamlardan uzoq olis tog‘ cho‘qqilarida yashovchi bilan odamlar orasida yashovchi orasida farq yo‘q, barcha insonlar muqallid bo‘lishlari mumkin
2. Odamlardan uzoq olis tog‘ cho‘qqilarida yashovchi iymonu Islom haqida umuman eshitmagan kishigina muqallid bo‘ladi. Odamlar orasida yashovchilar esa barchalari fikr yurituvchi va dalil izlovchi kishilar bo‘ladi.
Mana shu ikkinchi qarash Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning mazhabi hisoblanadi.
Muqallidlarni ham ulamolar ikki qismga ajratganlar:
1. O‘zganing so‘zini qabul qilib, bu so‘zda qat’iy turuvchi. Ya’ni unga bu gapni aytgan kishi o‘sha gapidan qaytsa ham, qaytmasdan tura oladigan kishi;
2. O‘zganing so‘zini qabul qilgan, ammo bu so‘zda qat’iy jazm qilmagan kishi. Ya’ni unga bu gapni aytgan kishi o‘sha gapidan qaytsa, bu ham, albatta, qaytadigan kishi.
Muqallidning iymoni e’tiborli ekani haqidagi bahs birinchi qismga tegishlidir. Ikkinchi qismning esa iymoni e’tiborli emasligi bilittifoqdir. Chunki shak va taraddud aslo iymon hisoblanmaydi.
Muqallidning iymonini e’tiborsiz hisoblaydiganlar quyidagi ma’nodagi so‘zlarni aytadilar: Dinning asosida taqlid qilish joiz bo‘lmaydi. Chunki bizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishga buyurilganmiz, u zot esa dinning asosini bilishga buyurilganlar:
﴿فَٱعۡلَمۡ أَنَّهُۥ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا ٱللَّهُ ﴾
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling”[1].
Har bir mo‘min banda dinning asosi bo‘lgan e’tiqod masalalarini bilishi lozim. E’tiqod masalalarida ixtilof kam bo‘lgani e’tiboridan ularning asosiylarini bilib olish qiyin ham emas. Qolaversa, har bir sog‘lom tabiatli kishining tabiiy sezgisida ham bu narsa mavjud. Bunga quyidagi rivoyat dalil bo‘la oladi: “Bir a’robiy kishidan Alloh taoloning borligiga dalil so‘raldi. Shunda u: “Bir dona qil katta tuyaga dalolat qiladi, qaysi bir tezak eshaklarga dalolat qiladi, qadamlarning izlari o‘sha yerdan o‘tgan kimsaga dalolat qiladi, shunday ekan, yulduzlarga to‘la osmon, dalayu yaylovlarga to‘la yer, to‘lqinlanib turuvchi dengizlar barcha narsalarni Bilguvchi, hamma narsaga qodir Zotga dalolat qilmaydimi”, – deya javob berdi”[2].
Muqallid iymonining e’tibori yo‘q deydiganlar ushbu kabi dalillarni keltirishib, modomiki, taqlid qiluvchi Allohni tanimas ekan, U haqida tafakkur qilmas ekan, iymoni e’tiborli hisoblanmaydi, deydilar.
Muqallidning iymoni e’tiborlidir, deydiganlar ko‘plab ham aqliy, ham naqliy dalillarni keltirganlar. Xulosalari shuki, iymon bu mutlaqo “rost deb bilish”, “tasdiq qilish” kabi ma’nolarni anglatadi, shu ma’noda birovga bir xabar berilsa-yu, u o‘sha xabarni qabul qilsa, shu xabar to‘g‘risida uning mutlaqo bilimi bo‘lmasa-da, “rost deb bildi”, “tasdiqladi” deyiladi-ku. Ana shu ma’noda bir kishiga iymonni yuzaga chiqaruvchi kalima aytilgan paytda uni tasdiqlasa, u mo‘min bandaga aylanadi va Alloh taoloning mo‘min bandalariga va’da qilgan narsalariga haqdor bo‘lib qoladi. Ya’ni bilish bilan tasdiqlash boshqa-boshqa narsalardir. Masalan, ahli kitoblar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni, aslida, o‘z bolalaridan ham ko‘ra yaxshiroq taniganlari, lekin u zotni tasdiqlamaganlari Qur’oni karimda bayon qilingan:
﴿ٱلَّذِينَ ءَاتَيۡنَٰهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ يَعۡرِفُونَهُۥ كَمَا يَعۡرِفُونَ أَبۡنَآءَهُمۡۖ ﴾
“Biz kitob bergan o‘sha (zolim kimsa)lar uni (Muhammadni) xuddi o‘z farzandlarini tanigandek taniydilar”[3].
Shu ma’noda birov shahodat kalimasini aytsa, agar olam va uning Buyuk Yaratuvchisi to‘g‘risida mutlaqo tafakkur qilib ko‘rmagan bo‘lsa-da, uning iymoni e’tiborli hisoblanadi. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam yolg‘iz shahodat kalimasini aytgan a’robiylarni ham mo‘minlikka hukm qilganlar. Bu esa ularning iymonlari zohiran e’tiborga olinishiga va qalblarining qanday ekani Allohga havola qilinishiga dalolat qiladi.
KЕYINGI MAVZU:
Aqli bor kishining Allohni tanishi lozimligi
Samarqand shahridagi xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qirg‘iz Respublikasi musulmonlari idorasi raisi, muftiy Abdulaziz Zakirovni qabul qildilar.
Uchrashuvda keyingi yillarda diniy idoralar o‘rtasida aloqalar rivojlanayotgani, qardosh ulamolar hamkorligi taraqqiy etayotgani, xalqaro anjumanlarda birgalikda ishtirok etishi, fatvo ishlab chiqish va muhim sanalarni belgilashdagi kengashlar yaxshi natija berayotgani qayd etildi.
O‘tgan mart oyida Xo‘jand shahrida Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iz respublikalari rahbarlari davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolagani tarixiy voqea bo‘lgani, ushbu hujjat bahs-nizolarni ortda qoldirib, abadiy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlagani ta’kidlandi.
Qirg‘iz muftiysi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Islom dini ma’rifatini keng yoyish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash, masjid-madrasalarni obod etish va ulug‘ allomalar merosiga ehtirom ko‘rsatish, mintaqada tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini shakllantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Muftiy Abdulaziz Zakirov Markaziy Osiyo ijtimoiy hayotida diyorimiz ulamolarining o‘rni katta ekani, ular qardosh ahli ilmlarga ustoz sifatida qadrlanishi, har bir dolzarb mavzudagi diniy masalani kengashgan holda amalga oshirilishini bildirdi. Shuningdek, mintaqa uchun ahamiyatli masalalarda fatvolar e’lon qilish va muhim sanalarni belgilashda O‘zbekiston ulamolari yetakchiligini e’tirof etdi. Bundan tashqari xalqlar ittifoqchiligi ta’minlanishida Mir Arab madrasasida ta’lim olgan qardosh ulamolarning roli katta ekanini ta’kidladi.
Imom Moturidiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘zaro hamkorlikning uzviy davomi ekani, unda mo‘tabar ulamolar tomonidan muhim mavzular keng muhokama qilinib, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy va ixtilofli masalalarga yechim topilishiga Qirg‘iz muftiysi ishonch bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati