frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Muqallid iymonining e’tiborli ekani

07.11.2024   19203   8 min.
Muqallid iymonining e’tiborli ekani

41 - وَإِيْمَانُ الْمُقَلِّدِ ذُو اعْتِبَارٍ بِأَنْوَاعِ الدَّلاَئِلِ كَالنِّصَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Muqallidning iymoni qilichning temiridek (yorqin) dalillarning navlari bilan e’tiborlidir.

Nazmiy bayoni:

Muqallid iymoniga bordir e’tibor,

Qilich kabi yorqin dalillar bisyor.

Lug‘atlar izohi:

اِيْمَانُ  – mubtado va muzof. Lug‘atda ikki xil ma’noni anglatadi:

1. Ishonch;

2. Omonlik berish.

الْمُقَلِّدِ – muqallid lug‘atda “taqib qo‘yuvchi”, “osib qo‘yuvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “Ma’sum zot sollallohu alayhi vasallamdan o‘zganing so‘zini dalilsiz qabul qilib oluvchi kishi muqallid deyiladi”.

ذُو – xabar bo‘lgani uchun و harfi bilan e’roblanib turibdi.

اعْتِبَار – muzofun ilayh.

بِ – “sababiya” ma’nosida kelgan jor harfi.

أَنْوَاعِ – bu kalima نَوْعِ   ning ko‘plik shaklidir. Nav jinsdan xos bo‘lib haqiqati bir xil narsalarga nisbatan ishlatiladi. Jins esa haqiqati har xil narsalarga nisbatan ishlatiladi. Masalan, hayvon jins, inson navdir. Shunga ko‘ra, bu kalima “haqiqatlari bir xil bo‘lgan dalillar bilan” degan ma’noni anglatadi.

الدَّلاَئِلِ – muzofun ilayh. Dalil lug‘atda “belgi”, “isbot” ma’nolarini anglatadi. Istilohda: “Uni bilish sababli boshqa narsa haqida ilm hosil bo‘ladigan narsa dalil deyiladi”.

كَ – “tashbeh” (o‘xshatish) ma’nosidagi jor harfi.

النِّصَالِنَصْلٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, qilich, nayza va pichoq kabi narsalar yasaladigan mustahkam metallga nisbatan ishlatiladi. Ya’ni qilichning mustahkam temiri odatda yarqirab ko‘zga tashlanib turganidek muqallid iymonining mo‘tabarligi haqidagi dalil ham mustahkam va yorqindir. 

Matn sharhi:

Kimgadir biror narsani taqish yoki nimagadir biror narsani osib qo‘yishga nisbatan قَلَّدَ  fe’li ishlatiladi. Muqallid (taqlid qiluvchi) muqolladning taqlid qilinganning) so‘zini go‘yo o‘zining bo‘yniga taqib olayotgandek bo‘lgani uchun unga muqallid deyiladi. Shu ma’noda ma’sum zot sollallohu alayhi vasallamdan o‘zganing so‘zini dalilsiz qabul qilib olish taqlid, deyiladi. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aqidada, amalda va umuman barcha ishlarda ergashish taqlid bo‘lmaydi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlariga dalil so‘ralmaydi, balki u zotning so‘zlari, qilgan ishlari va taqrir” (biror ishni qaror toptirish)larining o‘zi musulmon kishi qabul qilishi shart bo‘lgan dalil hujjat hisoblanadi. Zero, u zotga itoat qilish Allohga itoat qilish bo‘ladi.

Demak, umrida Islom haqida umuman eshitmagan kimsaning oldida Alloh taologa iymon keltirish lozimligi aytilib, shahodat kalimasi o‘rgatilsa, u ham aytuvchiga taqlid qilib bu kalimani qaytarsa, shu aytganlarining o‘zi bilan mo‘min hisoblanadimi yoki hisoblanmaydimi? Matnda mana shu savolga javob berildi.

Shunga ko‘ra muqallid deganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa kishining so‘zini dalilsiz qabul qiluvchi kishi tushunilishiga ittifoq qilingan. Ammo dalilsiz qabul qiluvchi deganda kim tushunilishi to‘g‘risida ikki xil qarash aytilgan:

1. Odamlardan uzoq olis tog‘ cho‘qqilarida yashovchi bilan odamlar orasida yashovchi orasida farq yo‘q, barcha insonlar muqallid bo‘lishlari mumkin

2. Odamlardan uzoq olis tog‘ cho‘qqilarida yashovchi iymonu Islom haqida umuman eshitmagan kishigina muqallid bo‘ladi. Odamlar orasida yashovchilar esa barchalari fikr yurituvchi va dalil izlovchi kishilar bo‘ladi.

Mana shu ikkinchi qarash Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning mazhabi hisoblanadi.

Muqallidlarni ham ulamolar ikki qismga ajratganlar:

1. O‘zganing so‘zini qabul qilib, bu so‘zda qat’iy turuvchi. Ya’ni unga bu gapni aytgan kishi o‘sha gapidan qaytsa ham, qaytmasdan tura oladigan kishi;

2. O‘zganing so‘zini qabul qilgan, ammo bu so‘zda qat’iy jazm qilmagan kishi. Ya’ni unga bu gapni aytgan kishi o‘sha gapidan qaytsa, bu ham, albatta, qaytadigan kishi.

Muqallidning iymoni e’tiborli ekani haqidagi bahs birinchi qismga tegishlidir. Ikkinchi qismning esa iymoni e’tiborli emasligi bilittifoqdir. Chunki shak va taraddud aslo iymon hisoblanmaydi.

Muqallidning iymonini e’tiborsiz hisoblaydiganlar quyidagi ma’nodagi so‘zlarni aytadilar: Dinning asosida taqlid qilish joiz bo‘lmaydi. Chunki bizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishga buyurilganmiz, u zot esa dinning asosini bilishga buyurilganlar:

﴿فَٱعۡلَمۡ أَنَّهُۥ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا ٱللَّهُ

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling”[1].  

Har bir mo‘min banda dinning asosi bo‘lgan e’tiqod masalalarini bilishi lozim. E’tiqod masalalarida ixtilof kam bo‘lgani e’tiboridan ularning asosiylarini bilib olish qiyin ham emas. Qolaversa, har bir sog‘lom tabiatli kishining tabiiy sezgisida ham bu narsa mavjud. Bunga quyidagi rivoyat dalil bo‘la oladi: “Bir a’robiy kishidan Alloh taoloning borligiga dalil so‘raldi. Shunda u: “Bir dona qil katta tuyaga dalolat qiladi, qaysi bir tezak eshaklarga dalolat qiladi, qadamlarning izlari o‘sha yerdan o‘tgan kimsaga dalolat qiladi, shunday ekan, yulduzlarga to‘la osmon, dalayu yaylovlarga to‘la yer, to‘lqinlanib turuvchi dengizlar barcha narsalarni Bilguvchi, hamma narsaga qodir Zotga dalolat qilmaydimi”, – deya javob berdi”[2]

Muqallid iymonining e’tibori yo‘q deydiganlar ushbu kabi dalillarni keltirishib, modomiki, taqlid qiluvchi Allohni tanimas ekan, U haqida tafakkur qilmas ekan, iymoni e’tiborli hisoblanmaydi, deydilar.

Muqallidning iymoni e’tiborlidir, deydiganlar ko‘plab ham aqliy, ham naqliy dalillarni keltirganlar. Xulosalari shuki, iymon bu mutlaqo “rost deb bilish”, “tasdiq qilish” kabi ma’nolarni anglatadi, shu ma’noda birovga bir xabar berilsa-yu, u o‘sha xabarni qabul qilsa, shu xabar to‘g‘risida uning mutlaqo bilimi bo‘lmasa-da, “rost deb bildi”, “tasdiqladi” deyiladi-ku. Ana shu ma’noda bir kishiga iymonni yuzaga chiqaruvchi kalima aytilgan paytda uni tasdiqlasa, u mo‘min bandaga aylanadi va Alloh taoloning mo‘min bandalariga va’da qilgan narsalariga haqdor bo‘lib qoladi. Ya’ni bilish bilan tasdiqlash boshqa-boshqa narsalardir. Masalan, ahli kitoblar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni,  aslida, o‘z bolalaridan ham ko‘ra yaxshiroq taniganlari, lekin u zotni tasdiqlamaganlari Qur’oni karimda bayon qilingan:

﴿ٱلَّذِينَ ءَاتَيۡنَٰهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ يَعۡرِفُونَهُۥ كَمَا يَعۡرِفُونَ أَبۡنَآءَهُمۡۖ

“Biz kitob bergan o‘sha (zolim kimsa)lar uni (Muhammadni) xuddi o‘z farzandlarini tanigandek taniydilar”[3].  

Shu ma’noda birov shahodat kalimasini aytsa, agar olam va uning Buyuk Yaratuvchisi to‘g‘risida mutlaqo tafakkur qilib ko‘rmagan bo‘lsa-da, uning iymoni e’tiborli hisoblanadi. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam yolg‘iz shahodat kalimasini aytgan a’robiylarni ham mo‘minlikka hukm qilganlar. Bu esa ularning iymonlari zohiran e’tiborga olinishiga va qalblarining qanday ekani Allohga havola qilinishiga dalolat qiladi.   

KЕYINGI MAVZU:

Aqli bor kishining Allohni tanishi lozimligi

 


[1] Muhammad surasi, 19-oyat.

[2] Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Is'hoq G‘aznaviy. Sharhu aqidati imom Tahoviy. – Qohira: “Darotul Karaz”, 2009. – B. 43.

[3] Baqara surasi, 146-oyat.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

14.08.2026   40610   1 min.
Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida    «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati