Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Muhammad ibn Kunosadan rivoyat qilinadi: «Zarr ibn Umar Hamadoniy to‘satdan vafot etib qoldi. Buni eshitgan qarindoshlari Zarrning otasi oldiga uvvos solib yig‘lab kelishdi. Ota o‘zi mahzun bo‘lsa-da, qarindoshlarni sabrli bo‘lishga chaqirib, «Sizlarga nima bo‘ldi? O‘g‘limning jonini olgan Allohga shikoyat qilyapsizlarmi?» dedi. Ular: «Ha, Allohga qasamki, biz zulm ko‘rmadik, ozor ko‘rmadik, bizga nohaqlik qilinmadi, ortiqcha narsa so‘ralmadi. Alloh taologa hech qanday shikoyatimiz yo‘q» deb, o‘zlarini bosib olishdi. Janoza o‘qilib, mayyit tobutda odamlarning yelkalari uzra qabriston tomon yo‘l oldi. Otasi jasadni qabrga qo‘yarkan, o‘g‘li bilan shunday vidolashdi: «O‘g‘lim, Alloh senga rahm qilsin. Allohga qasam, sen menga yaxshilik qilar eding, meni yaxshi ko‘rarding. Shuning uchun ahvolingdan ko‘p xavotirlanmayapman. Bizga Alloh taoloning O‘zi kifoya, bizni tashlab qo‘ymaydi. Sen ketib, aziz ham bo‘lmadik, xor ham bo‘lmadik. Men sening vafotingni emas, oxiratdagi holingni o‘ylab ko‘proq qayg‘uryapman. Ey Zarr, oxirat qo‘rqinchi bo‘lmaganda, sening o‘rningda bo‘lishni orzu qilgan bo‘lardim!».
Keyin Robbul olaminga iltijo bilan bunday duo qildi: «Allohim, o‘g‘lim Zarrning vafoti bilan bergan musibatingga sabr qilsam, savob va’da qilgansan. Allohim, o‘g‘lim Zarrga salavot va rahmating bo‘lsin! Allohim, o‘g‘lim uchun beradigan ajringni silai rahm o‘laroq unga beraman. Uni yomon bandalaring qatorida ko‘rmagin. Uning gunohlarini kechirgin, chunki Sen unga mendan ham mehribonsan. Allohim, uning menga qilgan ba’zi yomonliklarini kechirdim, Senga nisbatan qilgan noto‘g‘ri ishlari bo‘lsa, ularni kechirib, o‘rniga mukofot bergin. Sen mendan saxiy va karamlisan».
Nihoyat, qabristondan chiqib ketayotib, o‘g‘lining qabriga qarab shunday dedi: «Ey Zarr, senga foyda beradigan narsani hozir qilgan bo‘lsak-da, seni qo‘limizdan kelgancha dafn qilgan bo‘lsak-da, baribir seni shu yerda tashlab ketishga majburmiz...».
«Solihlar gulshani» kitobidan
Muhammad Quddus Abdulmannon,
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi tayyorladi.
2. Mag‘ribdagi Sijilmosaning Banu Midror davlati
By davlat hijriy 140–297 (milodiy 757–909) yillar orasida hukm surgan. Banu Midror davlatining odamlari xavorijlarning safariyya toifasidan bo‘lishgan. Ular abbosiylar bilan murosasozlik qilishgan va ichki ishlari va shjoratlarida o‘zlariga xon, o‘zlariga bek bo‘lib olganlar. Ularni fotimiylardan bo‘lgan ubaydiylar davlati yo‘q qilgan. Bu voqea hijriy 297 yilda sodir bo‘lgan.
Bu davlatning eng mashhur hokimlari:
1. Iyso ibn Yazid Asvad. Bu shaxs davlatga muassis bo‘lgan. Hijriy 140–155 (milodiy 757–772) yillar.
2. Abul Qosim Samku. Hijriy 155–168 (milodiy 772–784) yillar.
3. Al-Yasa’ ibn Abul Qosim. Hijriy 174–208 (milodiy 790–823) yillar.
4. Maymun ibn Midror. Hijriy 224–263 (milodiy 839–877) yillar.
3. O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati
(hijriy 160–29; milodiy 776–908)
Ular iboziy xavorijlardan bir firqadir. Bu davlatga Abdurrahmon ibn Rustam asos solgan. U barbarlarni tugatgandan so‘ng o‘z davlatini qurdi. So‘ng Tohart nomli shaharni qurib, uni o‘ziga poytaxt qilib oldi. Bu davlatni ubaydiylar toifasi yiqitdi va hijriy 296 (milodiy 908) yilda o‘ziga qo‘shib oldi.
Mazkur davlatning kuzga kuringan xukmdorlari:
1. Abdurrahmon ibn Rustam. Hijriy 160–168 (milodiy 776–784) yillar.
2. Abdulvahhob ibn Abdurrahmon. Hijriy 167–208 (milodiy 784–823) yillar.
3. Aflah ibn Abdulvahhob. Hijriy 208–258 (milodiy 823–872) yillar.
4. Abul Yakzon Muhammad ibn Aflah. Hijriy 260–281 (milodiy 874–894) yillar.
4. Marokashdagi idrisiylar davlati
(hijriy 172–375; milodiy 788–985)
Abbosiylar Fax jangida alaviylar oilasiga katta zarar yetkazganlaridan so‘ng, hijriy 169 (milodiy 785) yilda Idris ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Hasan ibn Aliy ibn Abu Tolib va uning ukasi Yahyolar qochib ketishdi. Yahyo Daylam yurtlarida qo‘zg‘alon ko‘tardi, so‘ng ar-Rashid uni yo‘q qildi. Lekin Idris Mag‘ribning eng uzoq yurtiga qochib bordi. U yerda barbarlar uni qo‘llab-quvvatlashdi. Idris Marokashda o‘zining amirligiga asos soldi, uning shavkati kuchaydi. Undan keyin o‘g‘li Idris davlatni qo‘lga oldi. U mazkur davlatning eng ko‘zga ko‘ringan hukmdori, haqiqiy asoschisi hisoblanadi. Yahyo ibn Idris ibn Umarning davrida Idris Fa’s shahrini ko‘rgan. Mag‘rib yurtlarining barchasida bu davlatning nufuzi ortgan.
Idrisiylar davlati tarixdagi birinchi shiy’a davlati hisoblanadi. Idrisiylarga Islom tamaddunini Mag‘ribga olib kelgan birinchi shaxslar sifatida qaraladi. Ularni fotimiy-ubaydiylar yo‘q qilgan.
Idrisiylar davlatining ko‘zga ko‘ringan hukmdorlari:
1. Idris ibn Abdulloh ibn Hasan. Hijriy 172–177 (milodiy 788–793) yillar.
2. Idris ibn Idris. Hijriy 177–213 (milodiy 793–828) yillar.
3. Muhammad ibn Idris ibn Idris. Hijriy 213–221 (milodiy 828–836) yillar.
4. Yahyo ibn Idris ibn Umar. Hijriy 292–310 (milodiy 905–922) yillar.
5. Tunis – Qayruvondagi ag‘labiylar davlati
(hijriy 184–296; milodiy 800–908)
Rashid ibn Ibrohim ibn Ag‘lab barbarlarga odob berish, ularni idrisiylarga, Misr va Shomga qarshi hujum qilishdan to‘sib turish uchun hijriy 184 yilda Afrikaga voliy etib tayinlandi. U ishlarni tartibga soldi, qo‘zg‘alonlarni bostirdi. O‘zining hukmronligi uchun Qayruvonni markaz qilib tanladi va o‘z mintaqasini abbosiylar davlatidan ajratib, mustaqil davlat qilib oldi. Abbosiylar davlati ularni o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Ushbu davlatning nufuzi Tunis va Liviyaga tarqaldi.
Tashqi fathlar
Ziyodatulloh ibn Ibrohim o‘sha vaqtda hijriy 212, milodiy 827 yilda Siqilliya orolini fath qilishga imkon topdi.
Musulmonlar Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning davridan buyon Siqilliyaga yurishlar qilib kelar, lekin u yerda sobit qolmagan edilar. Faqat ag‘labiylar davrida u yerda turib hukm yuritish imkoniga ega bo‘ldilar. Siqilliya orolini fath qilishda Asad ibn Furot qozi ul-quzot (bosh qozi) o‘laroq ishtirok etdi. Islomning hukmronligi bu orolda hijriy 483 (milodiy 1090) yilgacha davom etdi.
Ag‘labiylar O‘rta yer dengizidagi orollarga doimiy ravishda hujumlar uyushtirib turdilar. Ular hijriy 256 (milodiy 870) yilda Maltani fath qildilar. Shuningdek, Italiyaning janubiy taraflariga va Fransiyaga ham g‘azotlar uyushtirib, muvaffaqiyat qozondilar. Fransiyaning sohillariga ega chiqishdi va Italiyaning bir qancha shaharlarini – Brindizi, Napoli, Kalyarini, Taranto va Barini fath qildilar.
Ubaydiylar davlati hijriy 296 (milodiy 908) yilda ag‘labiylar davlatini ham tugatdi.
Ag‘labiylar davlatining mashhur hokimlari:
1. Ibrohim ibn Ag‘lab ibn Solim. Hijriy 184–196 (milodiy 800–811) yillar.
2. Ziyodatulloh ibn Ibrohim. Hijriy 201–223 (milodiy 816–838) yillar.
3. Ibrohim ibn Ahmad. Hijriy 261–289 (milodiy 875–902) yillar.
Keyingi mavzu:
Ikkinchi Abbosiylar asri;
Turklarning ustunligi;
Zanjiylar qo‘zg‘aloni;
Qarmatiylar harakati.