Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Muhammad ibn Kunosadan rivoyat qilinadi: «Zarr ibn Umar Hamadoniy to‘satdan vafot etib qoldi. Buni eshitgan qarindoshlari Zarrning otasi oldiga uvvos solib yig‘lab kelishdi. Ota o‘zi mahzun bo‘lsa-da, qarindoshlarni sabrli bo‘lishga chaqirib, «Sizlarga nima bo‘ldi? O‘g‘limning jonini olgan Allohga shikoyat qilyapsizlarmi?» dedi. Ular: «Ha, Allohga qasamki, biz zulm ko‘rmadik, ozor ko‘rmadik, bizga nohaqlik qilinmadi, ortiqcha narsa so‘ralmadi. Alloh taologa hech qanday shikoyatimiz yo‘q» deb, o‘zlarini bosib olishdi. Janoza o‘qilib, mayyit tobutda odamlarning yelkalari uzra qabriston tomon yo‘l oldi. Otasi jasadni qabrga qo‘yarkan, o‘g‘li bilan shunday vidolashdi: «O‘g‘lim, Alloh senga rahm qilsin. Allohga qasam, sen menga yaxshilik qilar eding, meni yaxshi ko‘rarding. Shuning uchun ahvolingdan ko‘p xavotirlanmayapman. Bizga Alloh taoloning O‘zi kifoya, bizni tashlab qo‘ymaydi. Sen ketib, aziz ham bo‘lmadik, xor ham bo‘lmadik. Men sening vafotingni emas, oxiratdagi holingni o‘ylab ko‘proq qayg‘uryapman. Ey Zarr, oxirat qo‘rqinchi bo‘lmaganda, sening o‘rningda bo‘lishni orzu qilgan bo‘lardim!».
Keyin Robbul olaminga iltijo bilan bunday duo qildi: «Allohim, o‘g‘lim Zarrning vafoti bilan bergan musibatingga sabr qilsam, savob va’da qilgansan. Allohim, o‘g‘lim Zarrga salavot va rahmating bo‘lsin! Allohim, o‘g‘lim uchun beradigan ajringni silai rahm o‘laroq unga beraman. Uni yomon bandalaring qatorida ko‘rmagin. Uning gunohlarini kechirgin, chunki Sen unga mendan ham mehribonsan. Allohim, uning menga qilgan ba’zi yomonliklarini kechirdim, Senga nisbatan qilgan noto‘g‘ri ishlari bo‘lsa, ularni kechirib, o‘rniga mukofot bergin. Sen mendan saxiy va karamlisan».
Nihoyat, qabristondan chiqib ketayotib, o‘g‘lining qabriga qarab shunday dedi: «Ey Zarr, senga foyda beradigan narsani hozir qilgan bo‘lsak-da, seni qo‘limizdan kelgancha dafn qilgan bo‘lsak-da, baribir seni shu yerda tashlab ketishga majburmiz...».
«Solihlar gulshani» kitobidan
Muhammad Quddus Abdulmannon,
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi tayyorladi.
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.