Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ahqof surasining oxiridagi oyatda:
(فَاصْبِرْ كَمَا صَبَرَ أُولُو الْعَزْمِ مِنَ الرُّسُلِ وَلَا تَسْتَعْجِلْ لَهُمْ)
"Bas, ey Muhammad, Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling va ularga tushadigan azobni qistamang!", deb Alloh o‘z payg‘ambariga alohida bir axloqda, ya’ni sabrda, oldingi payg‘ambarlardan o‘rnak olishni buyurgan. Bu bilan sabrning ulug‘ maqomiga ishora qilib, uning zarurligi va nafs uchun qiyin ekanligini ta’kidlaydi.
Tur surasida esa Alloh bunday deydi:
(وَاصْبِرْ لِحُكْمِ رَبِّكَ فَإِنَّكَ بِأَعْيُنِنَا وَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ حِينَ تَقُومُ)
"Ey Muhammad, Siz Robbingizning hukmiga sabr qiling! Zotan, Siz Bizning ko‘z o‘ngimizdadirsiz. Tongda turgan paytingizda Robbingizga hamd bilan tasbih ayting!". Bu qisqa oyatda payg‘ambar alayhissalomni tarbiyalash, kuchaytirish, tasalli berish va uni rozi qilishning bir necha jihatlari bor.
U zoti muborak Parvardigorining hukmiga sabr qilishga amr etildi. Uning hukmi faqat adolat va haqiqatdir. U – eng odil va eng yaxshi hukmdordir.
Bu oyatda yana bir hikmat shundaki, Alloh taolo bunday deydi:
(فَإِنَّكَ بِأَعْيُنِنَا)
“Sen bizning ko‘z o‘ngimizdasan”. Kimki Allohning nazarida va nigohida bo‘lsa, u yo‘qolmas va yengilmas. Musoga ham shunday deyilgan:
(وَلِتُصْنَعَ عَلَى عَيْنِي)
"Mening ko‘z o‘ngimda bo‘lishing uchun", ammo bu yerda ko‘z “ayn” so‘zi ko‘plikda kelgan – (أَعْيُنِنَا), ya’ni Allohning marhamat va muhabbatida mustahkam va bardavomlikni ko‘rsatadi.
Oyatda uchinchi amr –
(وَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ)
"Robbingizga hamd bilan tasbih ayting", ya’ni Parvardigorni ulug‘lab tasbeh aytishdir. Sabr qilish buyrug‘i ketidan tasbeh buyrug‘i kelgan. Bunga sabab shundaki, tasbeh odamga ma’naviy kuch bag‘ishlab, sabrning achchiqligini shirin qiladi va ko‘ngilning torligini kengaytiradi. Bu kabi holatda Alloh bunday deydi:
(وَلَقَدْ نَعْلَمُ أَنَّكَ يَضِيقُ صَدْرُكَ بِمَا يَقُولُونَ فَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَكُنْ مِنَ السَّاجِدِينَ وَاعْبُدْ رَبَّكَ حَتَّى يَأْتِيَكَ الْيَقِينُ)
"Shaksiz, Biz ularning sizni masxaralab aytayotgan so‘zlaridan yuragingiz siqilayotganini bilib turibmiz. Bas, Siz Rabbingizga hamd bilan Unga tasbih ayting va sajda qiluvchilardan bo‘ling! Sizga aniq narsa (o‘lim) kelguniga qadar Robbingizga ibodat qiling!".
Shuningdek, bu yerda “Allohga hamd bilan tasbeh aytish” quyidagi ikki muhim ma’noni qamrab olgan.
Birinchi ma’no: Allohni, ulug‘lab tasbeh aytib, Uning biror narsani behuda yoki o‘z kamoloti va hikmatiga mos bo‘lmagan holda qilmasligini anglashdir. Ahir U mehribon, bilimdon va hikmatli zot emasmi?! Agar Alloh ayrim tanlangan bandalarini sinovga solsa, buning donolik bilan bog‘liq bir sababi bor. Ular buni bilmasalar ham, Alloh bilur.
Ikkinchi ma’no: Har bir musibatda Allohning in’omlari bor. Har bir ofatda bir ne’mat bor. Bu ne’matlarni eslab shukur qilish kerak. Shuning uchun tasbeh “hamd” bilan birga kelgan.
Bu yerda “Robb” kalimasi “k” (sening)olmoshi qo‘shimchasi bilan kelgan, ya’ni U payg‘ambarga murojaat qilmoqda, bu ham ulug‘ bir tarbiya, g‘amxo‘rlik va yaqinlik hissini uyg‘otib, ishonchni mustahkamlab, g‘amni ketkazadi va ko‘ngilni kengaytiradi.
Yusuf Qarazoviyning "Sabr kitobi"dan Homidjon domla ISHMATBЕKOV tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.
Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.
U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.
Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.
Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.
Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.
Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.
Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.
Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!
«Hadis va hayot» kitobidan