Farg‘ona viloyati vakilligida 2023-2024 o‘quv yilida diniy ta’lim muassasalarini tamomlab, sohada faoliyat boshlagan yosh xodimlar ishtirokida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, bosh imom-xatib o‘rinbosari Alisher domla Naimov, Buvayda tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Nizomov va boshqa mutasaddilar qatnashdi.
Seminarda yosh imomlar bilan samimiy muloqot qilinib, ularning faoliyati, amalga oshirayotgan ishlari o‘rganildi hamda kelgusidagi maqsadlari bilan tanishildi. Ma’ruzachi ustozlar imomlik sharafi va mas’uliyati, diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, yoshlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘zlash bilan bir qatorda hayotiy tajriba va malakalari bilan ham o‘rtoqlashdilar.
Ajdodlarimiz azaldan Ahli sunna val-jamoa aqidasi, Hanafiy mazhabining fiqhiy ta’limotlariga amal qilib kelganliklari, davrimizda esa millatni ushbu yo‘ldan og‘dirishga bo‘layotgan urinishlarning ortishi va ularning salbiy oqibatlari xususida "Dinimizda mazhablarning o‘rni va ahamiyati" mavzusidagi ma’ruzada to‘xtalindi. Ulamolarning yo‘llari, ilmiy va hayotiy misollar bilan seminar yanada manfaatli o‘tdi.
Seminar davomida Marg‘ilon shahridagi "Burhoniddin Marg‘iloniy" yodgorlik majmuasiga safar tashkillanib, davlat rahbari tashabbuslari bilan mazkur majmua ustida katta islohot boshlangani e’tirof etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.