Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Yurak va ichak saratonini oldini oladi

11.11.2024   3012   4 min.
Yurak va ichak saratonini oldini oladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Mayiz – issiq va ho‘l mijozli bo‘lib, ichni yumshatuvchi xususiyatga ega. Asabni mustahkamlaydi, quvvatsizlik, madorsizlikni bartaraf qiladi, og‘izdagi hidni yaxshilab, me’dani kuchaytiradi. Mayiz bilan piyoz shirasidan tayyorlangan qaynatma tomoq bo‘g‘ilishini davolashda ijobiy natija beradi, tovush chiqishini ravonlashtiradi.

Mayizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi ko‘rar edilar. Uni fitr sadaqasi sifatida berishga tavsiya qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mayizni o‘zingizga lozim tuting. Albatta u achchiqlikni o‘chiradi, balg‘amni to‘xtatadi, asabni tinchlantiradi, charchoqni ketkazadi va yurakni himoyalaydi”, dedilar (Abu Nu’aymning Tibbun nabaviydagi rivoyati).

Ibn Qoyyim rahmatullohi alayh mayiz yaxshi ozuqa bo‘lishini va oshqozonni kuchaytirib, yodlashga manfaatli bo‘lishini aytganlar.

Zuhriy rahimahulloh esa: Kim hadis yodlashni xush ko‘rsa, mayiz yesin, deganlar.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mayizni ivitib berishar, uni o‘sha kuni, uning ertasiga va indiniga kechgacha ichar, keyin boshqalarga berib yuborishga yoki to‘kib tashlashga buyurar edilar(Imom Muslim rivoyat qilgan).

Mayizda kaliy, fosfor, kalsiy, magniy, mis, temir, uglevod, vitamin V, S va glyukoza moddalari mavjud. Mayiz antioksidlovchi moddalarga boy. Nafas olish va hazm qilish organlari kasallanishining oldini olishda katta yordam beradi.

Mutaxassislar mayizning bir qator tibbiy foydalarini sanab o‘tishgan. Bular quyidagilar:

1. Yuqori qon bosimini tushiradi.

2. Qondagi xolesterinni kamaytiradi.

3. Yurak saratonidan asraydi.

4. Mayiz suvda qaynatib ichilsa, yo‘talni bosadi.

5. Balg‘amni haydaydi.

6. Mikrob va viruslarga qarshi kurashadi.

7. Antioksidlovchi xususiyatga ega.

8. Tishlarga tosh yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

9. Tanani zaharli moddalardan tozalaydi.

10. Hayz qonini kamaytiradi.

11. Qorataloq, jigar va oshqozonni faollashtiradi.

12. Xotirani kuchaytiradi.

13. Yo‘g‘on ichak saratonidan asraydi.

14. Ko‘zni xastaliklardan asraydi.

15. Yallig‘lanishlarning oldini oladi.

16. Ichni yumshatadi.

17. Qonni tozalaydi.

18. Ovozni tiniqlashtiradi.

Mayiz quyidagi kasalliklarni muolaja qilishda yordam beradi:

1. Ich qotishi.

2. Bavosir.

3. Tish qurtlashi.

4. Bod (revmatizm, artrit).

5. Jigar va o‘t pufagi kasalliklari.

6. Noto‘g‘ri ovqatlanish va vazn tanqisligi tufayli kelib chiqadigan kasalliklar.

7. Tomoq og‘rig‘i.

8. O‘pka kasalliklari.

9. Buyrak va peshob pufagi kasalliklari.

10. Peshobni ushlab turolmaslik.

11. Bezgak (malyariya).

12. Podagra.

13. Bosh og‘rig‘i.

14. Sariq kasalligi.

15. Kamqonlik.

16. Oshqozon kasalliklari.

17. Oshqozonda kislota miqdorining oshib ketishi.

18. Qichima.

19. Suvchechak.

20. Tish, tirnoq va sochlarning mustahkamlanishida yordam beradi.

21. Muntazam mayiz iste’mol qilish og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarida ham asqatishi mumkin. Mayiz suvi esa milk shamollashi, stomatit yaralari hamda yo‘talga foydali.

22. Mayizli muolaja semizlik, yurak yetishmovchiligi, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi hamda qandli diabetda tavsiya etilmaydi.

 

Barcha ne’matlar odamzot salomatligi uchun yaratilgan, ammo uning me’yoridan oshig‘i zarar qiladi. Shu sabab, taomlanishda hamda ularni davo chorasi sifatida qo‘llashda, albatta, me’yorga amal qilish talab etiladi.

 

Muhammad Quddus Abdulmannon,
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qabristondagi mevalarni yeyish mumkinmi?

18.06.2025   1655   2 min.
Qabristondagi mevalarni yeyish mumkinmi?

Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi: 

1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).

Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.

Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.