Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mayiz – issiq va ho‘l mijozli bo‘lib, ichni yumshatuvchi xususiyatga ega. Asabni mustahkamlaydi, quvvatsizlik, madorsizlikni bartaraf qiladi, og‘izdagi hidni yaxshilab, me’dani kuchaytiradi. Mayiz bilan piyoz shirasidan tayyorlangan qaynatma tomoq bo‘g‘ilishini davolashda ijobiy natija beradi, tovush chiqishini ravonlashtiradi.
Mayizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi ko‘rar edilar. Uni fitr sadaqasi sifatida berishga tavsiya qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mayizni o‘zingizga lozim tuting. Albatta u achchiqlikni o‘chiradi, balg‘amni to‘xtatadi, asabni tinchlantiradi, charchoqni ketkazadi va yurakni himoyalaydi”, dedilar (Abu Nu’aymning “Tibbun nabaviy”dagi rivoyati).
Ibn Qoyyim rahmatullohi alayh mayiz yaxshi ozuqa bo‘lishini va oshqozonni kuchaytirib, yodlashga manfaatli bo‘lishini aytganlar.
Zuhriy rahimahulloh esa: “Kim hadis yodlashni xush ko‘rsa, mayiz yesin”, deganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mayizni ivitib berishar, uni o‘sha kuni, uning ertasiga va indiniga kechgacha ichar, keyin boshqalarga berib yuborishga yoki to‘kib tashlashga buyurar edilar” (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Mayizda kaliy, fosfor, kalsiy, magniy, mis, temir, uglevod, vitamin V, S va glyukoza moddalari mavjud. Mayiz antioksidlovchi moddalarga boy. Nafas olish va hazm qilish organlari kasallanishining oldini olishda katta yordam beradi.
Mutaxassislar mayizning bir qator tibbiy foydalarini sanab o‘tishgan. Bular quyidagilar:
1. Yuqori qon bosimini tushiradi.
2. Qondagi xolesterinni kamaytiradi.
3. Yurak saratonidan asraydi.
4. Mayiz suvda qaynatib ichilsa, yo‘talni bosadi.
5. Balg‘amni haydaydi.
6. Mikrob va viruslarga qarshi kurashadi.
7. Antioksidlovchi xususiyatga ega.
8. Tishlarga tosh yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
9. Tanani zaharli moddalardan tozalaydi.
10. Hayz qonini kamaytiradi.
11. Qorataloq, jigar va oshqozonni faollashtiradi.
12. Xotirani kuchaytiradi.
13. Yo‘g‘on ichak saratonidan asraydi.
14. Ko‘zni xastaliklardan asraydi.
15. Yallig‘lanishlarning oldini oladi.
16. Ichni yumshatadi.
17. Qonni tozalaydi.
18. Ovozni tiniqlashtiradi.
Mayiz quyidagi kasalliklarni muolaja qilishda yordam beradi:
1. Ich qotishi.
2. Bavosir.
3. Tish qurtlashi.
4. Bod (revmatizm, artrit).
5. Jigar va o‘t pufagi kasalliklari.
6. Noto‘g‘ri ovqatlanish va vazn tanqisligi tufayli kelib chiqadigan kasalliklar.
7. Tomoq og‘rig‘i.
8. O‘pka kasalliklari.
9. Buyrak va peshob pufagi kasalliklari.
10. Peshobni ushlab turolmaslik.
11. Bezgak (malyariya).
12. Podagra.
13. Bosh og‘rig‘i.
14. Sariq kasalligi.
15. Kamqonlik.
16. Oshqozon kasalliklari.
17. Oshqozonda kislota miqdorining oshib ketishi.
18. Qichima.
19. Suvchechak.
20. Tish, tirnoq va sochlarning mustahkamlanishida yordam beradi.
21. Muntazam mayiz iste’mol qilish og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarida ham asqatishi mumkin. Mayiz suvi esa milk shamollashi, stomatit yaralari hamda yo‘talga foydali.
22. Mayizli muolaja semizlik, yurak yetishmovchiligi, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi hamda qandli diabetda tavsiya etilmaydi.
Barcha ne’matlar odamzot salomatligi uchun yaratilgan, ammo uning me’yoridan oshig‘i zarar qiladi. Shu sabab, taomlanishda hamda ularni davo chorasi sifatida qo‘llashda, albatta, me’yorga amal qilish talab etiladi.
Muhammad Quddus Abdulmannon,
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi.
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov