frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Fitnachilarning jirkanch jinoyatlari

11.11.2024   8215   2 min.
Fitnachilarning jirkanch jinoyatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Qo‘zg‘alonchilar Madinaga qaytib kelib, hazrati Usmon roziyallohu anhuning hovlilarini qamal qilishganida, u kishi Madinai munavvarani himoya qilish uchun lashkar yuborishni talab qilib, voliylarga odam yubordilar. Shunda Madinadagi nizom buzildi, Usmon roziyallohu anhu sahobalardan urush qilmaslikni mahkam turib talab qildilar. Bu bilan o‘zlarining sababidan yomon hodisa bo‘lmasligini ixtiyor qilgan edilar. Madadlar yetib kelishiga oz qolgani to‘g‘risida xabar keldi. Qo‘zg‘alonchilar qo‘rqib, devordan oshib tushib, hazrati Usmon roziyallohu anhuning hovlilariga kirishdi. O‘sha paytda u zot Alloh taoloning «Kishilar ularga: «Odamlar sizga qarshi kuch to‘pladilar, ulardan qo‘rqinglar», deganda bu ularning iymonlarini ziyoda qildi va: «Bizga Allohning O‘zi yetarli, U qanday yaxshi vakil!» dedilar» oyatini qiroat qilib o‘tirar edilar (Oli Imron surasi, 173-oyat).

U kishi ularga e’tibor ham bermasdan tilovat qilaverdilar. Fitnachilar o‘zlarining jirkanch jinoyatlariga qo‘l urishganida ham hech qarshilik qilmay, Allohning Kitobini o‘qiyverdilar. Faqat xiyonat qilichining bir zarbasi qo‘llarini kesganida: «Allohga qasamki, bu qo‘l Qur’on oyatlarini birinchi bo‘lib yozgan qo‘l edi», dedilar, xolos. Qon otilib, mus'haf sahifalariga tushayotganini ko‘rib, darhol qo‘llarini o‘zlariga tortib oldilar.

Alloma Ibn Kasir «Al-bidoya van-nihoya»da Islom va musulmonlarning bu ulkan fojiasi qanday sodir bo‘lganini quyidagicha yozadilar:

«G‘ofiqiy ibn Harb u kishiga hamla qilib, temir (qilich) ila urdi va o‘qib o‘tirgan mus'haflarini tepib yubordi. U kishining qonlari mus'hafning ustiga to‘kildi. Savdon ibn Humron qilichini ko‘tarib, hamla qilib kelgan edi, xalifaning xotini yo‘lini to‘sdi. U ayolning panjalarini kesib yubordi. Jinoyatchilar hazrati Usmonni o‘ldirishganidan keyin boshini kesmoqchi bo‘lishgan edi, qizlari va xotinlari Noila va Ummul Baniynlar to‘sib qolishdi. Fitnachilardan biri: «Biz uchun uning moli ham xuddi qoni kabi haloldir!» deb qichqirdi. U kishining uylarini talon qilib, keyin Baytulmolga qarab yurishdi. Qorovullar bilan jang qilib, uni ham talashdi. Bu ish hijriy 35 yil 18 zulhijja, juma kuni sodir bo‘ldi».

U kishining xalifaliklari o‘n ikki yilu o‘n sakkiz kun davom etdi.

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   23349   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV