Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qo‘zg‘alonchilar Madinaga qaytib kelib, hazrati Usmon roziyallohu anhuning hovlilarini qamal qilishganida, u kishi Madinai munavvarani himoya qilish uchun lashkar yuborishni talab qilib, voliylarga odam yubordilar. Shunda Madinadagi nizom buzildi, Usmon roziyallohu anhu sahobalardan urush qilmaslikni mahkam turib talab qildilar. Bu bilan o‘zlarining sababidan yomon hodisa bo‘lmasligini ixtiyor qilgan edilar. Madadlar yetib kelishiga oz qolgani to‘g‘risida xabar keldi. Qo‘zg‘alonchilar qo‘rqib, devordan oshib tushib, hazrati Usmon roziyallohu anhuning hovlilariga kirishdi. O‘sha paytda u zot Alloh taoloning «Kishilar ularga: «Odamlar sizga qarshi kuch to‘pladilar, ulardan qo‘rqinglar», deganda bu ularning iymonlarini ziyoda qildi va: «Bizga Allohning O‘zi yetarli, U qanday yaxshi vakil!» dedilar» oyatini qiroat qilib o‘tirar edilar (Oli Imron surasi, 173-oyat).
U kishi ularga e’tibor ham bermasdan tilovat qilaverdilar. Fitnachilar o‘zlarining jirkanch jinoyatlariga qo‘l urishganida ham hech qarshilik qilmay, Allohning Kitobini o‘qiyverdilar. Faqat xiyonat qilichining bir zarbasi qo‘llarini kesganida: «Allohga qasamki, bu qo‘l Qur’on oyatlarini birinchi bo‘lib yozgan qo‘l edi», dedilar, xolos. Qon otilib, mus'haf sahifalariga tushayotganini ko‘rib, darhol qo‘llarini o‘zlariga tortib oldilar.
Alloma Ibn Kasir «Al-bidoya van-nihoya»da Islom va musulmonlarning bu ulkan fojiasi qanday sodir bo‘lganini quyidagicha yozadilar:
«G‘ofiqiy ibn Harb u kishiga hamla qilib, temir (qilich) ila urdi va o‘qib o‘tirgan mus'haflarini tepib yubordi. U kishining qonlari mus'hafning ustiga to‘kildi. Savdon ibn Humron qilichini ko‘tarib, hamla qilib kelgan edi, xalifaning xotini yo‘lini to‘sdi. U ayolning panjalarini kesib yubordi. Jinoyatchilar hazrati Usmonni o‘ldirishganidan keyin boshini kesmoqchi bo‘lishgan edi, qizlari va xotinlari Noila va Ummul Baniynlar to‘sib qolishdi. Fitnachilardan biri: «Biz uchun uning moli ham xuddi qoni kabi haloldir!» deb qichqirdi. U kishining uylarini talon qilib, keyin Baytulmolga qarab yurishdi. Qorovullar bilan jang qilib, uni ham talashdi. Bu ish hijriy 35 yil 18 zulhijja, juma kuni sodir bo‘ldi».
U kishining xalifaliklari o‘n ikki yilu o‘n sakkiz kun davom etdi.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati