Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Mas’ud, Alqama, Naxa’iyning fiqhi bizga Abu Hanifaning yo‘li orqali yetib kelgan. Abu Hanifa ularni tartiblab, bir nizomga solib chiqqani uchungina mazhab uning nomi bilan atalib qoldi. Yana «Moturidiy mazhabi», deymiz. Aqoiddagi moturidiya mazhabini imom Moturidiyga nisbat beramiz. Xo‘sh, aqoidni u paydo qilganmi?! Axir bu sahobalarning aqidasi-ku! Imom Moturidiy esa hijriy to‘rtinchi asrda yashagan. Imom Moturidiy imom Tahoviy aytgan aqoidning ayni o‘zini aytadi, xolos. Vaholanki, imom Tahoviy Misrda, imom Moturidiy esa Samarqandda yashagan. Imom Tahoviy kitobining boshida: «Bu kitob uch imomimiz: Abu Hanifa Nu’mon, Qozi Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan Shayboniylarning aqiydasi», deydi. Lekin Tahoviydagi narsalar Moturidiyda ham bor. Holbuki, biri Misrda, biri Samarqandda yashagan, bir-biri bilan ko‘rishmagan.
Demak, Moturidiyning gaplari uning o‘z fikrlari emas. Bu aqiyda Abu Hanifaniki, uning aqiydasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamnikidir.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati