Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlab, joriy yilning 11–16-noyabr kunlari respublikaning barcha hududida “Bagʻrikenglik haftaligi” oʻtkaziladi. https://t.me/DinQumita
Haftalik doirasida Respublika umumtaʼlim maktablarida “Bagʻrikenglik mening nazdimda” mavzusida eng yaxshi insholar tanlovlari, “Mening bagʻrikeng dunyoim” mavzusida eng yaxshi rasmlar tanlovlari, bagʻrikenglikni targʻib qiluvchi sheʼrxonlik kechalari;
Respublika oliy taʼlim muassasalarida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy maʼrifat va millatlararo bagʻrikenglik – jamiyat barqarorligi sharti” mavzularida ilmiy-amaliy va maʼrifiy tadbirlar, “Millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzusida davra suhbatlari boʻlib oʻtadi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati
Joriy yilning 6-19 avgust kunlari Makkai mukarramadagi Masjidul-Haramda o‘tkaziladigan Podshoh Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro Qur’on musobaqasida o‘zbekistonlik iqtidorli qori va qoriyalarimiz ishtirok etadi.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasida xalqaro Qur’on musobaqasi ishtirokchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda diniy ta’lim muassasalaridan saralab olingan qori va qoriyalarga musobaqa tartib-qoidalari, unda ishtirok etish bo‘yicha zarur yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berildi.
Muhim yangilik: 2026 yildan Saudiya Arabistonining 46-mavsum xalqaro Qur’on musobaqasi tarixida ilk bor ayol-qizlar yo‘nalishi joriy etildi.
Yurtimiz sharafini himoya qiladigan vakillarimiz bilan tanishing:
Erkak qorilar:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
Ayol qoriyalar:
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
Alloh taolo nufuzli musobaqada ishtirok etadigan vakillarimizga ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati