Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshev bu haqda quyidagilarni gapirib berdi:
– Aslida bag‘rikenglik o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan fazilat. Agar butun dunyoda tolerantlik “toqat etish”, “sabr” kabi tushunchalarni anglatsa, bizda bag‘rikenglik odamiylik, odamgarchilik kabi tushunchalar bilan hamohangdir.
Darhaqiqat, keyingi yillarda inson sha’nini ulug‘lash, yoshlarni milliy va umumbashariy ezgu g‘oyalar asosida tarbiyalash, tinchlikparvar siyosat olib borish, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan samimiy munosabatlarni o‘rnatish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ilg‘or tashabbuslardan sanaladi.
2017 yilda bu boradagi amaliy ishlar jahon e’tibori va e’tirofiga tushdi. Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Jamiyatimizda o‘zaro hamjihatlik va turli millatlar o‘rtasida ahillik masalalari “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan.
Bugungi kunda qo‘mitamiz tomonidan millatlararo munosabatlar sohasida amaliy ishlar olib borish, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish, chet eldagi vatandoshlar bilan muloqot o‘rnatish borasida samarali faoliyat yuritilmoqda.
Aytish kerakki, milliy madaniyat markazlari faoliyati uchun keng imkoniyatlar ochildi. Ularning rahbarlari endilikda oylik ish haqi asosida ishlamoqda. Mamlakatimizning hududlarida bir qator “Do‘stlik uylari” barpo etildi. Milliy madaniyat markazlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Ta’lim o‘zga tillarda olib boriladigan maktablarga o‘quv darsliklari va badiiy adabiyotlar doimiy yetkazib berilmoqda. Milliy madaniyat markazlarining ma’rifiy loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Parlament komissiyasining fondi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mamlakatimizga xorijdan kelayotgan mehmonlar bugungi kunda O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasidagi ezgu ishlarni ibrat sifatida juda yuksak e’tirof etmoqda.
Albatta, ezgu ishlar "Bag‘rikenglik haftaligi" bilan cheklanib qolmaydi. Bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar bardavomligi bilan diqqatga sazovor.
Nazokat Usmonova yozib oldi.
O‘zA
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati