Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2025   |   15 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:06
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:36
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2025, 15 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidenti Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topilishi muhimligini ta’kidladi

12.11.2024   3244   3 min.
O‘zbekiston Prezidenti Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topilishi muhimligini ta’kidladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym!
Hurmatli rais janoblari!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga bag‘ishlangan bugungi muhim sammitimizni tashkil etganlari uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud A’lo Hazratlariga hamda Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud Hazrati Oliylariga alohida minnatdorlik bildiraman.

Ming afsuski, 2023 yili Ar-Riyod shahridagi tarixiy yig‘ilishdan keyin o‘tgan vaqt mobaynida ushbu adolatsiz va qonli urush ko‘lami yanada kengaydi.

Dunyo hamjamiyatining qat’iy harakat va chaqiriqlariga qaramasdan, xalqaro me’yorlar va rezolyutsiyalarning qo‘pol ravishda buzilishi davom etmoqda. Urush olovi endilikda Livan hududini ham qamrab olgani barchamizni qattiq larzaga solmoqda.

Hamkasblarim o‘z nutqlarida aytib o‘tganlaridek, ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar o‘limiga sabab bo‘layotgan bu vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanmoqda.

Ijtimoiy infratuzilma obyektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yo‘q qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasalliklarga mahkum bo‘layotganini iztirobsiz kuzatish mumkin emas.

Eng yomoni, hammamiz guvoh bo‘layotganimizdek, ushbu fojiaga nisbatan xalqaro maydonda ikki xil standartlar asosida yondashilmoqda. Bu esa urushning keng yoyilib ketish ehtimolini keskin oshirmoqda, xalqaro xavfsizlikka jiddiy raxna solmoqda.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

O‘zbekiston Falastin – Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu borada bugungi sammitimizda umumiy siyosiy iroda va birdamlikni namoyon etib, global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqib, hayotga tezroq joriy etilishiga ishonamiz.

Gap, eng avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining mazkur ko‘p yillik nizoni hal etishdagi o‘rni va ta’sirini tubdan oshirish haqida bormoqda.

Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va eng asosiysi – tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari bu universal xalqaro tuzilmaning doimiy e’tibor markazida turishi maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchidan, 15 noyabr kuni jafokash Falastin xalqi o‘z milliy bayrami – Falastin Davlati e’lon qilingan kunni nishonlaydi.

Aminmanki, bu qadimiy va boy tarixga ega xalq 1967 yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqlidir. Bu borada biz Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyatini har tomonlama ma’qullaymiz.

Uchinchidan, Falastin va Livan hududidagi mislsiz gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida davlatlarimiz tomonidan hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar doirasida yordam ko‘lamini kengaytirishimiz lozim.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining katta tajribaga ega bo‘lgan Maxsus agentligi va boshqa institutlari faoliyatiga zaruriy ko‘makni oshirish tarafdorimiz.

Shu o‘rinda biz urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyorligimizni bildiramiz.

Biz Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyatidamiz.

To‘rtinchidan, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini ta’minlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga katta e’tibor qaratishimiz lozim.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugungi favqulodda uchrashuvimiz Yaqin Sharq muammosini hal etishda katta qadam bo‘ladi, deb umid qilaman.

Alloh taolodan jahonda tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik ne’matini ziyoda etishini va ummatimiz ahilligini yanada mustahkam qilishini so‘rab qolaman.

 

Yangiliklar
Boshqa maqolalar

Huquqiy savodxonlik soati

07.05.2025   14127   1 min.
Huquqiy savodxonlik soati

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.


Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar. 


Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash,  qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.


Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.


Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. 


Yig‘ilish davomida  qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga  mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Huquqiy savodxonlik soati Huquqiy savodxonlik soati Huquqiy savodxonlik soati Huquqiy savodxonlik soati