Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ ثَوْبَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا تَزَالُ طَائِفَةٌ مِنْ أُمَّتِي عَلَى الْحَقِّ، ظَاهِرِينَ لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ يَخْذُلُهُمْ، حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللهِ». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَمُسْلِمٌ.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ummatimdan bir toifa haqda ustun bo‘lgan hollarida bardavom bo‘ladilar. Ularni xorlamoqchi bo‘lganlar Allohning amri kelguncha ularga zarar yetkaza olmaslar», dedilar». Termiziy, Abu Dovud va Muslim rivoyat qilganlar.
Sharh: Dunyo qancha o‘zgarsa ham, odamlar qancha buzilsa ham, baribir musulmon ummatidan bir toifa Qiyomat qoyim bo‘lgunicha haqda sobit turadi. Ularga boshqalarning dushmanlik qilishi, ularni xorlashi yoki boshqa chora-tadbirlari zarar yetkaza olmaydi. O‘shalardan biri Imom Mahdiy roziyallohu anhu bo‘ladilar.
زَادَ مُسْلِمٌ: «فَيَنْزِلُ عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَيَقُولُ أَمِيرُهُمْ: تَعَالَ صَلِّ لَنَا، فَيَقُولُ: لَا، إِنَّ بَعْضَكُمْ عَلَى بَعْضٍ أُمَرَاءُ، تَكْرِمَةَ اللهِ هَذِهِ الْأُمَّةَ».
Imom Muslim:
«Iyso ibn Maryam sollallohu alayhi vasallam tushganida ularning amiri: «Keling, bizga namoz o‘qib bering», deydi. Shunda u zot: «Yo‘q. Sizlar bir-biringizga amirsizlar. Bu – Allohning ushbu ummatga qilgan ikromidir», deydi», deb ziyoda qilgan.
Sharh: Musulmonlarning o‘sha paytdagi amiri Imom Mahdiy roziyallohu anhu bo‘ladilar. Oxirzamonda Iyso alayhissalom tushsalar ham, o‘zlariga topshirilgan ishlarni qilsalar ham, musulmonlarga namoz o‘qib berish uchun imom bo‘lmas ekanlar, chunki o‘sha vaqtda ham musulmonlarning orasidan bu ishga salohiyatlilar bo‘lar ekan.
عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِنَّكُمْ مَنْصُورُونَ وَمُصِيبُونَ، وَمَفْتُوحٌ لَكُمْ، فَمَنْ أَدْرَكَ ذَلِكَ مِنْكُمْ فَلْيَتَّقِ اللهَ وَلْيَأْمُرْ بِالْمَعْرُوفِ وَلْيَنْهَ عَنِ الْمُنْكَرِ، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ».
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Sizlar – nusrat berilgan, haqni topgan, fath berilgan ummatsiz. Sizlardan kim o‘sha kunga yetishsa, amri ma’ruf, nahyi munkar qilsin. Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi joyiga tayyorlanaversin».
Sharh: Musulmon ummati ichida haqda bardavom bo‘lgan toifaga Alloh taolo doimiy ravishda nusrat beradi, ularning ishlari to‘g‘ri bo‘ladi, hidoyatdagi imomlar bilan birga bo‘lganlari uchun Alloh taolo ularga fathu nusrat ham beradi. Oxirzamonda o‘sha holga yetishgan banda amri ma’ruf va nahyi munkar bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak, ammo zinhor-bazinhor Payg‘ambar alayhissalomning nomlaridan yolg‘on to‘qib gapirmasligi kerak.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا كَانَ أُمَرَاؤُكُمْ خِيَارَكُمْ وَأَغْنِيَاؤُكُمْ سُمَحَاءَكُمْ، وَأُمُورُكُمْ شُورَى بَيْنَكُمْ، فَظَهْرُ الْأَرْضِ خَيْرٌ لَكُمْ مِنْ بَطْنِهَا، وَإِذَا كَانَ أُمَرَاؤُكُمْ شِرَارَكُمْ، وَأَغْنِيَاؤُكُمْ بُخَلَاءَكُمْ، وَأُمُورُكُمْ إِلَى نِسَائِكُمْ، فَبَطْنُ الْأَرْضِ خَيْرٌ لَكُمْ مِنْ ظَهْرِهَا». رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Yaxshilaringiz amir bo‘lsa, boylaringiz saxiy bo‘lsa, ishlaringiz o‘zaro mashvarat bo‘lsa, sizlar uchun yerning usti uning ostidan yaxshidir. Yomonlaringiz amir bo‘lsa, boylaringiz baxil bo‘lsa, ishlaringiz xotinlaringiz qo‘liga o‘tsa, sizlar uchun yerning osti uning ustidan yaxshidir».
Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Bundan musulmon ummatida yaxshi sifatlarga ega bo‘lgan kishilarning ishboshi bo‘lishiga, boylarning saxiy bo‘lishiga, ishni mashvarat asosida olib borishga ahamiyat berish zarurligi kelib chiqadi.
«Fitnalar va Qiyomat alomatlari» kitobidan
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.