Sayt test holatida ishlamoqda!
28 May, 2025   |   1 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:31
Shom
19:50
Xufton
21:24
Bismillah
28 May, 2025, 1 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Siz – nusrat berilgan, haqni topgan, fath berilgan ummatsiz

12.11.2024   4118   4 min.
Siz – nusrat berilgan, haqni topgan, fath berilgan ummatsiz

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ ثَوْبَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا تَزَالُ طَائِفَةٌ مِنْ أُمَّتِي عَلَى الْحَقِّ، ظَاهِرِينَ لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ يَخْذُلُهُمْ، حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللهِ». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَمُسْلِمٌ.

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ummatimdan bir toifa haqda ustun bo‘lgan hollarida bardavom bo‘ladilar. Ularni xorlamoqchi bo‘lganlar Allohning amri kelguncha ularga zarar yetkaza olmaslar», dedilar». Termiziy, Abu Dovud va Muslim rivoyat qilganlar.

Sharh: Dunyo qancha o‘zgarsa ham, odamlar qancha buzilsa ham, baribir musulmon ummatidan bir toifa Qiyomat qoyim bo‘lgunicha haqda sobit turadi. Ularga boshqalarning dushmanlik qilishi, ularni xorlashi yoki boshqa chora-tadbirlari zarar yetkaza olmaydi. O‘shalardan biri Imom Mahdiy roziyallohu anhu bo‘ladilar.

زَادَ مُسْلِمٌ: «فَيَنْزِلُ عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَيَقُولُ أَمِيرُهُمْ: تَعَالَ صَلِّ لَنَا، فَيَقُولُ: لَا، إِنَّ بَعْضَكُمْ عَلَى بَعْضٍ أُمَرَاءُ، تَكْرِمَةَ اللهِ هَذِهِ الْأُمَّةَ».

Imom Muslim:

«Iyso ibn Maryam sollallohu alayhi vasallam tushganida ularning amiri: «Keling, bizga namoz o‘qib bering», deydi. Shunda u zot: «Yo‘q. Sizlar bir-biringizga amirsizlar. Bu – Allohning ushbu ummatga qilgan ikromidir», deydi», deb ziyoda qilgan.

Sharh: Musulmonlarning o‘sha paytdagi amiri Imom Mahdiy roziyallohu anhu bo‘ladilar. Oxirzamonda Iyso alayhissalom tushsalar ham, o‘zlariga topshirilgan ishlarni qilsalar ham, musulmonlarga namoz o‘qib berish uchun imom bo‘lmas ekanlar, chunki o‘sha vaqtda ham musulmonlarning orasidan bu ishga salohiyatlilar bo‘lar ekan.

عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِنَّكُمْ مَنْصُورُونَ وَمُصِيبُونَ، وَمَفْتُوحٌ لَكُمْ، فَمَنْ أَدْرَكَ ذَلِكَ مِنْكُمْ فَلْيَتَّقِ اللهَ وَلْيَأْمُرْ بِالْمَعْرُوفِ وَلْيَنْهَ عَنِ الْمُنْكَرِ، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ».

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Sizlar – nusrat berilgan, haqni topgan, fath berilgan ummatsiz. Sizlardan kim o‘sha kunga yetishsa, amri ma’ruf, nahyi munkar qilsin. Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi joyiga tayyorlanaversin».

Sharh: Musulmon ummati ichida haqda bardavom bo‘lgan toifaga Alloh taolo doimiy ravishda nusrat beradi, ularning ishlari to‘g‘ri bo‘ladi, hidoyatdagi imomlar bilan birga bo‘lganlari uchun Alloh taolo ularga fathu nusrat ham beradi. Oxirzamonda o‘sha holga yetishgan banda amri ma’ruf va nahyi munkar bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak, ammo zinhor-bazinhor Payg‘ambar alayhissalomning nomlaridan yolg‘on to‘qib gapirmasligi kerak.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا كَانَ أُمَرَاؤُكُمْ خِيَارَكُمْ وَأَغْنِيَاؤُكُمْ سُمَحَاءَكُمْ، وَأُمُورُكُمْ شُورَى بَيْنَكُمْ، فَظَهْرُ الْأَرْضِ خَيْرٌ لَكُمْ مِنْ بَطْنِهَا، وَإِذَا كَانَ أُمَرَاؤُكُمْ شِرَارَكُمْ، وَأَغْنِيَاؤُكُمْ بُخَلَاءَكُمْ، وَأُمُورُكُمْ إِلَى نِسَائِكُمْ، فَبَطْنُ الْأَرْضِ خَيْرٌ لَكُمْ مِنْ ظَهْرِهَا». رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Yaxshilaringiz amir bo‘lsa, boylaringiz saxiy bo‘lsa, ishlaringiz o‘zaro mashvarat bo‘lsa, sizlar uchun yerning usti uning ostidan yaxshidir. Yomonlaringiz amir bo‘lsa, boylaringiz baxil bo‘lsa, ishlaringiz xotinlaringiz qo‘liga o‘tsa, sizlar uchun yerning osti uning ustidan yaxshidir».

Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: Bundan musulmon ummatida yaxshi sifatlarga ega bo‘lgan kishilarning ishboshi bo‘lishiga, boylarning saxiy bo‘lishiga, ishni mashvarat asosida olib borishga ahamiyat berish zarurligi kelib chiqadi.

«Fitnalar va Qiyomat alomatlari» kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi

28.05.2025   947   1 min.
Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi

Bugun, 28 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov Jahon banki xususiy sektor diagnostikasi bo‘yicha delegatsiyani qabul qildi. 


Uchrashuv avvalida Muhammadolim domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va tilaklarini yetkazdi. So‘ngra yurtimizda ko‘plab sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan yangilanishlar haqida so‘zlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi. 


O‘z navbatida delegatsiya a’zosi bo‘lgan katta iqtisodchi Levent Karaday samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zi faoliyat yuritayotgan xalqaro moliya tashkiloti xususiy sektorga sarmoya kiritishi, ayni maqsadda joriy yil boshida ham kelganlari, o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, shu bois ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirayotganlarini aytib o‘tdi. 


Muloqot davomida Diniy idora tasarrufidagi ziyoratgohlar, ularning faoliyati to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Shuningdek, xorijiy delegatsiya vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi
O'zbekiston yangiliklari