Shu yil 9 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramiddin Razovning boshchiligidagi qoziyot xodimlari, tumanlar bosh imomlari va hojilardan iborat guruh Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Salmen eshon”, “Allahberdi Aziz”, “Muhammmad Baxiy eshon” va “Yerejep biy” masjidlarining ish faoliyatini o‘rganish, imom-xatiblar bilan tajriba almashish, ularga amaliy ko‘rsatmalar berish maqsadida tadbir tashkil qilindi.
Tadbirda masjidlar atrofidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi notinch, yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan ham xabar olinib, ularga moddiy yordamlar berish ham belgilangan.
Bosh imomlar masjidlarda amalga oshirilgan tozalash, obodonlashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, masjidlarda ish yuritish hujjatlari bilan tanishdi. Mazkur masjidlarda peshin namozidan so‘ng “Masjid odobi”, “Tinchlik va xotirjamlik – oliy ne’mat”, “Shukronalik» mavzularida maruzalar qilindi.
D.Bekanov,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.