Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Onasini xizmatini qilish uchun hajga bormagan sahoba

12.11.2024   3292   5 min.
Onasini xizmatini qilish uchun hajga bormagan sahoba

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنِ الْحَسَنِ، فِي الرَّجُلِ يَكُونُ لَهُ وَالِدَانِ، أَيَخْرُجُ لِلتِّجَارَةِ؟ قَالَ: إِنْ كَانَتْ لَهُ مِنْهَا مَنْدُوحَةٌ فَلَا يَخْرُجُ.

Hasandan rivoyat qilinadi: «Bir odamning ota-onasi bor. U tijoratga chiqadimi?» (deb so‘rashdi). U: «Agar o‘shani qilmaslik imkoni bo‘lsa, chiqmasin», dedi».

Sharh: O‘sha vaqtlarda odamlar oylab tijorat safarida yurishgan. Karvonlarga mollarini ortib, Shomga olib borib sotar, u yerdan yana boshqa narsalarni olib qaytishar edi.

«Ota-onasi bor odam ularni tashlab, tijoratga ketsa bo‘ladimi?» degan savolga imom Hasan Basriy shunday javob aytibdilar: «Agar o‘sha tijoratni qilmasa ham kuni o‘tadigan bo‘lsa, bormagani yaxshi».

Tijorat ortiqcha zebu ziynat uchun mol ishlash maqsadida bo‘ladigan bo‘lsa, unga bormay qo‘yaversin. Ota-onasining xizmatini qilsin, duosini olsin. Ana shuning o‘zi ziyoda mol topishdan ko‘ra yaxshi.

عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: بَلَغَنَا أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ لَمْ يَكُنْ يَحُجُّ حَتَّى مَاتَتْ أُمُّهُ لِصُحْبَتِهَا.

Zuhriydan rivoyat qilinadi: «Bizga aytilishicha, Abu Hurayra onasining suhbati uchun u vafot etgunicha haj qilmagan».

Sharh: Abu Hurayra roziyallohu anhu onalarini behad hurmat qilib, «Onajonimning suhbatlarini topay, xizmatlarini qilay», deb haj ham qilmaganlar. Onalari vafot etganidan keyingina haj qilganlar. Bu ulug‘ sahobiyning onaga bo‘lgan hurmati. Hattoki hajni ham keyinroqqa qoldirib, onajonimning xizmatidan qolmay, u kishining suhbatidan mahrum bo‘lmay deb, fidoyilik qilganlar.

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، جِئْتُ أُبَايِعُكَ عَلَى الْهِجْرَةِ، وَقَدْ تَرَكْتُ أَبَوَايَ يَبْكِيَانِ. قَالَ: «فَارْجِعْ إِلَيْهِمَا، فَأَضْحِكْهُمَا كَمَا أَبْكَيْتَهُمَا».

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, huzuringizga hijratga bay’at qilgani keldim. Ota-onamni yig‘lagan hollarida tashlab keldim», dedi.

«Ikkovlarining huzuriga qayt! Ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldir», dedilar».

Sharh: Demak, hijratga chiqish ma’nosida ham ota-onaning ruxsati zarur ekan. Ularni norozi qilib, hijratga ketishga farzandning haqqi yo‘q ekan. Shuning uchun Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam hattoki hijratga otlangan sahobalarining ham ota-onalari norozi bo‘lganlarining xabarini eshitganlaridan so‘ng ularni tezda orqaga qaytishga, ota-onasini xursand qilishga, ularga itoat etishga buyurgan ekanlar.

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُبَايِعُهُ عَلَى الْهِجْرَةِ، فَقَالَ: مَا جِئْتُ حَتَّى أَبْكَيْتُ أَبَوَايَ. قَالَ: «فَارْجِعْ إِلَيْهِمَا فَأَضْحِكْهِمَا».

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga hijrat uchun bay’at qilgani keldi va: «Ota-onamni yig‘laganicha qoldirib keldim», dedi.

«Ularning oldiga qayt! Ularni kuldir!» dedilar».

Sharh: Bu hadisi sharif ham avvalgi rivoyatga o‘xshar ekan. «Bir odam kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga hijrat haqida bay’at qilmoqchi bo‘ldi», deydilar roviy. Lekin gapining ichida: «Men kelayotib, ota-onamni yig‘latib keldim», dedi. «Yo‘q, orqangga qayt, borib, ularni kuldirgin», dedilar Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam.

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَجُلٌ فَقَالَ: جِئْتُكَ لِأُبَايِعَكَ عَلَى الْهِجْرَةِ، وَقَدْ تَرَكْتُ أَبَوَايَ يَبْكِيَانِ. قَالَ: «ارْجِعْ إِلَيْهِمَا، فَأَضْحِكْهُمَا كَمَا أَبْكَيْتَهُمَا».

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, huzuringizga hijratga bay’at qilgani keldim. Ota-onamni yig‘lagan hollarida tashlab keldim», dedi.

«Ularga qayt! Ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday qilib kuldir», dedilar».

Sharh: Bu hadisi sharif avval ham kelgan. Lekin ta’kid uchun yana keltirilyapti. Chunki uni boshqa odamlar ham rivoyat qilishgan.

Bir odam kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Men sizga hijrat uchun bay’at qilgani keldim. Lekin ota-onam yig‘lab qoldilar», dedi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam mazkur sahobaga: «Ota-onangning oldiga bor, ularni kuldirgin», deb farmon berdilar.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

13.06.2025   8250   2 min.
Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.

Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimis­tonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!

Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!

Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin  u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.

Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.

Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].

Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.

 Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy va Imom  Abu Dovud rivoyati.
[2]  Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).