1. Qur’oni karim tilovat qiling. Shunda farishtalar sizni qurshab oladilar.
وَمَا اجْتَمَعَ قَوْمٌ في بَيت مِنْ بُيُوتِ اللهِ تَعَالَى ، يَتْلُونَ كِتَابَ اللهِ ، وَيَتَدَارَسُونَهُ بَيْنَهُمْ إلاَّ نَزَلَتْ عَلَيْهِمُ السَّكِينَةُ وَغَشِيتْهُمُ الرَّحْمَةُ وَحَفَّتْهُمُ المَلاَئِكَةُ وَذَكَرَهُمُ الله فِيمَنْ عِندَهُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir qavm Allohning uylaridan birida jam bo‘lib, Allohning kitobini tilovat qilsalar, uni o‘rgansalar, albatta, ularning ustiga sakiyna tushadi, ularni rahmat o‘rab oladi, farishtalar qurshab oladi va Alloh O‘z huzuridagilar qatorida zikr qiladi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
2. Musulmon birodaringiz haqqiga g‘oyibona duo qiling. Shunda farishtalar sizning haqqingizga duo qiladilar.
دعوةُ المرءِ المُسْلِمِ لأخِيهِ بِظَهْرِ الغَيْبِ مستجابةٌ، عِنْدَ رأسهِ مَلَكٌ موكلٌ، كُلما دَعا لأخِيهِ بخيرٍ، قالَ المَلَكُ الموكلُ بِهِ: آمِينَ، وَلَكَ بمثلٍ
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qay bir musulmon birodari haqiga duo qilsa, farishtalar unga: “Senga ham shu bo‘lsin, omin!” deb turishadi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
3. Bemorlarni ziyorat qilib turing. Shunda farishtalar sizning haqqingizga salavot aytadilar.
مَا مِنْ مُسْلِم يَعُودُ مُسْلِماً غُدْوة إِلاَّ صَلَّى عَلَيْهِ سَبْعُونَ ألْفَ مَلَكٍ حَتَّى يُمْسِي وَإنْ عَادَهُ عَشِيَّةً إِلاَّ صَلَّى عَلَيْهِ سَبْعُونَ ألْفَ مَلَكٍ حَتَّى يُصْبحَ وَكَانَ لَهُ خَرِيفٌ في الْجَنَّةِ
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir musulmon boshqa bir betob musulmonni ertalab borib ko‘rsa, albatta, unga kechqurungacha yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kechqurun kasalni ko‘rsa, albatta unga 70 ming farishta ertalabgacha salavot aytadi. Yana unga jannatda bir bog‘ yaratiladi” (Imom Termiziy rivoyati).
4. Jamoat namozining birinchi safida turishga intiling. Shunda Alloh taolo va Uning farishtalari sizning haqqingizga salavot aytadilar.
إنّ الله وملائِكتَهُ يُصَلُّونَ على الصَّفِّ الأَوَّلِ
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh va uning farishtalari birinchi safdagilarga salavot aytadi”, dedilar (Imom Moja, Imom Ahmad, Imom Abu Dovud rivoyati).
5. Hamisha Alloh taoloning zikri bilan band bo‘ling. Shunda farishtalar sizni o‘rab oladilar.
إِنَّ لِلَّهِ مَلاَئِكَةً يَطُوفُونَ فِي الطُّرُقِ يَلْتَمِسُونَ أَهْلَ الذِّكْرِ، فَإِذَا وَجَدُوا قَوْمًا يَذْكُرُونَ اللَّهَ تَنَادَوْا: هَلُمُّوا إِلَى حَاجَتِكُمْ قَالَ: فَيَحُفُّونَهُمْ بِأَجْنِحَتِهِمْ إِلَى السَّمَاءِ الدُّنْيَا
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Allohning bir toifa farishtalari bor. Ular yo‘llarda aylanib zikr qiluvchilar (ahli zikr)ni izlab yuradilar. Qachon ular Allohni zikr qilayotgan qavmni topsalar “o‘zingiz istagan narsaga kelinglar” deb nido qiladilar. Bas, ularni qanotlari bilan o‘rab olib, dunyo osmoni barobar bo‘lib turadilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD