Bag‘rikenglik haftaligi doirasida 12 noyabr kuni Toshkent Fotosuratlar uyida "O‘zbekiston - bag‘rikeng diyor" nomli fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ko‘rgazmada 60 dan ortiq fotoasarlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonda mavjud yirik diniy konfessiyalar rahbarlarining o‘zaro do‘stona aloqalarini, mamlakatimizdagi turli diniy tashkilotlar, ibodatxonalar, ularning emin-erkin faoliyatini, bayram va tantanalar, diniy urf-odatlarni namoyish etuvchi fotosuratlar jamlangan.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar tomonidan tomoshabinlar diqqatiga havola etilayotgan fotoasarlarda yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik aks ettirilgani haqida so‘z yuritilidi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati