Nabiy sollallohu alayhi vasallam rasul bo‘lib yuborilishlari bilan payg‘ambarlik davri yakuniga yetdi. Bu – qiyomat kuni yaqinligini bildiradi. Axir u zotning risolatlaridan so‘ng boshqa payg‘ambar ham, yangi shariat ham bo‘lmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qiyomat kuni va mening rasulligim ikki barmoq kabidir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Nabiy alayhissalom: “Qiyomat kuni va mening rasulligim ikki barmoq kabidir” (Imom Muslim rivoyati) deya ko‘rsatkich va katta barmoqlarini jamladilar.
Qays ibn Abu Hazim Abu Jubayr roziyallohu anhudan qilgan rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Qiyomat kuni yaqinlashishi boshlanishida yuborildim”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadi: “Qiyomat kunining birinchi belgisi bu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lib yuborilishlari sanaladi. Chunki u zot alayhissalom oxirzamon payg‘ambari va u zotdan so‘ng boshqa payg‘ambar kelmaydi”.
Alloh talo bunday marhamat qiladi: “Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi Zotdir” (Ahzob surasi, 40-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo Muhammad alayhissalomni “Payg‘ambarlarning muhri” deb atadi. Zero, har bir muhim yozma hujjat so‘nggida muhr bosilgani kabi oxirgi payg‘ambar kelgach, nubuvvat kitobiga ham muhr bosildi. Nabiy alayhissalom payg‘ambarlar muhri ekanlari inkor etib bo‘lmas haqiqatdir.
Manbalar asosida
Bahriddin XUSHBOQOV
tarjimasi.
وحدثنا محمد بن علي أبو جعفر نا عبيد الله بن محمد التيمي نا عبد الرحمن نا طلحة بن يحيى عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: دخلت على رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم وفي يده سفرجلة فألقاها إلي أو قال: رمى بها إلي وقال: دونكها يا أبا محمد فإنها تجم الفؤاد.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlariga kirdim. U zotning qo‘llarida bir behi bor edi. Uni menga tashlab [yoki menga otib]: “Ol, senga, ey Abu Muhammad, chunki u yurakni baquvvat qiladi”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD