Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yusuf alayhissalom Misrga podshoh bo‘lganlaridan keyin bir kuni qasrdan ko‘chaga qarab tursalar, juldur kiyimdagi notavon bir yigitga ko‘zlari tushdi. Uning holatiga rahmlari kelib, qalblari ezildi.
Shu onda Jabroil alayhissalom kelib: – Ey Yusuf, siz bu yigitni tanidingizmi? – deb so‘radilar.
Yusuf alayhissalom: – Yo‘q, – dedilar.
Jabroil alayhissalom: – Eslaysizmi, Misr azizining xotini sizni ortingizdan quvib kiyimingizni orqadan yirtib yuborganda, Misr aziziga guvohlik uchun beshikda yotgan emizikli bolani olib kelishgan va u go‘dak sizni beayb ekaningizga guvohlik bergan edi. Shu go‘dakning gapiga ko‘ra Aziz sizni kechirgan edi.
Yusuf alayhissalom: – Ha, albatta eslayman, – dedilar.
Jabroil alayhissalom: – O‘sha go‘dak mana shu yigit bo‘ladi, – dedilar.
Yusuf alayhissalom yigitni huzurlariga chaqirtirib keldilar va unga juda katta iltifot ko‘rsatdilar, egniga yangi liboslar kiydirdilar.
Buni kuzatib turgan Jabroil alayhissalom tabassum qildilar.
Jabroilning tabassum qilganini ko‘rgan Yusuf alayhissalom: – Ey Jabroil, nega tabassum qilyapsiz? Men uning haqidan ozroq narsa berdimmi? – deb so‘radilar.
Jabroil alayhissalom: – Yo‘q. Mening tabassum qilishimning boisi, Siz uning bir martagina guvohlik bergani uchun shuncha izzat-ikrom ko‘rsatdingiz. Alloh taolo Undan boshqa iloh yo‘q ekaniga bir kunda bir necha marta shahodat kalimasini aytib guvohlik beradigan bandasiga qancha izzat-ikrom ko‘rsatishini o‘ylab tabassum qildim, – dedilar.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi
Odamlarga asliy holatingizdan-da go‘zal muomalada bo‘ling. Zero, zulm umrni qisqartiradi. Biz atrofimizdagilarga zulm qilib, haqlariga rioya qilmaganimiz uchun ham ularni yo‘qotamiz. O‘z hisob-kitoblarimizni ularning kamchiliklari ustiga quramiz, lekin ulardagi oliyjanob fazilatlarni unutamiz. Ularni batamom aybsiz bo‘lishlariga talabgormiz, shuningdek, “odam bolasi xatodan xoli bo‘lmaydi” degan gapni dalil qilib o‘zimizni oqlaymiz.
Mabodo odamlar sizni toshbo‘ron qilsalar ham, bu toshlarni to‘plab, biror-bir uyni ta’mirlash uchun ishlating. Agar sizni gullar bilan qarshi olsalar, guldastalarni sizga ta’lim bergan va nochor paytingizda qo‘lingizdan tutganlarga ulashing.
Avval Allohga ishoning, keyin esa o‘zingizga. Ayblaringizni tan oling. Ishoning, agar siz o‘sha ayblaringizdan xalos bo‘lsangiz, orzularingizning ro‘yobga chiqishiga bir qadam qoladi... O‘z xatolaringizni yodingizda tuting, do‘stlaringiz, yaqin qarindosh-urug‘laringizni atrofingizda saqlab qolishni istasangiz, ularning xatolarini esingizdan chiqaring. Bilingki, haqiqiy saodat kishi boshqalarning aybini qo‘yib, o‘z ayblari bilan ovora bo‘lishidadir.
Bordi-yu, birorta ishda muvaffaqiyatni qo‘lga kiritsangiz, g‘ururlanib ketmang! Zero, Alloh azza va jalla bu borada Najm surasining 32-oyati karimasida: “...Shunday ekan o‘zingizni oqlamang, U kim taqvodorligini yaxshi biladir”, deya marhamat qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham kamtarlikka targ‘ib qilib: “Alloh taolo menga sizlarning kamtar bo‘lishingizni vahiy qildi. Toingki, birorta odam boshqaning oldida faxrlanmasin ham, zulm ham qilmasin”,[1] dedilar.
Yiqilganingizda “odamlar ataylab choh qazib qo‘ygan” degan noma’qul xayolni miyangizdan chiqarib tashlang. Aksincha, qayta turishga harakat qiling. Qaddingizni rostlab olsangiz-da, o‘zingiz kabi yiqilganlarga yordam qo‘lini cho‘zing, o‘zlarini tiklab olishlariga ko‘maklashing. Hayot yo‘llarining pastu balandlariga, mashaqqatlariga sabrli bo‘ling, ko‘zingizni kattaroq oching va aqlingizni yig‘ing.
Dushmaningiz ustidan g‘alaba qozonsangiz-da, uning omadsizligidan quvonmang. Kishi boshiga musibat kelsa, hech bo‘lmasa duo bilan hamdard bo‘ling. Alloh taolo Shuro surasining 43-oyatida bunday marhamat qiladi: «Shubhasiz, kim sabr qilib kechirsa, albatta, bu mardlik ishlaridandir». Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bunday deb duo qilardilar: “...Alloh, hasadgo‘y dushmanni mening mag‘lubiyatim sabab quvontirma”.
Qanoat hamda dangasalik, izzat hamda g‘urur va tavoze’ bilan xorlik orasini jamlay olmaysiz. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa, Alloh uning martabasini ko‘taradi, oxir borib illiyinning eng cho‘qqisiga olib chiqadi”, deya kamtar bo‘lishga targ‘ib qilganlar.
O‘zingiz uchun bir solih kishini do‘st tuting va uni asrab-avaylang. Bu borada Rasululloh sollallhu alayhi vasallam: “Kishi o‘z qadrdon do‘stining dinida bo‘ladi, shunday ekan har biringiz kim bilan do‘st tutinganiga bir nazar tashlasin!” dedilar. Solih do‘stingizni mayda-chuyda narsalar bilan itob qilavermang, uning yanglishishlariga ahamiyat bermang, axir, tamomi kamolot sifatiga ega bo‘lish faqat Alloh azza va jallaning O‘zigagina xosdir.
Odamlar bilan xusumatlashmang. Chunki behuda tortishuvlar do‘stlik arqonini uzib, ruhiyatlar orasida to‘siq paydo qiladi. Solih kishilarning ichi tor bo‘lmaydi, aksincha, ular ko‘nglini keng qiladilar va boshqalarning ayblarini ko‘taradilar. Odamlarning yomonliklarini xotirangizdan o‘chirib tashlang va ularning yaxshiliklarini yodingizda tuting.
Sizga taalluqli ishlarda xato qilganlarga ham bag‘rikeng bo‘ling, ularni “bir uzri bordir” deya oqlashni o‘rganing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Birortangiz Abu Zamzamday bo‘lishga kuchi yetmaydimi?! U qachon uyidan chiqsa, men o‘z obro‘yimni odamlarga sadaqa qildim, der edi”, degan so‘zlari ham odamlarning bir-birlariga aytgan ba’zi gaplari yoki xatolari borasida kengfe’lli bo‘lishga targ‘ibdir.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.