Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446
Maqolalar

Fitna vaqtida nima qilish kerak?

13.11.2024   2210   4 min.
Fitna vaqtida nima qilish kerak?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara, ya’ni mol-dunyo to‘plab manmanlik qilmoqning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar”, dedilar. Sahobalar: "Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz?". U zot alayhissalom: “Amirlaringizning farmoyishlariga itoat eting va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiring!” dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisning umumiy ma’nosi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asaraning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar”, dedilar.
Mol-dunyo fitnasi ham boshqa fitnalar kabi juda xatarli bo‘lib, o‘z sohibini turli balolarga va oxiratda alamli azobga mubtalo etuvchidir. Shuning uchun Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam sahobalarini hamda butun ummatni fitnalardan ogoh bo‘lishga chaqirib, zamonlar kelib mol-dunyo bilan fitnalangan manman, mutakabbir kishilarni va Islom diniga nomuvofiq ishlarga guvohi bo‘lishlarini bashorat qildilar.
Sahobalar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga nima deb amr qilasiz?" dedilar. Sahobalarning odatlaridan biri dunyo va oxirat ishlarini barchasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan maslahatlashib bajarish bo‘lgan. Shuning uchun sahobalar o‘z odatlariga binoan, vaqti kelib ana shunday fitnalarga duch bo‘lganda musulmon kishilar qanday yo‘l tutishsalar najot topishlari mumkinligini so‘radilar. U zot alayhissalom: “Amirlaringizning farmoyishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!”.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar jamiyati orasida turli fitnalar boshlanganda ummat uchun eng to‘g‘ri yo‘l – yurt rahbariga, hokimlarga itoat etish, farmonlarini bajarishga buyurdilar. Chunki bunday vaqtda qanday qilib bo‘lsa ham mamlakatda fuqarolarga tinchlikni ta’minlab berish va fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun boshqalarga nisbatan juda qattiq qayg‘uradigan, mana shunga intilib yashaydigan inson faqat yurt rahbari bo‘lar ekan. Shuning uchun turli fitnalarning oldini olishda musulmonlar suyanadigan eng ishonchli kishi faqat yurt rahbari bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga musulmon kishi o‘z zimmasidagi Alloh taoloning haqlarini, farz ibodatlarni bajarishi lozim ekanligini uqtirdilarki, boshqa manbalarda keltirilishicha Rasululoh sollallohu alayhi vasallam: “Fitna va qatl ko‘paygandagi ibodat xuddi menga hijrat qilgan kabidir”, deb o‘sha vaqtdagi ibodatning savobini Rasulga bo‘lgan muhabbat va hijratga tenglashtirgan ekanlar.


Fitnalar boshlanganda musulmon kishining bu ikki narsa – itoat va ibodatga chorlanishini buyuk hikmati bordir. Inson yurt rahbariga itoat qilish bilan jismi-jonini jismoniy fitnalardan himoya qilsa, ibodat bilan o‘z qalbini mafkuraviy fitnalardan himoya qiladi. Zero, dunyo fitnalarga aralashib turgan davrda oxirat saodatiga yetaman degan kishi uchun eng maqbul va so‘ngi yo‘l shudir.

Hadisdan olinadigan foydalar:

  • Fitnalarga to‘lgan zamonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin kelishi.
  • Mol-davlat insonni dunyoning turli fitnalariga solishi.
  • Musulmonlar orasida ham din-diyonatdan ko‘ra bu dunyo boyliklariga ko‘proq e’tibor beradigan kishilar paydo bo‘lishi.
  • Musulmonlarni nafratlantiradigan ishlarni ko‘payishi.
  • Dunyo va din ishlarini olim kishilardan maslahat so‘rab bajarish.
  • Musulmon kishilar yurt amiriga, podshohiga itoat qilishi lozim ekanligi.
  • Bilmagan ishning hikmatini rahbardan so‘rashning joizligi.
  • Fitnali zamonlar kelganda ham musulmonlar o‘z zimmalaridagi Allohning haqlarni unutmasligi.
  • Inson yurt rahbariga itoat qilish bilan jismi-jonini jismoniy fitnalardan himoya qilsa, ibodat bilan o‘z qalbini mafkuraviy fitnalardan himoya qilishi.

Hadisi sharifda jamiyat fuqarolarini o‘zaro ittifoqlikka chaqirib, fitnalardan ehtiyot bo‘lishga buyuriladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kimki o‘z amirining biror ishidan nafratlansa, sabr qilsin. Chunki sultonning itoatidan bir qarich bo‘lsa ham chiqqan kishi johiliyat, ya’ni Islom dinidan bexabar, johillar o‘limini topadi!” dedilar.

TII Modul ta’lim tizimi talabasi, To‘raqo‘rg‘on tuman
“Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Sufiyev Ja’farxon

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym” duosining fazilati

15.01.2025   3661   3 min.
“Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym” duosining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Mutorrif ibn Mus’ab aytadilar: “Men xalifa Mansurning huzuriga kirsam, u g‘amgin va xafa holatda ekan. Ayrim yaqin insonlaridan judo bo‘lgani sabab, hatto so‘zlashmay qo‘ygan ekan. U menga: “Ey Mutorrif! Men musibatga duchor bo‘ldim. Bu baloni Allohdan boshqa hech kim bartaraf qila olmas. Alloh bu musibatni daf qilishini so‘rashim uchun biron duo bormi? Men uni o‘qib yurardim”, dedi.

Men: “Ey mo‘minlarning amiri! Muhammad ibn Sobit menga Amr ibn Sobit al-Basriydan rivoyat qilib gapirib bergan. “Basralik bir kishining qulog‘iga pashsha kirib ketib, quloq pardasigacha yetib bordi. U og‘riqdan qiynalib, kechasiyu kunduzi uxlolmay qoldi. Shunda Hasanning yaqinlaridan bir kishi: “Sahoba Alo ibn Hazramiyning duolarini o‘qigin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu duoni sahroda va dengizda so‘rab duo qilganlarida, Alloh taolo ularni mashaqqatdan xalos qilgan”, deb aytgan edi, u kishi: “Alloh rahm qilsin, u qanaqa duo?” dedi. Shunda men u kishiga quyidagi rivoyatni aytib berdim:

“Alo ibn Hazramiyni Bahraynga yuborildi. U kishi sahroni yurib borarkan, juda qattiq chanqoq va suvsizlikdan o‘lar holatga keldi. Shunda u zot ulovdan tushdi va  ikki rakat namoz o‘qidi. So‘ngra: “Ya Haliymu, ya Aliym, ya Aliyyu, ya Aziym, isqinaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni suv bilan sug‘or, tashnaligimizni qondir) deb duo qilgandi, birdan qushning qanotiga o‘xshab ketadigan bulutlar paydo bo‘lib, gumburlay boshladi. So‘ngra yomg‘ir yog‘a boshladi, biz idish va meshkoblarimizni to‘ldirib oldik. Yo‘limizda davom etib, dengiz qirg‘ogidagi kichik ko‘rfazga yetib keldik. U yerda hech qimirlashni iloji yo‘q edi. Suzib ketishimiz uchun kemalarimiz ham yo‘q edi. U kishi ikki rakat namoz o‘qib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym, ajiznaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni bu yerdan o‘tkazib yubor), deb aytdilar. So‘ngra otning tizginidan ushlab: “Allohning ismini aytib bu yerdan kechib o‘tinglar”, dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Biz suvning ustidan yurib o‘tdik. Allohga qasamki, bizni na oyoqlarimiz, na mahsilarimiz va na oyoq kiyimlarimiz ho‘l bo‘lgan edi. O‘sha paytda qo‘shin to‘rt ming otliqdan iborat  edi”, deb aytdilar.

(Ibn Abu Dunyo, Lalkaiy va Ibn Abu Shayba musanniflarida ba’zi qisqartirish va qo‘shimchalar bilan rivoyat qilishgan).

Haligi qulog‘iga pashsha kirib ketgan kishi ham ushbu duoni o‘qigan edi, qulog‘idan pashsha chiqib, o‘z holiga keldi.

Xalifa Mansur ham qiblaga qarab, ushbu duo bilan so‘ray boshladi. Biroz fursat o‘tib, menga yuzlandi va: “Ey Mutorrif, Alloh mendagi g‘amni aritdi”,  deb ovqat keltirishlarini amr qildi va meni ham taklif etdi, birga o‘tirib tanovvul qildik.

“Yoqimsiz narsalarni bartaraf qilish va balo ofatdan qutulishda duoning ahamiyati” nomli kitobdan.

Biz ham hayotda qandaydir muammo va to‘siqlarga duch kelib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, deb aytib, o‘sha muammoni ko‘tarishini Allohdan astoydil va chin ixlos bilan so‘rasak, insha Alloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo‘lamiz.