Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Umar roziyallohu anhuning davrlarida odamlar mahrning narxini ko‘tarib yuborishdi. Hazratimiz Umar roziyallohu anhu uni bir qolipga solib qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Minbarga chiqib, mahrga bir chegara qo‘ymoqchi ekanliklarini gapirdilar. Shunda Shifo binti Abdulloh ismli ayol turib dedi: Ey mo‘minlar amiri! Bu ishingiz to‘g‘ri bo‘lmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Va agar xotin o‘rniga boshqa xotin olmoqchi bo‘lsangiz va ularning biriga haddan ziyoda mahr bergan bo‘lsangiz ham, undan hech narsani qaytarib olmang» (Niso surasi, 20-oyat), deb aytgan-ku! Siz endi uni qanday qilib cheklab qo‘yasiz?!
Shunda Umar roziyallohu anhu:
– Ayol to‘g‘ri gapirdi, Umar xato qildi, dedilar.
Ushbu voqeadan mahr qancha ko‘tarilsa-da, harom emasligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ammo mahrning ko‘tarilishi sunnatga xilof – ana shu narsa Umar roziyallohu anhuni uni cheklashga undadi. Chunki u zot o‘zining siyosiy zakovati, ijtimoiy tajribasi bilan mahrning ko‘tarilishi yoshlarning turmush qurishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bilardilar. Buning natijasida yoshlar uylanishni ortga surishlari aniq edi.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Fotima roziyallohu anhoga sovchi qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunga rozilik bildirib dedilar:
– Unga berishga biror narsang bormi?
– Menda hech narsa yo‘q.
– Sovuting qayerda?
– O‘zimda.
– Uni Fotimaga mahr qilib ber.
Jannat ayollarining sayyidasi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari bo‘lmish Fotima roziyallohu anhoning mahri birgina sovut. Bugungi insonlarning mahrni, to‘y xarajatlarini haddan ortiq kattalashtirib yuborishi haqiqatda sunnatga xilofdir. Kishilar mahrning balandligini qizining qadri balandligi deb bilishsa kerak.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoni Ali roziyallohu anhuga uzatayotib, bitta kiyim, bitta ichiga xurmo po‘stlog‘i to‘ldirilgan yostiq, bitta qo‘ltegirmon, bitta mesh, suv bilan sirka solib qo‘yish uchun ikkita ko‘za bergan edilar.
E’tibor qaratilsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ali roziyallohu anhuni qiynamayaptilar. U kishining faqirliklarini bilib, ro‘zg‘orni jihozlashga yordam beryaptilar. Qolaversa, Ali roziyallohu anhuni o‘zlari tarbiyalab katta qilganlar. Shuning uchun kelin tomon ham sep tayyorlashdan haddan oshmasdan, nasibador bo‘lishi sunnatda bor. Bu narsa insonlar orasida o‘zaro yordam, shafqat kabi narsalarning yoyilishiga sabab ham bo‘ladi. Bu narsa agar kuyov aslzoda bo‘lsa yaxshi natija beradi. Qancha-qancha kuyovlar xotinining oilasi qilgan yordam uchun, ularning go‘zal xulqi uchun xotinlarining aziyatiga sabr qilib yurishibdi. Uylanadigan yigitlar ko‘pincha yosh bo‘lishadi. Yangi ish topgan, tajribasiz bo‘lishadi. Ularning tashvishi faqatgina oilasiga yordam berish, ayolini ta’minlash bo‘ladi, xolos. Agar kelinning oilasi boy bo‘lsa, sunnat shuki, kuyovlariga yordamlashishsin. Agar yordam berishmasa, hech bo‘lmaganda, kuyovlaridan ko‘p narsani talab qilishmasin!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
1. Duo qilish. Bu kun qilingan duolar eng afzal duodir.
Solihlardan biri aytadi: "Allohga qasam! Arafa kuni biror duo qilsam, bir yil o‘tmasidan turib uni xuddi yorishgan tong kabi amalga oshganini ko‘rdim".
O‘tgan solihlar ehtiyojlari uchun qiladigan duolarini arafa kuniga saqlab qo‘yishar edi. Qanchadan qancha orzu-umidlar va duolar arafa kunida ijobat qilingan.
2. Ushbu duoni ko‘p qilish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi arafa kunidagi, men va mendan oldingi nabiylarning “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr”, deb aytgan duosidir”, dedilar.
3. Allohdan do‘zaxdan panoh so‘rash. Bu kundan ko‘ra do‘zaxdan ko‘p ozod bo‘ladigan kun yo‘q. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!”.
4. Takbiri tashriq aytish. Bu kunning bomdod namozidan boshlab takbir aytiladi. “Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillaahil hamd”.
5. Ro‘za tutish. Bu kun tutilgan ro‘za ikki yillik gunohlarga kafforot bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi va undan keyingi yillardagi gunohlarga kafforot bo‘ladi deb Allohdan umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Arafa kuningiz muborak bo‘lsin. Alloh taolo sizni bu kunning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin.
Davron NURMUHAMMAD