Misrda Xalil degan bir bo‘yrachi inson bo‘lgan ekan. Bilamizki, hozir bo‘yra kabi narsalar ishlatilmaydi. Oldingi vaqtlarda bo‘yradan joynamoz sifatida foydalanishgan. O’sha vaqtlarda kunning issig‘ida yerga solib namoz o‘qishgan.
Bo‘yrachi Xalil bo‘yradan joynamoz to‘qib o‘tirib, har kuni masjidga kelayotgan namozxonlarni kuzatar ekan. Joynamoz topolmagan, qiynalib qolgan bir namozxonni ko‘rsa, to‘qib qo‘ygan bo‘yrasidan bittasini olarkan-da, o‘sha namozxonga sovg‘a qilib yuborarkan. Odamlar xursand bo‘lib, bo‘yrani olib ketarkan. Xalil savobli ishida bardavom bo‘libdi. U bir kuni tush ko‘ribdi. Tushida umurtqasidan tok-uzum daraxti o‘sib chiqqanmish. Mevasidan odamlar yermish, uzum aslo tugamasmish. Xalil bu tushni bir necha marta ko‘ribdi. Bundan ajablanib, ulug‘ bir shayxning yoniga boribdi. Bo‘lgan voqeani aytib, tushining ta’birini so‘rabdi. Shayx:
- O‘g‘ling bormi? deb so‘rabdi.
- Ha, 2 yoshli o‘g‘lim bor.
- Shu o‘g‘lingni Azharga ber, o‘sha yerda o‘qisin, debdi shayx.
- Xalil xo‘p, deb shayxning aytganini qilibdi. 8 yoshida o‘g‘li qori bo‘libdi.
Dunyoda birinchi bo‘lib qiroatini tasmaga, ya’ni yozuvga tushirgan qori shu inson bo‘lgan. Bu inson imom Hafsning Osimdan qilgan rivoyatini boshdan oyoq chiroyli bir holatda o‘qib bergan, 55 yil Qur’oni Karimga xizmat qilgan, dunyoning ko‘p qismida qiroatlari bilan mashhur bo‘lgan Mahmud Xalil Xusoriy edi. Allohning mehribonligini qarangki, otaning qilgan bir yaxshiligini farzandi orqali bildirib qo‘ydi.
Alloh karim Zot. Har qanday ishni qiladigan bo‘lsak, oz bo‘lsa-da, oz demaydi.
Aslida ismi Mahmud bo‘lgan bu inson hozir butun dunyoga otasining ismi Xalil bilan mashhur. Kichik bo‘lsa ham, Alloh roziligi yo‘lida qilgan ehsonning mukofotini Buyuk zot berib qo‘ydi. Kimki xolis yaxshilik qilsa, mehribon va rahmli Zot albatta, uni mukofotlaydi.
Xoh ulug‘ olim bo‘lsin, xoh sarkarda bo‘lsin, qo‘yingki barcha buyuk zotlar siz-u bizga o‘xshagan oddiy insonlarning farzandlari bo‘lgan!
TII 4-kurs talabasi Sirojiddinov Muhammadali
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Botirxon domla Ro‘ziyevning padari buzrukvorlari Joniqul otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Botirxon domla Ro‘ziyevga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz