Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ma’ruf Karxiy rahimahulloh yoronlari bilan Bag‘dodda daryo yoqasida o‘tirgan edilar. Shunda daryo yoqalab bir qancha yosh yigitlar gaplashib, kulishib, raqs tushib, mast bo‘lib o‘tib ketishdi. Boshqa bir yo‘lovchilar Ma’ruf Karxiyni tanib qolib: "Ey Shayx, bu yigitlarning Allohga isyon qilib yurishlariga indamay turasizmi? Ularni duoibad qilmaysizmi?" deyishdi. Shunda Ma’ruf Karxiy hazratlari qo‘llarini osmonga ko‘tarib: "Allohim, ularni bu dunyoda xursand qilib qo‘yganingdek, oxiratda ham ularni xursand qilgin", deb duo qildilar. Boyagi kishilar bundan hayron bo‘lib: "Ularni duoibad qilish o‘rniga ularning haqqiga duoixayr qildingizku?" deyishdi. Ma’ruf Karxiy rahimahulloh: "Agar Alloh taolo ularni oxiratda xursand qilsa, demak ularni bu dunyoda tavba qilishlariga muvaffaq qiladi", dedilar.
Abu Homid G‘azzoliyning "Ihyou ulumiddin" kitobidan.
Bu rivoyatdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Allohning do‘sti bo‘lgan valiy zot Ma’ruf Karxiyning tariqatlarida insonlarga hidoyat va yaxshilikni ixlos bilan tilash asos qilib olingan. Umuman olganda barcha tasavvuf tariqatlari insonlarga faqat ezgulik tilashni o‘zlariga asos qilib olgan, ularga na zohirda va na botinda zarar berishdan butkul yiroq. Zero, Alloh yaratgan maxluqotlarga nisbatan dilda yomon ko‘rish va nafrat saqlash Islom dini axloqidan emas. To‘g‘ri, gunoh har doim ham yomon ko‘riladi, lekin gunohkorning o‘zidan nafratlanilmaydi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.