Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biz yashayotgan dunyo hayoti bitmas-tuganmas imtihonlardan iborat. Undagi sinovlarning nihoyasi yo‘q, birining ortidan to‘xtamay ikkinchisi, uchinchisi..... yetib keladi. Zero, bu dunyo – Alloh taoloning vaqtinchalik, juda oz muddatga bergan sinov maydonidir, xolos.
Alloh taolo har bir bandani abadiy dunyo uchun sinaydi. Mo‘min banda abadiy dunyosi – jannatdagi maskani obod bo‘lishligi uchun yashaydi. Robbisining huzuriga borganida pushaymon bo‘lib qolishdan, azobiga duchor bo‘lishdan qo‘rqadi.
Alloh taolo bu haqda bunday ogohlantiradi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz” (Baqara surasi, 155-oyat).
Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekaniga imon keltirgan banda hayotda duch keladigan har bir holatda faqat Robbisiga yuzlanadi, yolg‘iz Undangina umidvor bo‘lib, Uning roziligini topishga urinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, unga musibat beradi", deganlar.
Shu bois, Alloh taoloning eng mahbub bandalari Payg‘ambarlar alayhimussalom hammadan ko‘ra ko‘proq aziyat, ozor chekishgan. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar ichida musibati eng og‘iri payg‘ambarlardir. So‘ngra ularga ergashgan solihlar, undan so‘ng o‘shalarga ergashgan solihlarga bo‘ladi”, deganlar.
Yunus alayhissalom musibatga uchraganlarida: «Laa ilaaha illaa anta subhaanaka inniy kuntu minaz zolimiyn» (Anbiyo surasi, 87-oyat) deb Alloh taologa iltijo qildilar. Alloh taolo duolarini qabul etdi: «Biz uning duosini ijobat qildik va g‘am-g‘ussadan najot berdik» (Anbiyo surasi, 88-oyat).
Ayyub alayhissalomga musibat yetganda: «(Ey, Rabbim!) Menga musibat yetdi. O‘zing rahmlilarning rahmlirog‘idirsan» (Anbiyo surasi, 83-oyat), deb Robbul a’lamiynga yuzlandilar. Alloh taolo iltijolarini qabul etdi: «Biz uning duosini ijobat qildik va unga yetgan zararni ketkazdik» (Anbiyo surasi, 84-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyinchilik vaqtida «Hasbunalloh va ni’mal-vakil!» (Oli Imron surasi, 173-oyat) deb Allohga suyandilar. Alloh taolo: «Ular Allohning ne’mati va fazli ila qaytdilar, ularga aslo zarar yetmadi» deb marhamat qildi (Oli Imron surasi, 174-oyat).
Demak, har bir banda sinovga duchor bo‘lar ekan. Bandaning sinovga mubtalo bo‘lishi unga Alloh g‘azab qilganini anglatmaydi. Aks holda, payg‘ambarlar musibatga uchramagan bo‘lishardi.
Shunday ekan, mo‘min banda Alloh taoloning sinoviga uchraganida yolg‘iz Robbisiga yuzlanib, Ungagina iltijo qilishi lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mo‘min xuddi navnihol o‘simlikka o‘xshaydi. Bargi shamol esgan tomonga qayrilaveradi, (shamol) tinsa, tiklanib qoladi. Xuddi shuningdek, mo‘min ham balo-musibatga qayishadi. Kofir esa xuddi qarag‘ayga o‘xshaydi, to Alloh uni O‘zi xohlagan paytda sindirgunicha g‘o‘dayib, tippa tik turaveradi", dedilar (“Oltin silsila” kitobidan. Sahihul Buxoriy).
Alloh taolo O‘z fazli va rahmati ila barcha mo‘min-musulmonlarga ofiyat ato etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.