Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biz yashayotgan dunyo hayoti bitmas-tuganmas imtihonlardan iborat. Undagi sinovlarning nihoyasi yo‘q, birining ortidan to‘xtamay ikkinchisi, uchinchisi..... yetib keladi. Zero, bu dunyo – Alloh taoloning vaqtinchalik, juda oz muddatga bergan sinov maydonidir, xolos.
Alloh taolo har bir bandani abadiy dunyo uchun sinaydi. Mo‘min banda abadiy dunyosi – jannatdagi maskani obod bo‘lishligi uchun yashaydi. Robbisining huzuriga borganida pushaymon bo‘lib qolishdan, azobiga duchor bo‘lishdan qo‘rqadi.
Alloh taolo bu haqda bunday ogohlantiradi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz” (Baqara surasi, 155-oyat).
Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekaniga imon keltirgan banda hayotda duch keladigan har bir holatda faqat Robbisiga yuzlanadi, yolg‘iz Undangina umidvor bo‘lib, Uning roziligini topishga urinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, unga musibat beradi", deganlar.
Shu bois, Alloh taoloning eng mahbub bandalari Payg‘ambarlar alayhimussalom hammadan ko‘ra ko‘proq aziyat, ozor chekishgan. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar ichida musibati eng og‘iri payg‘ambarlardir. So‘ngra ularga ergashgan solihlar, undan so‘ng o‘shalarga ergashgan solihlarga bo‘ladi”, deganlar.
Yunus alayhissalom musibatga uchraganlarida: «Laa ilaaha illaa anta subhaanaka inniy kuntu minaz zolimiyn» (Anbiyo surasi, 87-oyat) deb Alloh taologa iltijo qildilar. Alloh taolo duolarini qabul etdi: «Biz uning duosini ijobat qildik va g‘am-g‘ussadan najot berdik» (Anbiyo surasi, 88-oyat).
Ayyub alayhissalomga musibat yetganda: «(Ey, Rabbim!) Menga musibat yetdi. O‘zing rahmlilarning rahmlirog‘idirsan» (Anbiyo surasi, 83-oyat), deb Robbul a’lamiynga yuzlandilar. Alloh taolo iltijolarini qabul etdi: «Biz uning duosini ijobat qildik va unga yetgan zararni ketkazdik» (Anbiyo surasi, 84-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyinchilik vaqtida «Hasbunalloh va ni’mal-vakil!» (Oli Imron surasi, 173-oyat) deb Allohga suyandilar. Alloh taolo: «Ular Allohning ne’mati va fazli ila qaytdilar, ularga aslo zarar yetmadi» deb marhamat qildi (Oli Imron surasi, 174-oyat).
Demak, har bir banda sinovga duchor bo‘lar ekan. Bandaning sinovga mubtalo bo‘lishi unga Alloh g‘azab qilganini anglatmaydi. Aks holda, payg‘ambarlar musibatga uchramagan bo‘lishardi.
Shunday ekan, mo‘min banda Alloh taoloning sinoviga uchraganida yolg‘iz Robbisiga yuzlanib, Ungagina iltijo qilishi lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mo‘min xuddi navnihol o‘simlikka o‘xshaydi. Bargi shamol esgan tomonga qayrilaveradi, (shamol) tinsa, tiklanib qoladi. Xuddi shuningdek, mo‘min ham balo-musibatga qayishadi. Kofir esa xuddi qarag‘ayga o‘xshaydi, to Alloh uni O‘zi xohlagan paytda sindirgunicha g‘o‘dayib, tippa tik turaveradi", dedilar (“Oltin silsila” kitobidan. Sahihul Buxoriy).
Alloh taolo O‘z fazli va rahmati ila barcha mo‘min-musulmonlarga ofiyat ato etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, Qur’on matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham ma’lumotlar taqdim etilishi kutilyapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasi bo‘yicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qo‘lyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Zalda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi to‘plangan bo‘lib, bu yurtimizda Qur’onga bo‘lgan hurmat va e’tiborni namoyon etadi. Qo‘lyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:
- “Katta Langar Qur’oni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qo‘lyozmalardan biri;
- Hazrati Usmon Qur’oni — Qur’onning ilk nashrlaridan biri bo‘lib, islom olamida muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, boshqa davrlarga oid ko‘plab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qo‘lyozmalar namoyish qilinadi. Bu qo‘lyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ularni o‘rganish orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Muhokamada Qur’on zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qo‘llash, ya’ni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:
interaktiv ekranlar – har bir qo‘lyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini ko‘rib chiqish imkoniyati;
audiogidlar (ovozli yo‘lboshchilar) – har bir eksponat haqida o‘zbek, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar tinglash imkoniyati;
virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qur’on zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;
Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qo‘lyozmalarni zarar yetkazmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.
Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qur’on nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va san’at darajasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishadi.
Mazkur zal faqat ko‘rgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham bo‘ladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.
Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar bo‘limi boshlig‘i, olim:
– Qur’oni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qur’on matni qanday saqlanib qolganini ko‘rsatadi va o‘rganishimizga zamin yaratadi. Qur’on zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.
Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, ma’naviyat va bag‘rikenglik markazi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qur’on zali esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
cisc.uz