Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Ixtilof haqidagi ba’zi oyat va hadisi shariflar

14.11.2024   2604   13 min.
Ixtilof haqidagi ba’zi oyat va hadisi shariflar

Ixtiloflar haqida ba’zi oyatlar

Endi xilof haqida Qur’oni Karimda kelgan ba’zi oyatlar bilan tanishib chiqaylik:

Birinchi oyat:

Alloh taolo «Oli Imron» surasida: «Va barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va tafriqaga tushmang. Va Allohning sizga bergan ne’matini eslang. Bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne’mati ila birodar bo‘ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi. Shunday qilib, Alloh sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz», deydi (103-oyat).

Ushbu oyati karimadagi «Allohning arqoni»dan murod Qur’oni Karim, Islom dinidir. Olovli jarga qulash xavfidagi inson arqonni mahkam ushlasa, qutulib qolganidek, do‘zax tubiga qulamaslikning birdan-bir chorasi Qur’oni Karimni mahkam ushlash Islomni mahkam ushlashdir. Tafriqaga tushmaslikdir.

Ushbu oyati karima musulmon olamini birlashtirish shioridir. Har qanday birlashish esa, tafriqani yo‘qotish bilan vujudga keladi. Shuning uchun ham oyati karimada birlashishga amrdan keyin bevosita «va tafriqaga tushmang», degan nahiy kelmoqda. Oldin birlashishga chaqirib turib, keyin tafriqaga tushishdan qaytarilmoqda. Shundan ham bu ish qanchalik muhim ekanini bilib olsa bo‘ladi.

Mufassirlarimiz ushbu oyati karimaning nozil bo‘lishi sababi haqida quyidagi rivoyatni keltiradilar:

«Yahudiylardan Shos ibn Qays ismli odam Avs va Xazraj qabilalariga mansub arablar majlis qurib, gaplashib o‘tirgan joylaridan o‘tayotib ekan. Johiliyat vaqtida bir-biriga adovati kuchli bo‘lgan bu kishilarning ulfat bo‘lib o‘tirishlari uning g‘ashiga tegibdi va: «Bular birlashsalar, biz ular bilan birga yashay olmaymiz», deb o‘ylab, bir yahudiy bolani chaqirib: «Arablarning ichiga borib o‘tirgin-da, ularga «Buos» nomli kunni eslat va u haqidagi she’rlarni o‘qib ber», deb buyuribdi.

(«Buos» kunida Avs va Xazraj qabilalari qattiq urishib, unda Avs g‘olib chiqqan ekan.)

Haligi yahudiy bola Shosning aytganini qilibdi. Shunda o‘tirganlar tortishib, ixtilofga tushib, urishib ketishibdi. «Qurol!!! Qurol!!!» deb baqirishibdi. Bu mojaro haqidagi xabar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yetib borganda, U zot huzurlaridagi muhojir va ansoriylarni olib, ularning oldilariga boradilar va: «Men ichingizda turib, Alloh sizlarni Islom bilan ikrom qilib, johiliyat ishini kesgandan keyin ham, orangizga ulfatlikni solgandan keyin ham johiliyat da’vosini qilasizlarmi?!» deydilar.

Odamlar dushmanning gapiga uchib, shaytonning gapiga kirganlarini anglab yetadilar. Qurolni tashlab, yig‘lab, quchoqlasha ketadilar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga qaytadilar. Shunda yuqorida zikr qilingan oyati karima nozil bo‘ladi.

Demak, oyatdagi xitob aslida barcha musulmonlarga qaratilgan bo‘lsa ham, nozil bo‘layotgan paytda madinalik Avs va Xazraj qabilalariga qaratilgan edi.

Keling, endi oyatning davomini o‘rganaylik. Unda Alloh taolo: «Va Allohning sizga bergan ne’matini eslang. Bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi», demoqda.

Shunday, Islom Alloh taolo tomonidan bandalarga berilgan ulug‘ ne’matdir. Shu ilohiy ne’mat tufayli dushmanlar ulfatga aylanadilar. Bir-birlariga qarshi nafratga to‘lgan qalblarni faqat Islomgina ulfat qila oladi. Faqat Alloh taoloning ipi bo‘lmish Islomni mahkam tutibgina hamma birodar bo‘la oladi.

«Uning ne’mati ila birodar bo‘ldingiz».

Alloh taoloning Islom ne’mati bo‘lmaganida kishilar bir-birlari bilan xolis birodar bo‘lishlari mumkin emasdi.

«Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi. Shunday qilib, Alloh sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz».

Ya’ni, Islomga kirishingizdan oldin ixtilofda, urush-janjal ichida, johiliyat hukmi ostida, umuman, barcha sohada noto‘g‘ri yo‘lda, ya’ni, olovli jar yoqasida edingiz. Shunday ketaversangiz, halokatga uchrashingiz turgan gap edi. Alloh taolo sizni O‘zining ulug‘ ne’mati bo‘lmish Islomga boshlab, mazkur olovli jarga qulashdan saqlab qoldi.

Chindan Islom ixtilof qilayotganlarni birlashtirish, urishayotganlarni yarashtirish, dushmanlarni do‘st qilish uchun xizmat qiladigan ilohiy bir dasturdir. Ilohiy narsa bekamu ko‘st bo‘lishi hammaga ma’lum. Islomga o‘zini mansub deb da’vo qilayotganlar ixtilof qilsalar, urishsalar, bir-birlariga dushmanlik qilsalar, ayb ularning o‘zida bo‘ladi.

 

Ikkinchi oyat:

Alloh taolo «Anfol» surasida mo‘min-musulmonlarga xitob qilib: «Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling. O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadi. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir», degan (46-oyat).

Musulmonlar Alloh taologa va Unig Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qanchalik itoatda bo‘lsalar, muvaffaqiyatlari ham shunchalik ko‘p bo‘laveradi. Jumladan, musulmonlar o‘zaro nizo va ixtilof qilmaslikda ham Alloh taologa va Uning Rasuliga itoatda bo‘lishlari ham ko‘pgina muvaffaqiyatlarning omillaridandir. Alloh taologa va Uning Rasuliga itoat qilmay, o‘zaro nizo va ixtilof qilishning oqibati nima bo‘lishi oyatning davomida bayon qilib berilmoqda: «O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadi».

Alloh taolo rost aytadi. Islom tarixida musulmonlar qachon mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsalar, faqatgina o‘zaro ixtilof va ichki nizolar tufayligina uchraganlar.

Shu munosabat ila asrimizning mashhur ulamolaridan birlari, G‘azoliy rahmatullohi alayhning Jazoirning Sitif shahrida bo‘lib o‘tgan ilmiy anjumanda aytgan gaplarini eslash bilan kifoyalanmoqchiman.

O‘shanda u kishi jumladan bunday degan edilar: «Alloh taolo menga Islom tarixini yaxshilab o‘rganish imkonini berdi. Bugun men Islom tarixini yetarlicha o‘rgandim, deya olaman. Allohga qasamki, musulmonlar Uhud kunidan boshlab hozirgi soatgacha tashqi dushmandan yengilganlari yo‘q. Musulmonlar qancha mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsalar, faqatgina o‘zaro ixtiloflari va ichki nizolari tufayligina mag‘lubiyatga uchraganlar».

Oyati Karimaning oxirida Alloh taolo: «Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir», demoqda.

Demak, orada ixtilof chiqmasligi uchun sabr kerak. Sabrsizlik esa, musulmonlar orasida turli ixtiloflar, urush-janjallar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Alloh Taolo sabr qiluvchilar bilan bo‘ladi. Ularni turli yomonliklardan asraydi. Sabr qilmay, chidamsiz bo‘lganlar esa, ixtilof girdobiga duchor bo‘ladilar.

 

Uchinchi oyat:

Alloh taolo «Rum» surasida mo‘min-musulmonlarga quyidagi xitobni qiladi: «...Va mushriklardan bo‘lmang. Dinlarida tafriqaga tushgan, guruh-guruh bo‘lib olib, har bir hizb o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lganlardan bo‘lmang» (31-32-oyatlar).

Demak, dinda tafriqaga tushish mushriklarning ishi bo‘lib tanilgan ekan. Guruh-guruh bo‘lib olib, ixtilof chiqarish, talashib-tortishish ham mushriklarning ishi ekan. Har bir hizb o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lib, boshqalarni past sanashi ham mushriklarning ishi ekan.

Demak, har bir ixtilof qo‘zg‘ovchi va nizo chiqaruvchi mushriklarga oid ish qilayotgan bo‘lar ekan.

 

To‘rtinchi oyat:

Alloh taolo «An’om» surasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: «Dinlarini tafriqa qilib, o‘zlari guruhbozlik qilganlar bilan hech bir aloqang yo‘q. Albatta, ularning ishi Allohning O‘ziga havola. So‘ngra qilgan ishlarining xabarini berur», degan (109-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo tafriqa va guruhbozlikka olib boradigan nizo hamda ixtiloflarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yo‘llaridan boshqa, ul hidoyat yo‘liga teskari yo‘l hisoblamoqda. Alloh taolo bu oyatda tafriqa va guruhbozlik Payg‘ambarimizning ummatlariga munosib emasligini qattiq ta’kidlamoqda.

 

Beshinchi oyat:

Alloh taolo «Oli Imron» surasida halokatga duchor bo‘lgan ahli kitoblarni bizga o‘rnak qilib: «...Kitob berilganlar faqat ularga ilm kelgandan so‘ng o‘zaro hasad qilishibgina ixtilof qilishdi», deydi (19-oyat).

Demak, ixtilofning asosiy sababi o‘zaro hasad qilish ekan. Nima, hasad halokatga duchor bo‘lgan g‘ayridinlardan bizga ham meros bo‘lib qolganmi?!

 

Oltinchi oyat:

Alloh taolo «Oli Imron» surasida siz bilan biz musulmonlarga xitob qilib: «O‘zlariga ochiq bayonotlar kelganidan keyin bo‘linib, tafriqaga tushganlarga o‘xshash bo‘lmanglar! Ana o‘shalarga ulug‘ azob bordir», degan.

Ha, ko‘zimizni ochishimiz, o‘zimizni o‘nglashimiz kerak. Islom dinimiz orqali o‘zimizga ochiq bayonotlar kelganidan keyin ham bo‘linib, tafriqaga tushib bir-birimiz ila tortishib, urush-janjal qilaversak, ulug‘ azobga duchor bo‘lib qolmaylik, tag‘in.

 

Ixtilof haqidagi ba’zi hadisi shariflar

Endi ixtilofning yomonligi haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan ba’zi hadisi shariflar bilan qisqacha tanishib chiqaylik:

Birinchi hadis:

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ixtilof qilmanglar, yana qalblaringiz ixtilofli bo‘lib qolmasin», deganlar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qaytargan narsadan qaytmog‘imiz lozim. U zot bizni ixtilof qilishdan qaytarib tursalar-u, biz o‘zaro ixtilof qilib tursak, qandoq bo‘ladi?! Hadisi sharifda ixtilofning yomon oqibati alohida ta’kidlanmoqda. Bu qalblarning ixtilofli bo‘lib qolishidir.

Ha, bir-ikki bor ixtilof sodir bo‘lgandan keyin, uning ta’sirida qalblar ixtilofli bo‘lib qolsa, Alloh ko‘rsatmasin, keyin o‘shanday qalb egalarining boshlari shubhasiz kelishmovchilik va urush-janjallardan chiqmay qoladi.

 

Ikkinchi hadis:

Muhaddislarimiz Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda u kishi quyidagilarni aytadilar: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga issiq paytda borgan edim, bir oyat haqida ixtilof qilgan ikki kishining ovozlarini eshitib qoldim. Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqdilar, yuzlaridan g‘azab bilinib turar edi. Bas, u zot: «Albatta, sizdan oldin o‘tganlar Kitob haqida ixtilof qilganlari uchun halok bo‘lganlar!» dedilar».

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z sahobalaridan ikkitalarini bir oyat haqida ixtilofga tushishlaridan g‘azablanishlari bejiz emas ekan. Chunki ular o‘zlari sezmagan holda, tarixdagi eng katta xatolardan birini takrorlashayotgan ekan. U ham bo‘lsa, ilohiy kitob haqida ixtilof qilishdir. Oldin o‘tgan ummatlar o‘zlariga kelgan ilohiy kitob haqida ixtilof qilganlari uchun halokatga uchrashgan ekan. Agar biz ham shu ishni qilsak, o‘sha qavmlarning xatosini takrorlagan bo‘lmaymizmi?!

 

Uchinchi hadis:

Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan oyatni bir kishi men eshitgandan boshqacha qiroat qilayotganini eshitib qoldim-da, uni qo‘lidan tutib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keltirdim. Shunda u zot, ikkingiz ham go‘zal ishdasiz, dedilar. Sho‘ba roziyallohu anhu, menimcha, ixtilof qilmanglar. Albatta, sizdan avvalgilar ixtilof qildilar va halok bo‘ldilar, dedilar, deb aytdi».

Demak, dinimizda bir narsani ikki xil ado etish mumkin bo‘lgan joylar ham bor ekan. Ma’lum bir oyatni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bir xil, haligi sahobiy roziyallohu anhu boshqa bir xil qiroat qilgan ekanlar. Ixtilof bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, ajrim qilishmoqchi bo‘lishgan ekan, U zot sollallohu alayhi vasallam, ikkingizniki ham to‘g‘ri, debdilar. Lekin shu bilan birga bundoq masalalarda ixtilof qilish mutlaqo mumkin emasligini ham qattiq uqtirib aytibdilar.

Mana, azizlar, ixtilofning harom ish ekanligiga, musulmonlar hech va hech ixtilof qilmasliklari vojib ekaniga dalolat qiluvchi ba’zi oyat va hadislarni qisqacha o‘rganib chiqdik. Endi insof qilib o‘zimizga o‘zimiz bir savol beraylikchi, Qur’on va Sunnatga amal qilishni da’vo etganimiz qani-yu, ularga amal qilganimiz qani? Mazkur da’vo yuzasidan ado etish ham, etmaslik ham sunnat bo‘lgan ishda ixtilof qo‘zg‘ab, bir qancha oyat va hadislarga zid, harom ishni qilganimiz Qur’on va Sunnatga amal qilish deb ataladimi?! Shuning uchun ham ulamolarimiz, bir gapni aytishdan yoki biror ishni qilishdan oldin uni yaxshilab o‘rganib, zarar olib kelmaydigan bo‘l-sa, keyin urinish kerak, deganlar.

Qilsa savob, qilmasa hech gap bo‘lmaydigan sunnat amal haqida ixtilof qo‘zg‘ab, oxiri harom ishga sabab bo‘lish, dinimiz ahkomlarini yaxshi bilmasligimizdan! Nima uchun Qur’on va Sunnatga amal qilish shiori ostida mayda masalalarni mahkam tutib ixtilof chiqaramiz-u, Qur’on va Sunnatdagi eng muhim masalalardan biri – musulmonlar birligi haqidagi amrlarga va nahiy-larga amal qilmaymiz?!

Endi ixtilof chiqqan masalalardan ba’zilarini tarozuga solib, ulamolarimiz ularni qanday tahlil qilganlarini o‘rganib chiqaylik.

 

Keyingi mavzular:

Omiynni namozda ovoz chiqarmay aytish afzalmi yoki ovoz chiqarib aytishmi?
Omiynni ovoz chiqarib aytish afzal deganlarning dalillari va ularning munoqashasi;
Omiynni ichida aytgan afzal, deganlarning hujjatlari
.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Dam olish kunlaringizni qanday o‘tkazasiz?

27.12.2024   11533   3 min.
Dam olish kunlaringizni qanday o‘tkazasiz?

1. Diniy ibodatlarni bajarish

1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.

1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.

1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).

 

2. Oilaga yaxshilik qilish

2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).

2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

 

3. Ilm olish, kitob o‘qish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.

 

4. Tafakkurga vaqt ajratish

Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.

 

5. Muhtojlarga yordam berish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).

 

6. Silai rahm qilish

Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin) (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).

 

7. Sport bilan shug‘ullanish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.

 

8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish

Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).


Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!

Davron NURMUHAMMAD