Sayt test holatida ishlamoqda!
02 May, 2025   |   4 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:19
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:24
Xufton
20:48
Bismillah
02 May, 2025, 4 Zulqa`da, 1446

Islomda diniy bag‘rikenglik

14.11.2024   4975   7 min.
Islomda diniy bag‘rikenglik

Bag‘rikenglik islom dinining asosiy tamoyillari va axloqiy qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Islom dini musulmonlarni  boshqa din vakillari bilan go‘zal muomalada bo‘lish, ularga nisbatan bag‘rikeng munosabat o‘rnatish va umumiy tamoyillarga asoslangan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yishga undaydi. 

Alloh taolo aytadi: “Kechirimli bo‘l, yaxshilikka buyur va johillardan yuz o‘gir” (A’rof surasi, 199-oyat). Qur’oni karimning ushbu oyati barchaga birdek bag‘rikeng munosabatda bo‘lishni hamda ushbu tamoyilni qabul qilmagan bilimsiz johillarga e’tibor bermaslikga buyurmoqda. 

Shuni ta’kidlash kerakki, Qur’oni karim bag‘rikenglikni ibodat darajasiga ko‘targan hamda uni Allohning roziligiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan. Alloh taolo aytadi: “Yo‘q! Kimki yaxshilik qilgan holida yuzini Allohga topshirsa, unga Rabbi huzurida ajr bordir. Ularga xavf yo‘q va ular xafa ham bo‘lmaslar” (Baqara surasi, 112-oyat).

Hadisi shariflarda ham diniy bag‘rikenglikga chaqirilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshqa insonlarga nisbatan nafrat, adolatsizlik, erkinlikni cheklash hamda ularning e’tiqodi, irqi, tana rangi yoki millati sababli zulm qilishdan qaytarganlar. Buning misoli u zot alayhissalom Madinaga kirganlarida musulmon bo‘lmaganlar bilan tuzgan shartnomasi bo‘lib, ushbu shartnomada g‘ayridinlar musulmonlar bilan bir xil huquq va burchlarga ega fuqarolar sifatida belgilangan edi. Muhammad alayhissalom sahobalariga ularga yaxshi muomala qilish, yordam berish, himoya qilish va ularga hech qanday zarar yetkazmaslikga buyurdilar. Misol uchun, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Najron qabilasiga mansub nasroniy dinidagi elchilarni kutib olganlarida ularga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatdilar. Hatto ularning ibodat vaqti bo‘lib qolganida, Masjidi nabaviyda ibodatlarini ado etishlariga ruxsat berdilar. Najron elchilari quyosh chiqar tomonga qarab ibodatni boshlab yuborganlarida, Payg‘ambar alayhissalom sahobalariga: “Ularga tegmanglar”, dedilar. Shu tariqa, g‘ayridin elchilar Masjidi nabaviyda ibodatlarini emin-erkin ado etdilar.

Payg‘ambar alayhissalom Najron qabilasi elchilari bilan muloqot olib borganlarida ularga islom dinini majburan taklif etmadilar, balki istasalar o‘z dinlarida qolishlari mjumkinligini aytdilar. Shundan so‘ng Najron elchilari: “Siz ham o‘z diningizda, biz ham o‘z dinimizda qolamiz. Ammo, biz bilan o‘zingiz rozi bo‘lgan sahobalaringizdan birini yuboring, u o‘rtamizda mol-mulklarimizni taqsimlashda hakam bo‘lsin, chunki biz sizga ishonamiz”, dedilar. 

Ushbu voqea bir jamiyatda yashayotgan turli din vakillarining taraqqiyot, vatan himoyasi hamda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan o‘zaro aloqalariga yaqqol misol bo‘ladi. Islom dini ushbu yo‘nalishlarda boshqa din vakillari bilan mustahkam do‘stlik aloqalarini o‘rnatishga chaqiradi.

Shuni ta’kidlash lozim, islom dini samoviy dinlarning barchasini e’tirof etadi hamda avvalgi payg‘ambarlar olib kelgan risolatlarga nisbatan hurmatda bo‘lishga chaqiradi. Alloh taolo aytadi: “Aytinglar: “Allohga bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Is’hoq, Ya’qub, asbotlarga tushirilgan narsaga, Muso va Isoga berilgan narsaga va payg‘ambarlarga Rabbilaridan berilgan narsaga iymon keltirdik. Ularning orasidan birortasidan farqlamaymiz va biz Unga musulmonlarmiz” (Baqara surasi, 134-oyat). 

Qur’oni karim boshqa din vakillarini islom dinini qabul qilishga majburlashdan qaytaradi. Alloh taolo aytadi: “Agar Rabbing xohlasa, Yer yuzidagi kishilarning hammasi iymonga kelar edilar. Yoki sen odamlarni mo‘min bo‘lishga majburlaysanmi?” (Yunus surasi, 99-oyat). Islom dini boshqalarni dinga kirishga majburlamaslikga buyurish orqali bag‘rikenglikning yuksak namunasini ko‘rsatib bergan.

Qur’oni karimda dinlararo muloqot ziddiyatlarga olib kelmasligi bayon etilgan. Alloh taolo aytadi: “Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir” (Moida surasi, 5-oyat). Boshqa bir oyatda quyidagicha keladi: “Sizlar ahli kitoblarning zulm qilganlardan boshqalari bilan faqat yaxshi uslubda mujodala etinglar va ularga: “Biz o‘zimizga nozil qilingan narsaga iymon keltirdik, bizning ilohimiz va sizning ilohingiz birdir va biz unga bo‘ysunguvchimiz”, denglar” (Ankabut surasi, 46-oyat).

Diniy bag‘rikenglikning namunalaridan biri, barcha din vakillariga adolatli munosabatda bo‘lishdir. Dinlararo adolat tamoyili barcha samoviy dinlarga xos hisoblanadi. Bunga Qur’oni karimning Hadid surasidagi oyat ham dalolat qiladi: “Darhaqiqat, Biz payg‘ambarlarimizni ravshan(narsa)lar ila yubordik va ular ila Kitob hamda odamlar adolatda turishlari uchun mezon tushirdik” (Hadid surasi, 25-oyat). Islom dini jamiyatdagi adolat mezoni qaysi din vakili bo‘lishidan qat’iy nazar barchaga birdek barobar taminlanishi zarurligini ta’kidlaydi. Shuning uchun oyati karimada “musulomlar o‘rtasida” deb emas, balki “insonlar o‘rtasida” deya umumiy tarzda xitob etilgan. Jumladan, Niso surasida aytiladi: “Albatta, Biz sizga Kitobni haq ila odamlar orasida sizga Alloh ko‘rsatganiga hukm qilishingiz uchun tushirdik” (Niso surasi, 105-oyat). Yuqoridagi oyati karimalardan ma’lum bo‘ladiki, islom dinlararo bag‘rikenglikni adolat mezoni bilan tartibga solishga buyurib, insonlarning huquqlarini cheklashni qoralagan. 

Diniy bag‘rikenglikning eng muhim tamoyillaridan biri – boshqa din vakillarining e’tiqodlariga hurmatda bo‘lish hamda dinlar o‘rtasidagi turlilik Alloh taolo iroda qilgan hikmati ilohiysi ekanini qabul qilishdir. Boshqalarning e’tiqodlari sabab yuzaga kelgan nafrat va zo‘ravonlikdan voz kechmasdan barqaror va tinch jamiyat qurish amri mahol. So‘nggi o‘n yilliklarda islom olami o‘z harakatlarini islomga nisbat beradigan, biroq ularning faoliyati sof islom ta’limotlaridan juda uzoq bo‘lgan g‘ayriinsoniy fikrlarni qabul qilgan guruhlar faoliyatidan aziyat chekmoqda. Ushbu toifadagi ayrim guruhlar diniy qarashlari o‘zlarinikidan farq qiluvchi har qanday insonni kufrda ayblab, musulmonlarning qonlarini halol sanamoqdalar, ularga nisbatan “jihod” niqobi ostida urush ochmoqdalar.  Bu esa, Qur’oni karim va hadisi shariflarda kelgan diniy bag‘rikenglik tamoyillariga mutlaqo ziddir. Jumladan, Qur’oni karimning Mumtahana surasida boshqa din vakillari musulmonlar bilan ularning dinlari uchun urush ochmagunlaricha xushmuomalada bo‘lishga chaqiradi. 

Alloh taolo aytadi: “Alloh sizlarni din sababli urush qilmagan va diyorlaringizdan chiqarmaganlarga yaxshilik va adolatli muomala qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko‘radir” (Mumtahana surasi, 8-oyat).

Xulosa qilib aytganda, islom dinlararo bag‘rikenglikka buyurib, uni ibodat darajasigacha ko‘targan. Farovon jamiyat qurishda insonlar o‘rtasida adolat bilan ish yuritishga targ‘ib qilgan hamda bu yo‘lda musulmon va musulmon bo‘lmaganlar teng huquqli bo‘lishiga chaqirgan. Shu bilan birga, Qu’roni karim oyatlari hamda hadisi shariflarda boshqa din vakillari e’tiqod qiladigan narsalariga hurmatda bo‘lishga buyurilgan. Ushbu omillar orqali islom dini bag‘rikenglikni ta’minlashga doir yuksak namuna ko‘rsatgan.

Sherzodjon Umaraliyev,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Boshqa maqolalar

Bir chumoli dedi

02.05.2025   1683   3 min.
Bir chumoli dedi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Naml surasida: «To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar! Uyalaringizga kiringiz...” dedi»,  deyiladi.

Sulaymon alayhissalom qo‘shini bilan kelayotganida, bir chumoli jamoasiga kutilmagan xatar yaqinlashayotganini his qildi va qolganlarni ogohlikka chaqirib, biz tarafga xatar yaqinlashib kelyapti, joningizni qutqaring: «...Yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar, degan edi» (Naml surasi, 18-oyat).

Chumolining qilgan ishi qanchalar ajabtovur-a?! U xatarni payqashi bilanoq o‘zini qutqarish uchun emas, jamoasini qutqarish uchun shoshildi.

Qavmining qayg‘usini o‘z zimmasiga oldi, xatar kelmasidan uni his qila bildi va chumolilar to‘dasini “xavf bostirib kelyapti, shoshilinglar, joningizni xatardan qutqarib qoling”, deya ogohlantirdi.

Bir nazar solaylik-da, oyati karimada kelgan “chumoli” so‘zi arab tili qoidalariga ko‘ra tadqiq qilinsa, u nakra (noaniq) shaklda turibdi. Ahamiyatli jihati shundaki, “chumoli” so‘zi Qur’oni karimda noaniq shaklda keltirildi, demakki o‘sha chumoli to‘daning oddiy bir a’zosi, lekin shunday bo‘lishiga qaramay o‘zini past sanamadi. Biz esa, falonchi nima qildi, pismadonchi-chi, deb surishtirish bilan ovoramiz.

Keling, endi masalaning boshqa tomoniga e’tiborimizni qarataylik. Chumoli: “Ey chumolilar, hozir Sulaymon sizlarni qirib yuboradi. Sizlar bir kuchsiz jamoasiz, ular sizga e’tibor ham bermaydi”, dedimi?! U to‘dasidagilar bilan vaziyatni tahlil qildimi?! Chumoliga boqing. Aksincha, Sulaymon va uning qo‘shinini aybsiz deya, ular sezmayaptilar, deb ularni oqladi.

Chumolilar ham ogohlantiruvchiga qarab: “Yo‘q, sen bizning ustimizdan boshliq bo‘lmoqchisan. Senga faqat martaba, mansab kerak”, deyishdimi?! Aslo yo‘q! Aksincha, uning gapini olib, inlariga kirib ketishdi va jajji chumolining da’vatiga ergashganlari holda najotga yetib, jonlari omon qoldi.

O‘zi uchun uya qurish jarayonida sabr qilish ham chumolilarning xususiyatlaridandir. Ular qurayotgan uyalari bir necha marotaba qulab tushishiga qaramasdan, uni qayta-qayta tiklayveradilar va oxir-oqibat bir butun uya holiga keltiradilar.

Hikoyat. Rivoyat qilinishicha, Amir Temur janglarning birida mag‘lubiyatga uchraydi va o‘sha yerga yaqin bir g‘orga kirib, mag‘lubiyati haqida o‘ylaydi. U chuqur tafakkur qilarkan, ko‘zi bir chumoliga tushadi. Chumoli g‘or devoriga ko‘tarilmoqchi bo‘lib, tushib ketadi. Ikkinchi urinishda ham devordan sirpanib tushadi. Uchinchi safar ham... Amir Temur bu mitti jonivorni diqqat bilan kuzata boshlaydi, undan ko‘zini uzmaydi. Axiyri, o‘n yettinchi urinishda chumoli devorga chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Shunda Amir Temur: “Yo qudratingdan! Shu kichik maxluq sal kam yigirma marta urindi. Men nima uchun mag‘lubiyatimdan zaiflashyapman?!” – deya o‘zini koyiydi.

Buyuk qo‘mondon g‘ordan chiqib tor-mor bo‘lgan qo‘shinini yana jangga tayyorlaydi va bitta bo‘lsa-da, tirik odami qolgunicha taslim bo‘lmaslikka astoydil qaror qiladi. Uning ko‘z o‘ngida esa mitti chumolining shijoati aks etadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, chumoli hasharotlar orasida eng qat’iyatli, o‘zaro hamkor va hamjixat ekan.

Chumolining yana bir sifati ularning o‘zaro hamkorlik va hamjihatligidir. Ularning bari bir bo‘lib, bitta chiziq tortgan holda doimiy harakatda bo‘lar ekanlar.

Shu mitti chumolining harakatlari bizlarga qaysidir ma’noda o‘rnak bo‘lishi mumkinmi?!


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.