Bismillahir Rohmanir Rohiym
Aytishlaricha, abbosiylar xalifaligi davrida doimo do‘stlari bilan bahslashib yuradigan bir damashqlik savdogar bo‘lgan ekan. Bir kuni u do‘stlariga: "Men hayotimda biror marta ham tijoratda zarar ko‘rgan emasman", dedi.
Do‘stlari istehzoli tabassum bilan: "Qanday qilib hayotingda hech qachon zarar ko‘rmading? Bunday bo‘lishi mumkin emas", deyishdi.
Savdogar ulardan o‘zini sinash uchun biror muammoli tijorat taklifini berishlarini so‘radi. Shunda do‘stlari unga: "Iroqda xurmo sotib, foyda topish yetti imkonsizlikdan biridir, chunki u yerda xurmo cho‘ldagi qum kabi ko‘p", deyishdi.
Savdogar: "Men sizlarni tushundim va taklifingizni qabul qildim", dedi. Shundan so‘ng u Iroqdan keltirilgan xurmolarni sotib olib, abbosiylar poytaxti — Bag‘dodga yo‘l oldi.
Aytishlaricha, o‘sha paytda xalifa Vociq Billoh bahorni tomosha qilish uchun Mosulga yo‘l olgan ekan. Mosul Iroqning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘lib, "ikki bahor onasi" nomini olgan edi, chunki uning ob-havosi yozda ham, qishda ham bahorday bo‘lar edi.
Sayohatdan qaytish chog‘ida xalifaning qizi bo‘ynidagi oltin zebigardonini yo‘qotib qo‘ygan va yig‘lab otasiga shikoyat qilgan edi. Shundan so‘ng xalifa uni topib kelgan kishiga katta mukofot va’da qilib, qizini unga nikohlab berishini e’lon qildi.
Damashqlik savdogar Bag‘dodga yaqinlashganda, odamlar zebigardonni izlash uchun yo‘lga otlanganlarini ko‘rdi va ulardan bu shoshilinchlikning sababini so‘radi. Ular zebigardon voqeasini aytib berishdi va ularning kattasi: "Afsuski, biz uzoq yo‘lga chiqibmizu o‘zimiz bilan taom olishni unutibmiz, taomsiz qaytishga qiynalib qolamiz, taom olish uchun ortga qaytsak boshqalardan ortda qolib ketishimiz mumkin", dedi.
Shunda savdogar ularga: "Menda xurmo bor, olsangiz sotaman", dedi. Odamlar undan xurmoni qimmat narxda sotib olishdi.
Xalifa Vociq Bag‘dodda xurmo sotib foyda topgan damashqlik savdogar haqida eshitib, u bilan ko‘rishishni istadi. Savdogar xalifaning huzuriga borib o‘zi haqida so‘zlay boshladi: "Ey, hukmdor, Alloh davlatingizga baraka bersin. Men savdoni boshlaganimdan beri hech qachon zarar ko‘rgan emasman".
Vociq undan buning sababini so‘radi. Shunda u javob berdi: "Men yetim bola edim, onam esa nogiron edi. Men kichikligimdan uni parvarish qilar, ishlab pul topar va ikkimizning kundalik rizqimiz uchun harakat qilar edim. Yigirma yoshga yetganimda, onam kasal bo‘lib, yotib qoldi. Vafot etish arafasida u meni haqimga duo qilib, dinim va dunyomda ham hech qachon zarar ko‘rmasligimni, zamonamizning eng sharafli oilasiga kuyov bo‘lishimni, qo‘limga qum olsam oltinga aylantrib qo‘yishini Allohdan so‘rab duo qilgan edi".
Savdogar gapira turib beixtiyor yerdan bir siqim qumni qo‘liga oldi. Vociq uning bu so‘zlarini miyig‘ida kulib eshitayotgan edi, birdan savdogarning qo‘lidagi qumni orasida bir narsani yaltiraganiga ko‘zi tushdi. Unga qaragan edi, qo‘lidagi yaltiroq narsa xalifaning qizining yo‘qotgan zebigardoni bo‘lib chiqdi.
Shunday qilib, onaning duosi bilan bu damashqlik savdogar tarixda birinchi bo‘lib Iroqqa xurmo sotib, ko‘p foyda topgan tijoratchi va xalifa Vociqning qiziga uylanib, uning kuyoviga aylandi.
Onaning duosi haqiqatdan ham ijobat bo‘lgan edi.
Xulosa:
Hech kim sizga tashqaridan kelib, hayotingizga go‘zallik olib kirmaydi.
Siz o‘z qalbingiz eshiklarini ochib, tirishqoqlik bilan sa’y-harakat qilishingiz va eng go‘zal narsalarni o‘zingiz topishingiz kerak.
Alloh sizning yordamchingiz bo‘lishidan hech qachon noumid bo‘lmang.
Allohim, ota-onamizga xizmat qilish baxtini nasib et. Ular vafot etgan bo‘lsalar, ularning gunohlarini kechir va rahmatingga ol.
Bu hikoyani o‘qib bo‘lgach, ota-onangiz haqqiga duo qilib qo‘yishni unutmang.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salavotlar aytib, u zotga salom yo‘llang.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati