Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Aprel, 2025   |   21 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:37
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
19 Aprel, 2025, 21 Shavvol, 1446

Qanday qilib hech qachon zarar ko‘rmading?

14.11.2024   10204   4 min.
Qanday qilib hech qachon zarar ko‘rmading?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Aytishlaricha, abbosiylar xalifaligi davrida doimo do‘stlari bilan bahslashib yuradigan bir damashqlik savdogar bo‘lgan ekan. Bir kuni u do‘stlariga: "Men hayotimda biror marta ham tijoratda zarar ko‘rgan emasman", dedi.
Do‘stlari istehzoli tabassum bilan: "Qanday qilib hayotingda hech qachon zarar ko‘rmading? Bunday bo‘lishi mumkin emas", deyishdi.
Savdogar ulardan o‘zini sinash uchun biror muammoli tijorat taklifini berishlarini so‘radi. Shunda do‘stlari unga: "Iroqda xurmo sotib, foyda topish yetti imkonsizlikdan biridir, chunki u yerda xurmo cho‘ldagi qum kabi ko‘p", deyishdi.


Savdogar: "Men sizlarni tushundim va taklifingizni qabul qildim", dedi. Shundan so‘ng u Iroqdan keltirilgan xurmolarni sotib olib, abbosiylar poytaxti — Bag‘dodga yo‘l oldi.
Aytishlaricha, o‘sha paytda xalifa Vociq Billoh bahorni tomosha qilish uchun Mosulga yo‘l olgan ekan. Mosul Iroqning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘lib, "ikki bahor onasi" nomini olgan edi, chunki uning ob-havosi yozda ham, qishda ham bahorday bo‘lar edi.
Sayohatdan qaytish chog‘ida xalifaning qizi bo‘ynidagi oltin zebigardonini yo‘qotib qo‘ygan va yig‘lab otasiga shikoyat qilgan edi. Shundan so‘ng xalifa uni topib kelgan kishiga katta mukofot va’da qilib, qizini unga nikohlab berishini e’lon qildi.


Damashqlik savdogar Bag‘dodga yaqinlashganda, odamlar zebigardonni izlash uchun yo‘lga otlanganlarini ko‘rdi va ulardan bu shoshilinchlikning sababini so‘radi. Ular zebigardon voqeasini aytib berishdi va ularning kattasi: "Afsuski, biz uzoq yo‘lga chiqibmizu o‘zimiz bilan taom olishni unutibmiz, taomsiz qaytishga qiynalib qolamiz, taom olish uchun ortga qaytsak boshqalardan ortda qolib ketishimiz mumkin", dedi.
Shunda savdogar ularga: "Menda xurmo bor, olsangiz sotaman", dedi. Odamlar undan xurmoni qimmat narxda sotib olishdi.

Xalifa Vociq Bag‘dodda xurmo sotib foyda topgan damashqlik savdogar haqida eshitib, u bilan ko‘rishishni istadi. Savdogar xalifaning huzuriga borib o‘zi haqida so‘zlay boshladi: "Ey, hukmdor, Alloh davlatingizga baraka bersin. Men savdoni boshlaganimdan beri hech qachon zarar ko‘rgan emasman".


Vociq undan buning sababini so‘radi. Shunda u javob berdi: "Men yetim bola edim, onam esa nogiron edi. Men kichikligimdan uni parvarish qilar, ishlab pul topar va ikkimizning kundalik rizqimiz uchun harakat qilar edim. Yigirma yoshga yetganimda, onam kasal bo‘lib, yotib qoldi. Vafot etish arafasida u meni haqimga duo qilib, dinim va dunyomda ham hech qachon zarar ko‘rmasligimni, zamonamizning eng sharafli oilasiga kuyov bo‘lishimni, qo‘limga qum olsam oltinga aylantrib qo‘yishini Allohdan so‘rab duo qilgan edi".

Savdogar gapira turib beixtiyor yerdan bir siqim qumni qo‘liga oldi. Vociq uning bu so‘zlarini miyig‘ida kulib eshitayotgan edi, birdan savdogarning qo‘lidagi qumni orasida bir narsani yaltiraganiga ko‘zi tushdi. Unga qaragan edi, qo‘lidagi yaltiroq narsa xalifaning qizining yo‘qotgan zebigardoni bo‘lib chiqdi.
Shunday qilib, onaning duosi bilan bu damashqlik savdogar tarixda birinchi bo‘lib Iroqqa xurmo sotib, ko‘p foyda topgan tijoratchi va xalifa Vociqning qiziga uylanib, uning kuyoviga aylandi.

Onaning duosi haqiqatdan ham ijobat bo‘lgan edi.

Xulosa:
Hech kim sizga tashqaridan kelib, hayotingizga go‘zallik olib kirmaydi.
Siz o‘z qalbingiz eshiklarini ochib, tirishqoqlik bilan sa’y-harakat qilishingiz va eng go‘zal narsalarni o‘zingiz topishingiz kerak.
Alloh sizning yordamchingiz bo‘lishidan hech qachon noumid bo‘lmang.

Allohim, ota-onamizga xizmat qilish baxtini nasib et. Ular vafot etgan bo‘lsalar, ularning gunohlarini kechir va rahmatingga ol.
Bu hikoyani o‘qib bo‘lgach, ota-onangiz haqqiga duo qilib qo‘yishni unutmang.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salavotlar aytib, u zotga salom yo‘llang.

Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi

Boshqa maqolalar

Shavvol oyi tugashiga 10 kun qoldi!

18.04.2025   3052   2 min.
Shavvol oyi tugashiga 10 kun qoldi!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur (Zoriyot surasi, 55-oyat).

Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:

Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas (An’om surasi, 160-oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, huddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!

Davron NURMUHAMMAD