Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

Mazhab imomlari so‘zini Payg‘ambarimiz ﷺning so‘zlaridan ustun qo‘yish mumkinmi?

15.11.2024   5331   2 min.
Mazhab imomlari so‘zini Payg‘ambarimiz ﷺning so‘zlaridan ustun qo‘yish mumkinmi?

Sohta salafiylarga o‘xshagan mazhabni inkor qiluvchi toifalar orasida shunday savol yuradi: "To‘rt mazhab imomlarining so‘zlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘zlaridan ustun qo‘yish mumkinmi?".

Aslida, bu juda ham chalg‘ituvchi savol hisoblanadi. Aslida biz to‘rt mazhab imomlarining so‘zlarini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning so‘zlaridan ustun qo‘ymaymiz, balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini tushunishda ularning tushunchalarini o‘zimiznikidan afzal deb bilamiz.

Fiqhiy hukmlarda gohida Imomi Abu Hanifa, Imomi Molik, Imomi Shofe’iy yoki Imomi Ahmad hadisning zohiriy ma’nosiga zid bo‘lgan fikr bildirishgan holatlar bor. Buning sababi hadisning zaifligi yoki uning sahobiy yoki tobeinda to‘xtagani, boshqa hadis bilan bekor qilingani yoki uning sanad va matn jihatdan boshqalardan pastligini ko‘rganliklari sababli bo‘ladi.

Yosh va ilmda tajribasiz yigitlar esa, ba’zi imomlarning "Agar hadis to‘g‘ri bo‘lsa, u mening mazhabimdir" yoki "agar mening mazhabim hadisga zid kelsa, mening mazhabimni devorga uring", "hammaning gapi qabul qilinishi ham, rad etilishi ham mumkin, faqat ushbu qabr sohibi bundan mustasnodir" degan so‘zlarini qo‘llab, jamoatning fikrini chalg‘itmoqchi bo‘ladilar.

Haqiqat shuki, imomlar — Alloh ulardan rozi bo‘lsin — bu gaplari bilan faqat ularga yetib kelmagan hadislarga ishora qilganlar, ammo bu juda kamdan-kam uchraydi. Ularga yetib kelgan hadislarni tushunishda ijtihod qilganlar va o‘z qoidalari asosida ulardan hukm chiqarganlar.

Bir hadisning imomlarga yetib kelmaganini isbotlash juda qiyin, chunki ular barchasi ham hadis bilimdonlari sanaladilar. Masalan, Imomi Molikning "Al-Muvatto", Imomi Abu Hanifaning "Musnad", Imomi Shofe’iy va Imomi Ahmadning ham "Musnad" asarlari bor. Ular va mazhab izdoshlari ham hadis bilimdonlari bo‘lib, ulardan hech narsa maxfiy qolmagan. Aslida sunnat bizlarga ular orqali, ularning mazhabdagi izdoshlari orqali yetib kelgan.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Jaholatga qarshi ma'rifat
Boshqa maqolalar

Dindor odamlarga qanday qaraysiz? Badavlat odamlarga-chi?

8.01.2025   4169   1 min.
Dindor odamlarga qanday qaraysiz? Badavlat odamlarga-chi?

Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).


Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:

- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.