Sohta salafiylarga o‘xshagan mazhabni inkor qiluvchi toifalar orasida shunday savol yuradi: "To‘rt mazhab imomlarining so‘zlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘zlaridan ustun qo‘yish mumkinmi?".
Aslida, bu juda ham chalg‘ituvchi savol hisoblanadi. Aslida biz to‘rt mazhab imomlarining so‘zlarini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning so‘zlaridan ustun qo‘ymaymiz, balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini tushunishda ularning tushunchalarini o‘zimiznikidan afzal deb bilamiz.
Fiqhiy hukmlarda gohida Imomi Abu Hanifa, Imomi Molik, Imomi Shofe’iy yoki Imomi Ahmad hadisning zohiriy ma’nosiga zid bo‘lgan fikr bildirishgan holatlar bor. Buning sababi hadisning zaifligi yoki uning sahobiy yoki tobeinda to‘xtagani, boshqa hadis bilan bekor qilingani yoki uning sanad va matn jihatdan boshqalardan pastligini ko‘rganliklari sababli bo‘ladi.
Yosh va ilmda tajribasiz yigitlar esa, ba’zi imomlarning "Agar hadis to‘g‘ri bo‘lsa, u mening mazhabimdir" yoki "agar mening mazhabim hadisga zid kelsa, mening mazhabimni devorga uring", "hammaning gapi qabul qilinishi ham, rad etilishi ham mumkin, faqat ushbu qabr sohibi bundan mustasnodir" degan so‘zlarini qo‘llab, jamoatning fikrini chalg‘itmoqchi bo‘ladilar.
Haqiqat shuki, imomlar — Alloh ulardan rozi bo‘lsin — bu gaplari bilan faqat ularga yetib kelmagan hadislarga ishora qilganlar, ammo bu juda kamdan-kam uchraydi. Ularga yetib kelgan hadislarni tushunishda ijtihod qilganlar va o‘z qoidalari asosida ulardan hukm chiqarganlar.
Bir hadisning imomlarga yetib kelmaganini isbotlash juda qiyin, chunki ular barchasi ham hadis bilimdonlari sanaladilar. Masalan, Imomi Molikning "Al-Muvatto", Imomi Abu Hanifaning "Musnad", Imomi Shofe’iy va Imomi Ahmadning ham "Musnad" asarlari bor. Ular va mazhab izdoshlari ham hadis bilimdonlari bo‘lib, ulardan hech narsa maxfiy qolmagan. Aslida sunnat bizlarga ular orqali, ularning mazhabdagi izdoshlari orqali yetib kelgan.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Ota-onalar o‘g‘illariga Muhammad deb ism qo‘yishni afzal ko‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari sahobalar davridan boshlab hozirgacha U zot alayhissalomga muhabbat yuzasidan farzandlarga qo‘yib kelinadi. Qolaversa, bir qancha hadisi shariflarda, ulamolarning so‘zlarida bu muborak ismni farzandlarga qo‘yish tavsiya qilingan va maqtalgan. Jumladan Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismimni qo‘yinglar, ammo kunyam bilan kunyalanmanglar”, deganlar.
Imom Molik raziyallohu anhu aytadilar: “Madina ahli shunday der edi: “Muhammad ismli kishisi bor hech bir oila yo‘qki, unga ko‘plab yaxshiliklar berilmagan bo‘lsa”.
Ammo, “qasamki, kimki sening isming Muhammad bilan atalsa, hech qachon do‘zax o‘ti unga tegmaydi”, “Qiyomat kuni, ey ismi Muhammad bo‘lgan banda, jannatga kirish uchun o‘rningda tur, deb nido qilinadi” kabi uydirma hadislar ko‘plab uchraydi. Mazkur muborak ismga oid bir qancha uydirma hadislar kitoblarga kirib qolganini ulamolar aniqlagan va musulmonlarni ogoh etish uchun uydirma hadislarga oid yozgan kitoblariga kiritganlar.
Muhammad ismi do‘zaxdan asrashi, qiyomatda foyda berishi kabi fazilatlar bayon qilingan yuqorida zikr etilgan hadislar haqida Imom Shomiy asarida bunday degan: “Muhammad ismi bandaga foyda keltirishi haqida bironta sahih hadis yo‘q”.
Bakr Abu Zayd aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Muhammad yoki Ahmad ismli kishini maqtagani yoki birovni bu ikki ism bilan chaqirishni man qilgani haqidagi har qanday hadis sahih emas” (“Tasmiyatul mavlud”, 17-bet).
Yana bir muhim jihat, bu ism sharafli ismlardan, ammo ism insonga odamlar orasida afzallik bermaydi. Agar bu ismni biror insonga qo‘yilsa, o‘sha insonning ismi hisoblanadi. Bu insonni chaqirilsa yoki ismi aytilsa, unga salovat aytish kabi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga oid hukmlar qilinmaydi.
Asosiy va muhim jihat Muhammad deb nomlanish emas, balki U zotga ergashish ekanligini ulamolar ta’kidlaganlar. Insonga solih amallari va Allohdan qo‘rqishi dunyo va oxiratda foyda beradi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.