Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo Juma surasida bunday marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Juma kunidagi namozga chorlangan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying. Agar bilsangiz, ana shu o‘zingiz uchun yaxshidir» (9-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Quyosh chiqqan kunnning eng yaxshisi juma kunidir, chunki u kunda Odam alayhissalom yaratilgan, u kunda jannatga kiritilgan va u kunda jannatdan chiqarilgan va qiyomat ham juma kuni bo‘ladi”.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alyhi vasallam: “Juma kunida bir vaqt borki, biror musulmon namoz o‘qib turgan holda o‘shanga to‘g‘ri kelib qolib, Allohdan yaxshilik so‘rasa, unga buni albatta beradi”, deganlar.
Juma kunining bir qancha odoblari bo‘lib, ularga har bir mo‘min banda amal qilmog‘i lozim:
1. G‘usl qilish. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim juma kuni tahorat olsa, qandayam yaxshi. Ammo kimki g‘usl qilsa, yanada afzaldir!”.
2. Misvok ishlatish, sochni yog‘lab parvarishlash, xushbo‘ylik sepish.
3. Eng yaxshi va toza liboslarni kiyish.
4. Masjidga shoshilmay, zikr aytib yurib borish.
5. Odamlar orasidan hatlab o‘tmaslik.
6. Kahf surasi o‘qish.
7. Duolar qabul bo‘ladigan vaqtni g‘animat bilish. Ulamolar ushbu vaqt haqida 2 xil fikr bildirishgan.
Birinchisi – quyosh botishidan oldingi oxirgi soatdir;
Ikkinchisi – bu soat imom xutba aytishi bilan juma namozi tugagunga qadar bo‘lgan vaqt orasidadir.
8. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kunida va juma kechasida ko‘p salavot aytinglar, kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Botirxon domla Ro‘ziyevning padari buzrukvorlari Joniqul otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Botirxon domla Ro‘ziyevga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz