Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446
Maqolalar

Qiyomatning kichik alomatlari: Payg‘ambar alayhissalomning vafot etishlari (Ikkinchi qism)

15.11.2024   4472   2 min.
Qiyomatning kichik alomatlari: Payg‘ambar alayhissalomning vafot etishlari (Ikkinchi qism)

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sevimli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlari – qiyomat kuni yaqinlashish alomatining biri sanaladi.

Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom qiyomat kuni alomatlarini sanayotganlarida: “Mening o‘limim”, deb aytganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu dunyoni tark etishlari ummat uchun eng katta musibatdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kirganlarida butun olam munavvar bo‘ldi, bu dunyoni tark etgan kunlarida esa butun olam xiralashdi” (Imom Termiziy rivoyati).

Nabiy alayhissalomning vafotlari bilan vahiy kelishi to‘xtadi.

Abu Bakr va Umar roziyallohu anhum Ummu Ayman roziyallohu anhoni ziyoratiga kelganlarida uning yig‘lab turganini ko‘rishdi. Shunda undan so‘rashdi:

– Sizni yig‘lashga nima majbur qildi? Zero, Allohning Rasulullohga bergani afzalroqdir!

U esa aytadi:

– Men Allohning huzurida Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga nima yaxshiroq ekanini bilmayman. Ammo vahiyning to‘xtab qolganiga yig‘layapman.

Shunda Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo unga qo‘shilib yig‘ladilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bashar edilar. Shu bois u zot ham vafot etdilar. Zero, bu hayotda har bir jon o‘lim sharbatini tatib ko‘radi. Bu dunyo – vaqtinchalik boshpana va hech kim bu yerda abadiy qolmaydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: (Ey Muhammad!) Biz sizdan avval biror odamzotga mangu hayot bergan emasmiz – Siz o‘ladiganu, ular mangu qoluvchilarmi?! Har bir jon o‘limning totuvchisidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz” (Anbiyo surasi, 34–35-oyat).

Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng vahiy to‘xtadi. Shunday qilib yaxshilik to‘xtadi va yomonliklar oshkor bo‘la boshladi”.

Sofiya binti Abdulmutallib aytadi: “Qasam ichamanki, Payg‘ambar vafot etgani uchun yig‘lamayman. Lekin men keyingi qotilliklardan qo‘rqaman”.

Darhaqiqat, Nabiy alayhissalom vafotlaridan so‘ng turli fitna va ixtiloflar bo‘y cho‘za boshladi.

Davomi bor...

Manbalar asosida
Bahriddin XUSHBOQOV
tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Unashtirishlik - uylanish va er‑xotin bo‘lish emas!

4.01.2025   3416   1 min.
Unashtirishlik - uylanish va er‑xotin bo‘lish emas!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Agar sovchi qo‘yilgan ayol yoki uning valiysi tomonidan mazkur sovchilikka rozilik javobi berilsa, unashtirilgan bo‘ladi.

Unashtirish ikki tomondan oila qurish uchun berilgan va’dadir. Bu narsa ham uylanish, er‑xotin bo‘lish emas. Shuning uchun ham unashtirilgan ikki kishi bir-biriga ajnabiy – begona holida turadilar. Ular "unashtirib qo‘yildik", deb xilvatda yolg‘iz qolishlari, bir-birlari bilan er‑xotindek muomalada bo‘lishlari mutlaqo mumkin emas, faqat nikoh aqdidan keyingina er‑xotin bo‘ladilar.

Unashtirilgandan keyin to‘y qilib, oila qurish eng marg‘ub ishdir. Unashtirilgandan so‘ng ajrashish yaxshi emas. Lekin uzrli sabablarga ko‘ra ajrashishsa, joiz.

Unashtirilish faqat va’dadan iborat bo‘lganligi uchun, undan keyin ajrashish oqibatida hech qanday majburiyatlar sobit bo‘lmaydi.

Agar bu orada hadya oldi-berdisi bo‘lgan bo‘lsa, aynigan tomon zarariga bo‘ladi. Misol uchun, erkak aynigan bo‘lsa, berganini qaytarib olishga haqqi bo‘lmaydi. Agar ayol kishi aynigan bo‘lsa, hadyani erkak tarafga qaytarib bergani yaxshi.

Ushbu ishlarning barchasi o‘zaro hurmat va Islomiy odob asosida olib borilishi lozim. Nasib bo‘lmay, oila qurishga ittifoq qilinmay, sovchilik yoki unashtirishdan keyin ajralish ro‘y beradigan bo‘lsa ham, bir-birlarining obro‘larini to‘kmay, yaxshilik bilan ajralishlari zarur.

«Baxtiyor oila» kitobidan