Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sevimli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlari – qiyomat kuni yaqinlashish alomatining biri sanaladi.
Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom qiyomat kuni alomatlarini sanayotganlarida: “Mening o‘limim”, deb aytganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu dunyoni tark etishlari ummat uchun eng katta musibatdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kirganlarida butun olam munavvar bo‘ldi, bu dunyoni tark etgan kunlarida esa butun olam xiralashdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy alayhissalomning vafotlari bilan vahiy kelishi to‘xtadi.
Abu Bakr va Umar roziyallohu anhum Ummu Ayman roziyallohu anhoni ziyoratiga kelganlarida uning yig‘lab turganini ko‘rishdi. Shunda undan so‘rashdi:
– Sizni yig‘lashga nima majbur qildi? Zero, Allohning Rasulullohga bergani afzalroqdir!
U esa aytadi:
– Men Allohning huzurida Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga nima yaxshiroq ekanini bilmayman. Ammo vahiyning to‘xtab qolganiga yig‘layapman.
Shunda Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo unga qo‘shilib yig‘ladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bashar edilar. Shu bois u zot ham vafot etdilar. Zero, bu hayotda har bir jon o‘lim sharbatini tatib ko‘radi. Bu dunyo – vaqtinchalik boshpana va hech kim bu yerda abadiy qolmaydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ey Muhammad!) Biz sizdan avval biror odamzotga mangu hayot bergan emasmiz – Siz o‘ladiganu, ular mangu qoluvchilarmi?! Har bir jon o‘limning totuvchisidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz” (Anbiyo surasi, 34–35-oyat).
Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng vahiy to‘xtadi. Shunday qilib yaxshilik to‘xtadi va yomonliklar oshkor bo‘la boshladi”.
Sofiya binti Abdulmutallib aytadi: “Qasam ichamanki, Payg‘ambar vafot etgani uchun yig‘lamayman. Lekin men keyingi qotilliklardan qo‘rqaman”.
Darhaqiqat, Nabiy alayhissalom vafotlaridan so‘ng turli fitna va ixtiloflar bo‘y cho‘za boshladi.
Davomi bor...
Manbalar asosida
Bahriddin XUSHBOQOV
tarjimasi.
Joriy yilgi “Haj – 2025” ibodatiga tayyorgarlik ishlari doirasida Samarqand shahrida uchrashuv tashkil etildi. Unda Samarqand, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridan tayinlangan guruh rahbarlari ishtirok etdi.
O‘quv-seminarda haj tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tartib-intizom va xavfsizlik masalalari yuzasidan muhim ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, guruh rahbarlariga haj marosimlari davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy va ma’rifiy ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar yetkazildi.
Uchrashuv mas’ul tashkilotchilar va haj safariga tayyorlanayotgan rahbarlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati