Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Amal va iymon bayoni

18.11.2024   1540   18 min.
Amal va iymon bayoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

44 - وَمَا أَفْعَالُ خَيْرٍ فِي حِسَابٍ مِنَ الإِيْمَانِ مَفْرُوضَ الْوِصَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Yaxshi ishlar (iymonga) qo‘shilishi farz qilingan bo‘lsa-da, ular hisoblashda iymondan emasdir.

Nazmiy bayoni:

Xayrli ishlar garchi erur farz,

Iymon juzlaridan hisob etilmas.

 

Lug‘atlar izohi:

مَا – nafiy harfi.

اَفْعَالُ – nafiy harfining ismi.

خَيْرٍ – muzofun ilayh.

فِي – “majoziy zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.

حِسَابٍ – jor majrur مَا ning xabari ekaniga ko‘ra nasb o‘rnida turibdi.

مِنَ  – “tab’iyz” (bo‘laklarga ajratish) ma’nosida kelgan jor harfi.

الاِيْمَانِ – jor majrur حِسَابٍ ga mutaalliq. Iymon kalimasi o‘zbek tilida “ishonish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Iymon haqidagi bahslarni o‘rganishda arab tilida qay darajadagi ishonish iymon deb atalishini bilish muhim hisoblanadi. Arab tilida bir narsaga nisbatan ishonish darajalari quyidagicha ifodalanadi:

– Vahm – 50 % ga yetmagan ishonch;

– Shak – 50 % ishonch bor, 50 % ishonch yo‘q;

– Zon – 50 % dan ortiq, ammo 100 % ga yetmagan ishonch;

– Iymon – 100 % bo‘lgan ishonch;

Ushbu 100 % ishonilgan narsani dalillari bilan o‘rganib chiqilganini ifodalash uchun iymon bilan birgalikda “iyqon” (dalillari bilan o‘rganilgan 100% ishonch) ham deyiladi.    

مَفْرُوضَ – hollikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi.

الْوِصَالِ – muzofun ilayh. Bu masdar “bir narsada uzluksiz doimiy ravishda bardavom bo‘lish” ma’nosini ifodalaydi. وَصْلٌ  masdari esa biror narsaga bir marta erishishga nisbatan ishlatiladi. Shuning uchun aynan وِصَالِ kalimasi ishlatilgan. 

 

Matn sharhi:

Barcha yaxshi ishlar-u toat-ibodatlar bajarish farzligiga ko‘ra iymonga bog‘liqligi bo‘lsa-da, iymonning juzlaridan hisoblanmaydi. Iymon va amallar  bir-birlaridan farqli narsalar deb qaraladi. Qur’oni karimda ham ularning oralari ajratib bayon qilingan:

﴿إِنَّ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَعَمِلُواْ ٱلصَّٰلِحَٰتِ

“Albatta, iymon keltirgan, yaxshi ishlarni qilgan...”[1].   

Ushbu oyatda yaxshi amallarni qilish iymon keltirishga atf qilib keltirilgan. Ma’tuf esa ma’tufun alayhdan boshqaligi hech kimga sir emas.

Yaxshi amallarni qilish iymondan hisoblanmasligiga eng yorqin dalillardan yana biri – xayrli ishlarning savob keltiradigan amal bo‘lishi uchun iymon shart qilinganidir:  

﴿وَمَن يَعۡمَلۡ مِنَ ٱلصَّٰلِحَٰتِ وَهُوَ مُؤۡمِنٞ فَلَا يَخَافُ ظُلۡمٗا وَلَا هَضۡمٗا١١٢

“Kimki mo‘min bo‘lgan holda ezgu ishlarni qilsa, bas, u zulmdan (qilmagan gunohlarga javob berishdan) ham, kamayishdan (savobi to‘la berilmay qolishidan) ham xavfsiramas”[2].  

Ushbu oyatda yaxshi amallarni mo‘min holatda qilish shart qilingan. Shart bilan shart qilingan narsalarning boshqa-boshqa ekani hech kimga sir emas.

Aslida, ushbu masala iymon haqiqati nima degan savolga berilgan javoblardan kelib chiqqan. Shuning uchun dastlab iymonning haqiqati to‘g‘risidagi ta’riflar bilan tanishib chiqilsa, nima uchun bunday bahs qilinganini tushunish oson bo‘ladi.

 

Iymon ruknlari nechta?

“Iymon ruknlari nechta” degan savolga javob berish uchun avvalo “iymon” va “rukn” kalimalari nimani ifodalashi, ya’ni ular nimalarning ismi ekani haqida to‘g‘ri tasavvur bo‘lishi lozim. 

Iymon kalimasi lug‘atda ikki xil ma’noni anglatadi:

1. Tasdiqlash;

2. Omonlik berish.

Ahli sunna val-jamoa ulamolari nazdida birinchi ma’no ya’ni “tasdiqlash” mo‘tabar hisoblanadi. Istilohda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo huzuridan keltirgan barcha narsalarni qalb bilan tasdiqlash va til bilan iqror bo‘lish iymon deb ataladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagi narsalarga shaksiz ishonish lozimligini ta’lim berganlar:

1. Allohga;

2. Farishtalarga;

3. Ilohiy kitoblarga;

4. Payg‘ambarlarga;

5. Oxirat kuniga;

6. Qadarning yaxshisi ham yomoni ham Allohdan ekaniga;

7. O‘lgandan so‘ng qayta tirilishga.

Ushbu narsalarga shaksiz ishonish iymon keltirish lozim bo‘lgan barcha narsalarni o‘z ichiga qamrab oluvchi ishonch hisoblanadi.

Rukn lug‘atda “ustun”, “asos” “burchak” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa  “Biror narsaning asosini tashkil qiladigan eng kuchli tarafi uning rukni deyiladi”.  

“Iymon ruknlari nechta” degan savolga javob izlab ulamolarimizning bu haqidagi qarashlarini o‘rganib chiqadigan bo‘lsak, Ahli sunna val-jamoa ulamolari iymonning rukni haqida bir-biridan farqli uch xil qarashni aytganlariga guvoh bo‘lamiz:

1. Iymon qalb bilan e’tiqod qilish, til bilan nutq qilish va arkonlarga amal qilishdir;

2. Iymonning asliy rukni tasdiqlashdir. Til bilan iqror bo‘lish aslga qo‘shimcha rukn hisoblanadi;

3. Iymon faqatgina tasdiqdan iboratdir. Iqror bo‘lish dunyoda mo‘minlik hukmlari ijrosi uchun shartdir. Solih amallar esa iymonning sahih bo‘lishi uchun emas, balki komil bo‘lishi uchun shartdir. 

Iymon ruknlari haqidagi ushbu farqli qarashlarning asl mohiyatini o‘rganish  ko‘plab tushunmovchiliklarga barham beradi. Shu ma’noda mazkur qarashlarni alohida-alohida o‘rganib chiqamiz:     

1. Iymon qalb bilan e’tiqod qilish, til bilan nutq qilish va arkonlarga amal qilishdir.

Bu qarashni olg‘a surganlar ikki guruhga bo‘linadi:

a) Ahli sunna val-jamoa ulamolari. Imom Molik, imom Shofi’iy, imom Ahmad, imom Avzo’iy va bulardan boshqa ahli hadislar, ahli zohirlar hamda ba’zi mutakallimlar iymonni makzkur ma’noda ta’riflaganlar. Ushbu muhtaram imomlar  arkonlarga amal qilishni iymon haqiqatining emas, balki komil iymonning ruknidir, deganlar. Ya’ni arkonlarga amal qilmaganlar iymon haqiqatidan chiqib ketmaydi, deganlar. Demak, bu zotlarning mazhablariga ko‘ra arkonlarga amal qilmaganlar “komil iymon”[3] egasi bo‘la olmaydilar, ammo mo‘min bo‘lib turaveradilar, – degan ma’no tushuniladi.

Bu qarashga quyidagicha dalil keltiradilar: Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan iymon nima deb so‘raganida, U zot sollallohu alayhi vasallam  quyidagi oyatni tilovat qilganlar. Keyin yana qayta so‘raganida yana shu oyatni tilovat qilganlar:

﴿۞لَّيۡسَ ٱلۡبِرَّ أَن تُوَلُّواْ وُجُوهَكُمۡ قِبَلَ ٱلۡمَشۡرِقِ وَٱلۡمَغۡرِبِ وَلَٰكِنَّ ٱلۡبِرَّ مَنۡ ءَامَنَ بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِ وَٱلۡمَلَٰٓئِكَةِ وَٱلۡكِتَٰبِ وَٱلنَّبِيِّ‍ۧنَ وَءَاتَى ٱلۡمَالَ عَلَىٰ حُبِّهِۦ ذَوِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينَ وَٱبۡنَ ٱلسَّبِيلِ وَٱلسَّآئِلِينَ وَفِي ٱلرِّقَابِ وَأَقَامَ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتَى ٱلزَّكَوٰةَ وَٱلۡمُوفُونَ بِعَهۡدِهِمۡ إِذَا عَٰهَدُواْۖ وَٱلصَّٰبِرِينَ فِي ٱلۡبَأۡسَآءِ وَٱلضَّرَّآءِ وَحِينَ ٱلۡبَأۡسِۗ أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ صَدَقُواْۖ وَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُتَّقُونَ١٧٧

Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga burishingiz (ibodat qilishingizning o‘zi to‘la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado etib, zakotni to‘lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og‘ir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshilik (ahli)dir. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o‘shalar taqvodordirlar”[4]

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu javoblarida iymonning qalb bilan e’tiqod qilish, til bilan nutq qilish va arkonlarga amal qilishdan iborat ekani zohir bo‘lib turibdi, – deganlar. 

b) Mo‘taziliylar. Bu firqa arkonlarga amal qilishni iymon haqiqatining ruknidir, ya’ni arkonlarga amal qilmaganlar iymon haqiqatidan chiqib ketadi, deganlar. Demak, bu firqaning qarashiga ko‘ra, amal qilmagan kimsa dindan chiqib ketadi. Shunga ko‘ra kimki amal qilmagan kimsa dindan chiqib ketadi, desa, mo‘taziliy firqasining da’vosini aytgan bo‘ladi.    

2. Iymonning asliy rukni tasdiqlashdir. Til bilan iqror bo‘lish aslga qo‘shimcha rukn hisoblanadi.

Sa’duddin Taftazoniy rahmatullohi alayh bu haqida shunday degan: iymon asliga qo‘shilgan narsa til bilan ifodalashdir. Chunki til qalbdagi narsani ifodalab beradi va qalbiy tasdiqqa dalolat qiladi. Ammo til bilan ifodalash asliy rukn hisoblanmaydi. Chunki tasdiqning o‘rni qalbdir. Shuning uchun ham uzrli paytlarda til bilan iqror bo‘lish soqit bo‘ladi. Masalan soqov kishi tili bilan iqror bo‘lmagani, yoki majburlangan kishi iqrorni inkorga aylantirib qo‘ygani sababli ulardan iymon hukmi olib tashlanmaydi. Til bilan iqror bo‘lish iymonning asliy rukniga qo‘shimcha ekani imom Saraxsiy, Faxrul Islom Pazdaviy va boshqa ko‘plab faqihlardan rivoyat qilingan. Ushbu qarash ulug‘ vatandoshimiz Najmiddin Nasafiy rahmatullohi alayh e’timod qilgan qarash hisoblanadi. Bu zot “Aqoidun Nasafiy”da quyidagilarni yozgan:

اَلْاِيْمَانُ هُوَ التَّصْدِيقُ بِمَا جَاءَ بِهِ مِنْ عِنْدِ اللهِ تَعَالَى وَالْاِقْرَارُ بِهِ.

“Iymon – (Nabiy sollallohu alayhi vasallam) Alloh taolo huzuridan keltirgan narsani rost deb bilish va uni til bilan ifodalashdir”.  

Bu qarash sohiblari quyidagicha dalil keltiradilar: oyati karimalarda iymon so‘zi ishonch ma’nosida kelgan. Masalan,

﴿قَالُواْ يَٰٓأَبَانَآ إِنَّا ذَهَبۡنَا نَسۡتَبِقُ وَتَرَكۡنَا يُوسُفَ عِندَ مَتَٰعِنَا فَأَكَلَهُ ٱلذِّئۡبُۖ وَمَآ أَنتَ بِمُؤۡمِنٖ لَّنَا وَلَوۡ كُنَّا صَٰدِقِينَ١٧

“Aytdilar: “Ey otamiz! Biz Yusufni matohlarimiz oldida qoldirib quvalashib ketsak, uni bo‘ri yeb ketibdi. Rost gapirsak ham, (baribir) siz bizga ishonuvchi emassiz”[5].                                                                                                                                    

Ushbu oyatdagi bizga mo‘min emassiz ma’nosidagi oyat,  bizning so‘zimizni rost deb biluvchi emassiz, ma’nosidadir. Bu esa bir narsani rost deb bilishning yolg‘iz o‘zi o‘sha narsaga mo‘min bo‘lish deganini bildiradi.

 Faqatgina rost deb bilish yashirin ish bo‘lgani sababli shariat mo‘minni kofirdan ajratish uchun til bilan e’tirof etishni vojib qilgan. Bu haqiqat hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

عَنْ اَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ اِنَّ رَسُولَ اللَّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ اُمِرْتُ اَنْ اُقَاتِلَ النَّاسَ حَتَّى يَقُولُوا لَا اِلَهَ اِلاَّ اللَّهُ فَمَنْ قَالَ لَا اِلَهَ اِلاَّ اللَّهُ عَصَمَ مِنِّى مَالَهُ وَنَفْسَهُ اِلاَّ بِحَقِّهِ وَحِسَابُهُ عَلَى اللَّه.  رَوَاهُ  مُسْلِمٌ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men “laa ilaha illalloh” degunlarigacha insonlarga qarshi kurashishga buyurildim. Bas, kimki “laa ilaha illalloh” degan bo‘lsa, mendan molini va jonini saqlab qolibdi, faqat buning (Islomning) haqqi bundan mustasnodir. Uning hisobi Allohga havoladir”, – dedilar (Muslim rivoyat qilgan).

Shuning uchun ham inson umri davomida bir marta “la ilaha illalloh” deyishi uning mo‘min bo‘lishiga kifoya qiladi.

Burhon Laqqoniy rahmatullohi alayh “Javharotut tavhid” kitobining sharhida quyidagilarni yozgan: “Muhaqqiq ulamolardan Imomi A’zam rahmatullohi alayh bitta qavlda, ash’ariylarning ko‘pchiligi, hanafiy imomlardan Saraxsiy va Pazdaviylarning qarashlariga ko‘ra iqror iymon haqiqatidan tashqaridagi shart emas. U iymon haqiqatining yarmi va uning ichiga kiruvchi rukndir. Ammo qolgan solih amallar iymon rukniga kirmaydi. Demak ushbu zotlarning nazdlarida iymon – til va qalb amallarining barchasining ismidir”.

Sa’duddin Taftazoniy rahmatullohi alayh aytadiki: “Ushbu so‘zga ko‘ra kimki qalbi bilan tasdiqlasa-yu, imkoni bo‘la turib umri davomida biror marta ham tili bilan iqror bo‘lmasa, bunday kimsa dunyoda ham mo‘min hisoblanmaydi, Alloh huzurida ham mo‘min emasdir”.  

3. Iymon faqatgina tasdiqdan iboratdir. Iqror bo‘lish dunyoda mo‘minlik hukmlari ijrosi uchun shartdir.

Imom Moturidiy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan ushbu qarashga ko‘ra, solih amallar iymonning sahih bo‘lishi uchun emas, balki komil bo‘lishi uchun shart hisoblanadi.  Shuning uchun birov qalbi bilan tasdiqlasa-yu imkoni bo‘la turib tili bilan iqror bo‘lmagan bo‘lsa, bunday kimsa dunyoda mo‘min hisoblanmasa ham Allo huzurida mo‘min bo‘ladi. Chunki qalbdagi narsani faqat Alloh biladi, bandalar bila olmaydilar. Ushbu mazhabning qarashlari ikkita misolda yaqqol namoyon bo‘ladi:

a) bir zimmiy majburlansa-yu, tili bilan iymonga iqror bo‘lsa, qalban tasdiqlaganiga alomatlar bo‘lmasa ham, dunyo hukmlarida unga mo‘min deb qaralishi kelib chiqadi;

b) mo‘min kishi kufr kalimasini aytishga majburlansa-yu tili bilan kufrni iqror qilib qo‘ysa ham dunyo hukmlarida u murtadga aylanmaydi. Aslida kufr kalimasini gapirish tufayli kofirlik sobit bo‘lishi kerak edi. Lekin asliy rukn bo‘lgan qalbiy tasdiq unda bor bo‘lib turgani uchun kufrga hukm qilinmaydi. 

Bunday e’tiqodda bo‘lganlar o‘zlarining qarashlarini qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab dalillar keltiradilar. Masalan,

﴿ إِلَّا مَنۡ أُكۡرِهَ وَقَلۡبُهُۥ مُطۡمَئِنُّۢ بِٱلۡإِيمَٰنِ

“...Qalbi iymon ila orom topa turib zo‘rlanganlar bundan mustasno...”[6].

Abul Muin Nasafiy “Bahrul kalom” asarida Imom Abu Mansur Moturidiyning “iymon faqatgina tasdiqning o‘zidir”, deganini rivoyat qilgan.

Ammo ushbu mazhabga ko‘ra ham til bilan iqror qilmaslik qaysarlik sababli yo inkor qilish sababli yoki arzimas sanash sababli bo‘lmasligi shartdir. Agar ushbu sabablar bilan bo‘ladigan bo‘lsa, dunyoyu oxiratda mo‘min hisoblanmasligi kelib chiqadi. 

Ushbu ikkinchi va uchinchi qarash bizning moturudiya mazhabi ulamolarining qarashlaridir. Faqatgina ba’zilari iqror bo‘lishni “qo‘shimcha rukn” degan bo‘lsalar, ba’zilari “dunyoda mo‘minlik hukmlari ijrosi uchun shartdir”, – deganlar.

 

Iymon ziyoda va kam bo‘lmaydi

Iymon ziyoda  va kam bo‘lishi yo bo‘lmasligi to‘g‘risida ham atroflicha bahslar qilingan. Bizning moturidiya mazhabimizda iymon ziyoda ham, kam ham bo‘lmaydi. Chunki iymonning asli qat’i ishonilishi lozim bo‘lgan barcha narsalarni rost deb bilish hisoblanadi. Yuqorida ishonch 100% bo‘lgandagina iymon deb atalishi bayon qilingan edi. Shunga ko‘ra mazkur 100% ishonch ziyodalik va nuqsonni qabul qilmaydi. Iymonning ziyoda bo‘lishiga dalolat qiladigan oyati karimalar haqida quyidagicha e’tiqod qilinadi: 

﴿إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ ٱلَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ ٱللَّهُ وَجِلَتۡ قُلُوبُهُمۡ وَإِذَا تُلِيَتۡ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتُهُۥ زَادَتۡهُمۡ إِيمَٰنٗا وَعَلَىٰ رَبِّهِمۡ يَتَوَكَّلُونَ٢

“Albatta, Alloh zikr qilinsa, qalblari titraguvchi, oyatlari tilovat etilsa, iymonlarini ziyoda qilguvchi va Robbilariga tavakkul qilguvchilargina mo‘minlardir”[7].  

Ushbu oyati karimada mo‘minlarning sifatlari bayon qilingan. Ya’ni komil ixlosli mo‘min kishilar Alloh taoloning ismi zikr qilinishining o‘zidayoq Uning haybatidan ta’sirlanganlaridan qalblari titrab ketadigan insonlar bo‘ladilar. Oyatdagi “iymonlarini ziyoda qiluvchi” ma’nosidagi lafz mo‘min kishining Qur’on oyatlari tilovat qilingan paytda iymon nuri yanada ziyodalashib, hayot yo‘llaridagi ta’siri oshib borishini anglatadi. Ya’ni  mo‘minlar toat-ibodatlarda bir-birlaridan farqli bo‘ladilar, ammo iymonning aslida o‘zaro teng bo‘ladilar. 

﴿هُوَ ٱلَّذِيٓ أَنزَلَ ٱلسَّكِينَةَ فِي قُلُوبِ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ لِيَزۡدَادُوٓاْ إِيمَٰنٗا مَّعَ إِيمَٰنِهِمۡۗ

“U (Alloh) O‘z iymonlariga yana iymon qo‘shilishi uchun mo‘minlarni dillariga taskin tushirgan zotdir”[8].     

Ushbu singari zohiri iymonning ziyoda bo‘lishiga dalolat qiladigan oyatlarni moturidiya mazhabi ulamolari uch xil ma’noda tushuntirganlar:

1. Mo‘minlar dastlab iymon keltirib tasdiqlashgan. So‘ngra bir farzdan keyin yana boshqa farzlar qo‘shilib ziyoda bo‘lgan. Shunga ko‘ra oldingi iymon keltirgan narsalaridan boshqa yana iymon keltiradigan narsalar ziyoda bo‘lgan. Ya’ni iymonning o‘zi emas, iymon keltirilgan narsalar ziyoda bo‘ladi. 

2. Mo‘minlar keltirgan iymonlarida doimo sobit turishining o‘zi iymon uzra ziyodalik hisoblanadi. Ya’ni, iymonning o‘zi emas iymonda bardavom bo‘lish soatma-soat ziyoda bo‘lib boradi.

3. Mo‘minlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bir mo‘jizalarini ko‘rganlaridan so‘ng yana boshqa bir mo‘jizalarini ko‘rgan vaqtlarida ixloslari yanada ziyoda bo‘lib boradi.  

Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Vasiyat” asarida shunday degan: “Iymonning ziyoda bo‘lishi kufrning nuqsoni bilan, iymonning noqis bo‘lishi esa kufrning ziyodaligi bilan deb tasavvur qilinmaydi. Chunki qanday qilib bir kishi bir holatning o‘zida ham mo‘min, ham kofir bo‘lishi mumkin. Kofir shak-shubhasiz kofir bo‘lganidek, mo‘min shak-shubhasiz mo‘mindir”.

 

Keyingi mavzu:

Gunoh sababli kufrga hukm qilmaslik bayoni

 

[1] Baqara surasi, 277-oyat.
[2] Toha surasi, 112-oyat.
[3] Komil iymon va iymon haqiqati orasidagi farq shuki komil iymon egasiga do‘zaxdan najot topib jannatga kirish va’dasi berilgan.  Iymon haqiqati bor kishiga esa do‘zaxda abadiy qoldirilmaslik va’dasi berilgan.
[4] Baqara surasi, 177-oyat.
[5] Yusuf surasi, 17-oyat.
[6] Nahl surasi, 106-oyat.
[7] Anfol surasi, 2-oyat.
[8] Fath surasi, 4-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   4570   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.