Cavol: Odamlar orasida balog‘atga yetmagan yosh bolaning yaxshi amallari savobi ota-onasiga yoziladi degan gap bor. Shu gap to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqda “E’lous sunan” kitobida bunday deyiladi: “To‘rt mazhab imomlari yosh bola qilgan toatlari uchun savob olishi va bu uchun unga yaxshiliklar yozilishiga ittifoq qilishgan. Ammo uning savoblari faqat o‘ziga bo‘ladimi yoki uning ajri kamaymagan holda ota-onasiga ham yoziladimi degan masalada turli fikr aytib, dalillar kelgani uchun ikkinchi fikr (ota-onaga ham savob bo‘lishi)ni ustun ko‘rishgan”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari ham buni qo‘llaydi: “Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi, faqat uch narsa tufayli uning noma’i a’moliga savob yozib turiladi: Sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).
Demak, har ikki qarashga ko‘ra ham farzandlarini yaxshilikka yo‘llagan, chiroyli ta’lim-tarbiya bergan ota-onalar savob oladilar, Alloh taoloning fazli kengdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
حدثنا العباس الدوري نا يعلى بن عبيد نا موسى هو الجهني عن مصعب بن سعد عن أبيه قال: جاء أعرابي النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: يا رسول الله: علمني كلاما أقوله قال :”قل لا إله إلا الله وحده لا شريك له الله أكبر كبيرا والحمد لله كثيرا وسبحان الله رب العالمين لا حول ولا قوة إلا بالله العزيز الحكيم“. قال: هؤلاء لربي فما لي قال: قل: اللهم اغفر لي وارحمني واهدني وارزقني.
Mus’ab ibn Sa’d otasidan rivoyat qiladi: “Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning oldilariga kelib: “Ey, Allohning Rasuli, menga bir kalimani o‘rgating, men uni aytib yuray”, dedi.
“Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, Allohu akbar kabiyro, valhamdulillaahi kasiyro, subhaanallohi Robbil ’aalamiyn, laa havla va laa quvvata illaa billaahil ’aziyzil hakiym”, deb ayt! dedilar.
U: “Bular Alloh uchun, men uchunchi?” dedi. “Allohummag‘firliy, varhamniy, vahdiniy, varzuqniy”, degin”, deb aytdilar”.
Kalima va duoning ma’nosi: Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘q. Alloh buyukdir, eng buyukdir, Allohga ko‘p hamd bo‘lsin. Olamlar Robbi pok deb yod etaman. Kuch ham, quvvat ham faqat Azizu Hakim Alloh bilandir.
Allohim, meni mag‘firat qil, menga rahm qil, meni hidoyatga boshla va menga rizq bergin.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi