Cavol: Odamlar orasida balog‘atga yetmagan yosh bolaning yaxshi amallari savobi ota-onasiga yoziladi degan gap bor. Shu gap to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqda “E’lous sunan” kitobida bunday deyiladi: “To‘rt mazhab imomlari yosh bola qilgan toatlari uchun savob olishi va bu uchun unga yaxshiliklar yozilishiga ittifoq qilishgan. Ammo uning savoblari faqat o‘ziga bo‘ladimi yoki uning ajri kamaymagan holda ota-onasiga ham yoziladimi degan masalada turli fikr aytib, dalillar kelgani uchun ikkinchi fikr (ota-onaga ham savob bo‘lishi)ni ustun ko‘rishgan”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari ham buni qo‘llaydi: “Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi, faqat uch narsa tufayli uning noma’i a’moliga savob yozib turiladi: Sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).
Demak, har ikki qarashga ko‘ra ham farzandlarini yaxshilikka yo‘llagan, chiroyli ta’lim-tarbiya bergan ota-onalar savob oladilar, Alloh taoloning fazli kengdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا العباس بن محمد الدوري نا يعلى نا موسى عن مصعب بن سعد عن أبيه سعد بن مالك قال: كنا جلوسا عند رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: ”أيعجز أحدكم أن يكسب في اليوم ألف حسنة“. قال: فسأله سائل من جلسائه: كيف يكسب أحدنا يا رسول الله كل يوم ألف حسنة قال: ”يسبح مائة تسبيحة يكتب له ألف حسنة أو يحط عنه ألف خطيئة.“
Mus’ab ibn Sa’d otasi Sa’d ibn Molikdan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik.
Shunda u zot: “Sizlardan biringiz bir kunda mingta yaxshilik qilishga ojizmi?” dedilar.
U zot bilan birga o‘tirganlardan biri: “Yo Allohning Rasuli, qanday qilib har birimiz bir kunda mingtadan yaxshilik qila olishimiz mumkin?” deb so‘radi.
“Yuzta tasbeh (“Subhanalloh” deb) aytsa, unga mingta savob yoziladi yoki undan mingta xato o‘chiriladi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi