Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ رَزَقَهُ اللهُ امْرَأَةً صَالِحَةً فَقَدْ أَعَانَهُ عَلَى شَطْرِ دِينِهِ، فَلْيَتَّقِ اللهَ فِي الشَّطْرِ الْبَاقِي. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ وَالْحَاكِمُ.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimni Alloh soliha ayol bilan rizqlantirgan bo‘lsa, batahqiq, unga dinining yarmiga yordam beribdi. (Endi) ikkinchi yarmida Allohga taqvo qilsin», dedilar (Tobaroniy va Hokim rivoyat qilganlar).
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ تَزَوَّجَ فَقَدِ اسْتَكْمَلَ نِصْفَ الْإِيمَانِ فَلْيَتَّقِ اللهَ فِي النِّصْفِ الْبَاقِي. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim uylansa, batahqiq, iymonining yarmini mukammal qilibdi. Qolgan yarmida Allohga taqvo qilsin», dedilar (Tobaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
Hatto, zohiriy mazhabdagilar o‘z odatlaricha tushunib, mo‘tadil paytda nikoh farz bo‘ladi, deyishgan. Lekin hamma dalillarni yaxshilab o‘rganib chiqqan ulamolar jumhuri nikohning shar’iy hukmi haqida quyidagilarni aytganlar:
Nikoh shariatga Qur’oni Karim, sunnati Nabaviya va Islom ummatining ijmo’i orqali kirgan:
1. Alloh taolo Qur’oni Karimning bir necha oyatlarida mo‘min‑musmonlarni nikohda bo‘lishga, uylanishga, oila qurishga amr etgan. O‘sha oyatlardan ba’zilarini yuqorida o‘rganib o‘tdik.
2. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ko‘plab hadisi shariflarida nikohga targ‘ib qilganlar.
Ulardan ba’zilarini o‘rgandik, qolganlarini, inshaalloh, yana o‘rganamiz.
3. Islom ummati, ulamolar jumhuri nikoh zarur ekaniga doimo ittifoq qilib kelishgan.
Kishilarning turli holatlariga qarab, nikohda bo‘lishlari hukmi ham turlicha bo‘ladi.
1. Farz-vojib.
Agar bir inson nikohli bo‘lmasa, zinoga borishiga ishonib yetsa va nikohga ketadigan sarf-xarajatga ega bo‘lgach, nikohdagi sherigiga zulm qilmasdan, haqqini ado etishiga ishonsa, bunday odamga nikoh farz-vojib bo‘ladi. Chunki musulmon kishining o‘z iffatini saqlashi, harom ishdan tiyilishi vojibdir.
Islom shariatida «vojib narsani ado etish uchun kerak bo‘lgan narsani qilish ham vojibdir» degan qoida bor. Bu yerda ana shu qoidaga amal qilinadi.
Kishi o‘z iffatini saqlashi, harom ishga bormasligi vojib. O‘sha vojibni qilish uchun nikoh – uylanish lozim. Demak, u odam uchun uylanish – oila qurish vojib bo‘ladi.
2. Harom.
Agar bir inson nikohlanib, o‘zining nikohidagi sherigiga zulm qilishi va zarar yetkazishiga ishonib yetsa, bunday odam uchun oila qurish harom bo‘ladi.
Bu holatda Islom shariatining «haromga olib boruvchi narsa ham haromdir» degan qoidasi ishga tushadi. Birovga zulm qilish, zarar yetkazish – harom. O‘sha zulm va zarardan iborat harom ish nikoh tufayli sodir bo‘lishi aniq bo‘lganligi uchun, bu holatda unga olib boradigan yo‘l – nikoh ham harom bo‘ladi.
3. Makruh.
Agar bir inson nikohlansa, o‘zining nikohdagi sherigi – jufti haloliga nisbatan zulm va zarar kelishidan qo‘rqsa, ammo to‘liq ishonmasa, bunday odam uchun nikoh makruhdir.
4. Sunnati muakkada.
Mo‘tadil inson uchun, zinodan qo‘rqmaydigan, oila qursa, jufti haloliga zulm qilishdan, zarar yetkazishdan ham qo‘rqmaydigan kishi uchun oila qurish sunnati muakkadadir.
Oyat va hadislarning ko‘pchiligida bayon etilgan, hukmi aytilgan holat kishilar orasida ommaviy suratda uchraydigan mana shu holatdir.
Nikohning, oilali bo‘lishning sunnati muakkada ekaniga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylanganlari va nikohda bardavom bo‘lganlari, sahobai kiromlar va keyingi avlodlarning uni mahkam ushlaganlari dalildir. Hanafiylar: «Bu sunnati muakkada vojibga teng», deydilar.
Kim bu ishni qilmasa, tarki sunnat qilgan hisoblanadi.
5. Muboh.
Uylanishga rag‘bat qildiruvchi narsalar ham, undan man qiluvchi narsalar ham bo‘lmagan holda nikoh muboh bo‘ladi.
Ushbu zikr qilingan narsalardan nikoh – oila qurish dinimiz targ‘ib qilgan ibodat ekanini bilib oldik. Erdir, ayoldir – har bir musulmon oila qurishdek mas’uliyatli ishdan chetda tura olmaydi. Ammo, bu ishga kirishishdan oldin har bir inson oila nima ekanini, u nima uchun va qaysi asosda qurilishini yaxshi bilib olmog‘i kerak.
Islom ta’limotlari bo‘yicha, oila quyidagi asos va maqsadlarda quriladi:
1. Oila Alloh taoloning roziligini topish, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning axloqlari, islomiy odoblar bilan o‘zini ziynatlash uchun quriladi. Bu odob va axloqlar oiladan tashqarida bo‘lishi mumkin emas. Misol uchun, mehribonlik, halimlik, adolat va o‘zaro yordamni olib ko‘raylik. Aslida, oila oliymaqom axloq namunalarining namoyon bo‘lishi, mustahkamlanishi uchun asosiy makon emasmi? Agar oila bo‘lmasa, bu narsalarga ko‘ngildagidek erishib bo‘ladimi? Boshqa odob va axloqlarni ham shunga taqqoslash mumkin. Alloh taoloning oyatiga amal qilib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga ergashib oila qurmoqdaman, deb niyat qilgan odam haqiqiy ibodatni ado etgan bo‘ladi.
2. Oilaviy hayotdan, er‑xotinlik aloqasidan sharafli maqsadlar ko‘zda tutilishi kerak. Oilaga eru xotinga ulug‘ va sharafli mas’uliyatlarni yuklovchi go‘zal bir hay’at deb qarash lozim.
Eru xotin o‘sha mas’uliyatlarni ado etish uchun himmatlarini oliy qilib, osonlik va qiyinchilik, kenglik va torlik vaqtlarida ham o‘zaro hamkorlik qilishlari kerak. O‘z oilalarini mustahkam qilib, oliyjanob farzandlar yetishtirib, ummat uchun, vatan uchun foydalar keltirishga harakat qilishlari kerak. Bu esa, o‘z navbatida har kim o‘ziga yuklatilgan vazifalarni iymon asosida, vijdonan ado etishini taqozo qiladi.
3. Eru xotin orasidagi oilaviy aloqa muhabbat, taqdirlash, o‘zaro tushunish asosida bo‘lishi kerak.
Nikoh aloqasi ruhiy otifa – ko‘ngil aloqasidir. Bu aloqa abadiy va bardavom aloqadir. Shuning uchun ham bu aloqa muhabbat, rahm-shafqat asosida bo‘lishi lozim. Har bir odam ana shu ma’nolarni o‘ziga singdirib olgan holdagina oila qurishga harakat boshlashi kerak.
«Baxtiyor oila» kitobidan
Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati